Levirat (lot. levir — qayni, erning ukasi), yesir olish — qad. nikoh odatlaridan biri, beva qolgan yanganing qaynisiga erga tegishi. Koʻpchilik xalqlarda urugʻchilik tuzumi davrida tarqalgan boʻlib, Kavkaz, Oʻrta Osiyo xalqlari, yahudiylar va boshqalarda ham saqlanib qolgan. L. odati boʻyicha uka uylanmagan boʻlsa ham marhum akaning beva (yesir) qolgan xotiniga uylanishi shart boʻlgan. Ayni chokda uka oʻlsa aka uning bevasiga uylangan. Oʻzbeklarda "Aka oʻlsa yanga meros, uka oʻlsa kelin meros" maqolida ham yuqoridagi mazmun aks etgan. Bevani uyiga qaytarib yuborish voha oʻzbeklarida ayb sanalgan. Bevani begonaga uzatishni oʻzlariga uyat hisoblashgan. Agar beva rozi boʻlmasa majburlab roziligini olish hollari ham uchragan. Marhumning bevasi, mol-mulki, farzandlari tarbiyasi begona erkak qoʻliga oʻtib ketmasligi va hali uylanmagan uka qalin toʻlab, ortiqcha sarf-xarajat qilib uylanmasligi uchun nikohning L. shakliga ruxsat berilgan. L. nikoh shakli 20-asrdan soʻng, xalqimiz turmushidan butkul chiqib ketgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil