Limfa sistemasi (lotincha: systema lymphaticum) — odam va umurtqali hayvonlarda toʻqima va aʼzolardan limfa olib ketib, venoz sistemasiga quyadigan kapillyarlar va boshqa tomirlar, tuzilmalar. Odamning limfa sistemasi — limfa kapillyarlari turi, limfa tomirlari chitali, limfa tugunlari hamda ikkita limfa yoʻlidan tashkil topgan. Limfa sistemasi toʻqimalararo suyuqlikning ortiqchasini chiqarish va uni venoz oqimga qayta oʻtkizishda, toʻqimalardan kapillyar qon tomirlarga soʻrilmagan oqsil moddalar, kolloid eritmalarning oʻzlashtirilishida qatnashadi. Limfa sistemasi yuraktomir sistemasiga kiradi. Limfa kapillyarlari bosh qismi berk sirtmoq va boʻrtmalar hosil qiluvchi turli shakldagi naychalardan iborat. Ular bosh va orqa miya, taloq, togʻay, koʻz oqi hamda gavhari va platsentadan tashqari barcha aʼzolarda mavjud. Limfa kapillyarlarining diametri qon tomir kapillyarlarnikidan bir necha marta ortiq. Ular devori yuqori oʻtkazuvchanlikka ega. Limfa kapillyarlari toʻridan limfa tomirlari shakllanib, ularda limfa oqimini yoʻnaltirib turadigan klapanlar (qopqoqchalar) boʻladi. Limfa tomirlari qovuzloqli chigallar hosil qiladi. Bu chigallardan aʼzolar ichidagi limfa tomirlari shakllanib, ular aʼzodan chiqadigan limfa tomirlariga aylanadi. Har bir ichki aʼzoda yuza va chuqur joy-lashgan limfa tomirlari farq qilinadi. Odam tanasida ham teridan, teri osti yog qatlami va fassiyalardan boshlanuvchi yuza limfa kapillyarlari bor. Chuqur limfa tomirlari suyak, suyak ust pardasi, boʻgʻimlar, muskullar, nervlar va qon tomirlardan kapillyarlar bilan boshlanadi. Limfa tomirlari tegishli joylarda yoʻgʻonlashib, limfa tugunlarini hosil qiladi. Toʻqima suyuqligining bosimi, limfa yigilishi hamda gavda muskullarining qis-qarishi tufayli limfa Limfa sistemasi boʻylab harakatlanadi. Aʼzodan tashqaridagi limfa tomirlari yaqinda joylashgan limfa tugunlariga quyiladi.[1]

Odamning limfa sistemasi

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil