У — oʻzbek Kirill alifbosining yigirma birinchi harfi; nutq tovushlari tizimida lablashgan, tor, til orqa unlini, shuningdek, alohida soʻzni — kishilik yoki koʻrsatish olmoshi hisoblangan U soʻzini ifodalaydi. Ushbu harf ifodalagan fonema rasmiy yozma adabiy tilda til orqa fonemasi deb qabul qilingan boʻlsada, ogʻzaki nutqda hamda oʻzbek tilining qipchoq va boshqa bir qancha shevalarida uning 2 varianti: tor, til oldi, lablashgan U tovushi bilan tor, til orqa, lablashgan U tovushi mustaqil fonemalar sifatida qoʻllanadi (gul — mashgʻul, kul — qul soʻzlaridagi U tovushini qiyoslang) va baʼzan maʼno farqlash uchun xizmat qiladi: tut (ushlab ol) — tut (meva), un (tovush) — un (yanchilgan gʻalla). Bu harf soʻz boshida (un, uzum, ulfat) va soʻz oʻrtasida (urugʻ, urush, yozuvchi) faolroq qoʻllanadi, biroq soʻz oxirida kamroq uchraydi (orzu, kakku). Turkiy xalqlar, shu jumladan, oʻzbek xalqi uchun umumiy boʻlgan yozuvlarda U harfi oʻziga xos shakllarga ega boʻlgan. Ular quyidagi jadvalda keltirildi.

U — Qad. Xitoyda Xan sulolasi parchalanishi natijasida vujudga kelgan Sango (Uch podsholik) davri shohliklaridan biri (222—280). Xitoyning jan. va jan.-sharqiy hududlarini (Yanszi daryosining oʻrta va quyi oqimi va undan janubidagi yerlar) qamragan. Poytaxti — Szanye shahri (hozirgi Nankin). U ga Xan saltanati sarkardasi Sun Syuan asos solgan. Vey va Shu podsholiklari bilan uzok, muddat urushlar olib borgan. Yue qabilalarini mustamlaka qilish maqsadida ularga qarshi bosqinchilik yurishlari uyushtirgan. 280 yil Gʻarbiy Szin imperiyasi tarkibiga kirgan.