Atsetilxolin (Acetylcholinum) — СH3CO2CH2CH2N(СH3)3 Yuksak fiziologik taʼsirga ega biologik amin, xolinning atsetat efiri, rangsiz organik modda, mediatorlardan biri. Nervda va neyromuskullar sinapsida hosil boʻladi. Kimyoviy toza Atsetilxolin asosan tuz holida uchraydi. Havoda turishi bilan namlanib suyuqlanadi. Suv, spirt va xloroformda yaxshi eriydi, efirda erimaydi. Umurtqali va koʻpchilik umurtqasiz hayvonlarning toʻqimalarida boʻladi. Nerv sistemasi faoliyatida katta oʻrin tutadi. Atsetilxolinning biologik funksiyasi nerv uchlaridan impulsni muskullarga va sinapelarda qoʻzgʻalishni oʻtkazish bilan bogʻliq. U doimo nerv uchlarida sintezlanib, impuls oʻtkazilgach atsetil xolinesteraza fermenti taʼsirida parchalanadi. Atsetilxolin xolinergik neyrotransmitter sifatida taʼsir koʻrsatadi, muskullar qisqarishini qoʻzgʻatadi. Hayvonlar organizmiga Atsetilxolin kiritilsa, yurak urishi susayadi, qon bosimi pasayadi, meʼda va ichak faoliyati tezlashadi. Atsetilxolin baʼzi tomir kasalliklarida, miya tomirlari spazmi, oyoq-qoʻl tomirlari emboliyasi, shuningdek paroksizmal taxikardiyada qoʻllaniladi[1].

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil