Fridrix Vilgelm Nitsshe (nemischa: Friedrich Wilhelm Nietzsche, [ˈfʁiːdʁɪç ˈvɪlhəlm ˈniːtsʃə]; 15-oktabr 1844, Rekken, Saksoniya — 25-avgust 1900, Veymar) — nemis faylasufi, hayot falsafasi namoyandasi. Protestant ruhoniysi oilasida tugʻildi, taqvodorlik muhitida oʻsdi. Gimnaziyadagi doʻstlari uni „ibodatxonadagi 12 yoshli Iso“ga oʻxshatib, „mitti pastor“ deb atashgan. Nitsshe Injildan parchalarni va cherkov qoʻshiqlarini taʼsirchan ijro etgan. 10 yoshidan sheʼrlar ham yoza boshlagan. Bonn va Leypsig shaharlarida taʼlim oldi (1864—1868). Bazel universitetining professori boʻlib ishlagan (1869—1878). Kasalligi tufayli universitetdagi ishini tashlab ketishga majbur boʻldi. 1871-yildan Nitsshening salomatligi yomonlashib, qattiq bosh ogrigʻiga uchraydi. 1888-yilda falaj boʻlib qoladi, koʻp oʻtmay aqli zaiflasha boshlaydi. Singlisi Elizabet Fyorster-Nitsshe unga oʻlimiga qadar mehribonlik koʻrsatadi, vafotidan soʻng esa Nitsshening ijodiy merosi haqida qaygʻuradi. Nitsshe kasalmand, odamlarga qoʻshilisha olmaydigan, noqulay inson edi. U oʻzi xayolan yaratgan ideal inson timsoliga butkul berilib, tanxolikda yashashni afzal koʻrardi.

Fridrix Vilgelm Nitsshe
Tavalludi 15-oktyabr 1844-yil
Vafoti 25-avgust 1900-yil(1900-08-25)
(55 yoshda)
Fuqaroligi Prussiya qirolligi[1] va [1]
Olgan taʼsirlari Dostoevskiy, Emerson, Goethe, Kant, Aflotun, La Rochefoucauld, Schopenhauer, Pascal, Wagner, Darwin, Burckhardt, Stendhal, Spinoza
Otasi Carl Ludwig Nietzsche

1872-yil Nitsshening „Musiqa ruhidan fojianing tugʻilishi“ deb atalgan 1-kitobi bosilib chiqdi. Bunda u borliqning 2 asosini — bir tomondan, „hayotiylik“, „maishat“ va „fojiaviylik“ni va 2-tomondan, „mushohadaviylik“, „mantiqiylik“, „bir tomonlama intellektuallik“ni oʻzaro qarama-qarshi qoʻygan. Bu kitobni zamondoshlari gʻayriilmiy asar sifatida rad etishdi. Nitsshe 1873—1876-yillarda yozilgan „Bemavrid mulohazalar“ida D. F. Shtraus va tarixiylik tarafdorlarini keskin tanqid qilib, ayni vaqtda faylasuflardan Shopengauer va Rihard Vagnerni ulugʻlaydi. Biroq koʻp oʻtmay, Nitsshening Vagnerdan ixlosi qaytadi.

Nitsshening mashhur asari „Zardoʻsht tavallosi: hamma uchun va hech kimga atalmagan kitob“dir (1 qismi — 1883, 1-toʻliq nashri 1892-yilda chiqqan). Oʻzining bu asarini Nitsshe „insoniyat qoʻlidagi kitoblar ichida eng terani“, deb hisoblagan. Nitsshe oʻzini insoniyat imkoniyatlari chegarasidan tashqariga chiqqan ongni oʻzida mujassamlashtirgan Zardusht bilan tenglashtirgan. Nitsshe „Hokimiyatga intilish“ kitobini oʻzining asosiy dasturiy asariga aylantirishni oʻylagan edi. Lekin Nitsshe uni tayyorlash jarayonida tugʻilgan bir qancha fikrlar va hikmatli soʻzlarnigina yozib qoldirdi. Kitobni E. Fyorster-Nitsshe va P. Gast takomiliga yetkazib, 1906-yildagina nashr etishga muvaffaq boʻldilar.

Nitsshe falsafasiga Shopengauerning volyuntaristik metafizikasi va Darvinning yashash uchun kurash qonuni katta taʼsir koʻrsatdi. Bu taʼlimotlarga asoslangan Nitsshe barcha soxta, chirkin, hayotga dushman boʻlgan narsalarni yoʻq qilishga tayyor turuvchi yangi inson idealini yaratishga intildi. Uning falsafasi yaqinlashib kelayotgan falsafiy nigilizm oʻrnini egallashi lozim edi. Nitsshe xristianlikka qarshi kurashdi va „qullik axloqi“ni xristianlikning mahsuli deb baholadi. U burjuaziyaga qarshi edi, bu sinf axloqini soxta axloq deb bildi. Nitsshechilikning metafizik gʻoyasi „barcha mavjudotlar, shu jumladan, inson ongida ham hokimiyatga intilish shakli namoyon boʻladi, hech qanday mutlaq hayot yoʻq, hamma narsa mangu qaytarilishga mahkum“ degan fikrda mujassamlashgan. Nitsshe falsafaga „hokimiyatga intilish“ gʻoyasidan tashqari, „barcha qadriyatlarni qayta baholash“, „odamlarning yangi nayeli?“, „ideal inson“ tushunchalarini kiritdi.

Nitsshe yangi uslubiy shakllarni topgan tanqidchi va shoir, aforizmlar ustasi edi. Nitsshe falsafasining sofistika shakli uni tushinishni qiyinlashtiradi.

Undan keyin yashagan faylasuflarning uqtirishicha, Nitsshe falsafasida uzil-kesil haqiqat, eʼtiqod deb qabul qilish mumkin boʻlgan qoidalar yoʻq[2].

Asarlari tahrir

  • „Tarixning hayot uchun foydasi va zarari toʻgʻrisida“ (1874),
  • „Shopengauer murabbiy sifatida“ (1874),
  • „Rihard Vagner Bayretda“ (1875—76),
  • „Erkin tafakkur sohiblari uchun qoʻllanma“ (1876—78),
  • „Tong yalligʻi“ (1881),
  • „Quvnoq bilim“ (1882),
  • „Yovuz donishmandlik: hikmatlar va dono soʻzlar“ (1882—85),
  • „Axloqning mohiyati“ (1887).

Adabiyot tahrir

  • Галеви Д., Жизнь Фридриха Ницше, M., 1991;
  • Цвейг С., Вчерашний мир, M., 1991.

Manbalar tahrir

  1. 1,0 1,1 (unspecified title)
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil. Saida Joʻrayeva.