Mehrigiyoh, mandragora (Mandragora) — Solanaceae oilasiga (ituzumdoshlar) mansub koʻp yillik oʻtlar turkumi. Barglari yirik, tuxumsimon, yaxlit, boʻyi 80 sm cha. Gullari sargʻish-yashil, zangori, binafsha yoki oq, yakka. Mevasi — toʻq sariq, dumaloq, yirik rezavor-meva. Oʻrta dengiz sohillari va Himolay hududida 5 turi, Turkmanistonda bir turi usadi. Organlari tarkibida alkaloidlar (giossiamin, skopolamin va boshqalar) bor. Undan tayyorlanadigan preparatlar organizmdagi ogʻriqni qoldirish uchun ishlatiladi.[1]

Oʻzbekistonda dorivor oʻsimlik sifatida Oʻzbekiston FA Botanika ilmiy ishlab chiqarish markazining botanika bogʻida oʻstiriladi. Uni koʻpaytirish yoʻllari ishlab chiqilgan.[2]

Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekistonimiz turli-tuman oʻsimliklarga nihoyatda boy. Soʻnggi ma’lumotlarga qaraganda, yurtimizda ularning 4500 turi aniqlagan. Ma’lumki, nabotot olami oʻziga xos sir-sinoat va xosiyatga ega. Ana shunday oʻsimliklardan biri “mehrigiyoh” boʻlsa, ikkinchisi “jenshen”dir.

Bu ikkala oʻsimlikning bir-biriga oʻxshash tomoni nimada, degan savol tugʻilishi tabiiy. Darhaqiqat, “mehrigiyoh” qanday oʻsimlik, uning “jenshen”dan farqi nimada?

“Mehrigiyoh” haqida qadimdan turli afsona va rivoyatlar yuradi. Uning ildizini kavlash oʻlimga mahkum etilgan odamlargagina buyurilgan. Sababi, “mehrigiyoh” ildizini kavlagan odam oʻsha zahotiyoq jon taslim qiladi. Bejizga yunon olimi Feofrast “Oʻsimliklar haqida tadqiqotlar” kitobida “mehrigiyoh” ildizini kavlashdan avval quyidagi amallarni bajarishni tavsiya qilmagan: “Avvalo, qilichingizni oʻsimlik atrofida uch bora aylantiring, soʻng yuzingizni kun botish tarafga burib, oʻsimlikni shartta kesib tashlang. Ikkinchi tupini kesishdan avval oʻsimlik atrofida raqs tushib, afsun oʻqing”.

Qadimgi qoʻlyozma manbalarda “mehrigiyoh” ildizini kavlashning bir qancha usullari ham keltirilgan. Unga koʻra, oʻsimlik atrofi ehtiyotkorlik bilan kavlab olinib, ildiziga tizimchaning bir uchi, ikkinchi uchi esa och qolgan it dumiga bogʻlab qoʻyiladi. Itdan ancha nariga bir boʻlak goʻsht tashlanadi. Goʻshtning isini sezgan jonivor oʻsha tomonga talpinadi. Natijada, goʻshtni yeyish uchun olgʻa intilgan it oʻsimlik ildizini sugʻurib oladi. Ildizi yerdan sugʻurilayotgan chogʻda oʻsimlikdan taralgan chinqiriq ta’sirida it til tortmay oʻladi.

Bu afsona Uzoq Sharq oʻlkalari — Xitoy, Yaponiya, Koreya va Amur daryosi oʻzanlarida oʻsadigan “jenshen” oʻsimligi bilan chambarchas bogʻliq. Bundan 4000 ming yil muqaddam “jenshen” Sharq tabobatida juda muhim oʻrin tutgan. Xitoylik tabiblar uning yordamida turli xil xastaliklarni davolashgan, keksalarga eliksir sifatida iste’mol qilishni buyurishgan. Qadimgi farmakologiya kitoblarida oʻsimlikning ildiz sharbati oʻlim talvasasida yotgan odam-da tetiklik baxsh etishi qayd etiladi. Xitoy tabiblari “jenshen”ning ajoyib xususiyatlarini oʻziga usullar yordamida ham aniqlashgan. Masalan, XI asrlarda giyohning kuchi bir xil jismoniy tayyorgarlikka ega yigitlarni uzoqqa choptirish orqali sinab koʻrilgan. Shuningdek, “jenshen” Tibet tabobatida azal-azaldan gʻoyatda qadrlanar edi. Uni tabiblik bilan shugʻullanuvchi rohiblar uzoq yillar davomida begona koʻzlardan asrab kelishgan.

X asr boshlarida Oʻrta Osiyoliklar ham “jenshen” toʻgʻrisida eshitganlar. Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino asarlarida oʻsimlik haqida mufassal ma’lumot keltirilgan. “Jenshen” ildizining yana bir hayratlanarli xususiyati bor. Agar uning poyasi shamol, hayvon yoki boshqa biron-bir sababga koʻra sinib qolsa, ildiz chuqur uyquga kirarkan. Bu holatni terimchilar “Jenshen yerga kirib ketdi” deya talqin qilishadi. Ildizning uyqusi 20-yil, boring-ki undan ham koʻproq davom etishi mumkin. Uning yangi poya va barglari qulay sharoit tugʻilgandagina unib chiqadi. Qizigʻi shundaki, odam qiyofasiga oʻxshash “jenshen” ildizi boshqalariga qaraganda qimmatbaho sanaladi. Ildizning yoshi qancha katta boʻlsa, uning shifobaxshlik xususiyatlari ham shuncha koʻp boʻladi.

Hayotbaxshlik bobida “mehrigiyoh” ildizi ham “jenjen”dan sira qolishmaydi. Yuqorida qayd etilganidek, bu oʻsimlik xususida buyuk allomalarimiz Ibn Sino va Beruniy tomonidan qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Ularda “mehrigiyoh” “Yabrihus sanam” deb atalgan. Ibn Sino “Al-Qonun” kitobining II jildida oʻsimlikka batafsil toʻxtalar ekan, uning mohiyati, tabiati, xossalari, inson a’zolari – boʻgʻinlar, bosh, koʻz, oziqlantirish va boshqa a’zolarga ta’siri haqida shunday yozadi: “Haqiqatda bor boʻlgan Yabrihus qoramtir boʻlib, uvalanishga moyil va kust (oʻsimlik, muallif) kabi yirikdir... Tabiblardan uni varafiya deb atovchilar ham boʻlgan, ya’ni uni ildizi muhabbat hissini qoʻzgʻatuvchidir”.

Oʻz asarida ibn Sino “mehrigiyoh” ikki xil boʻlishligi qayd etgan. “Birinchisi urgʻochisi, deb tanilgan boʻlsa, rangi biroz qoraga moyildir. Unga rivqus, ya’ni qohu (oʻsimlik, muallif) “mehrigiyoh” deydilar. Chunki uning yaprogʻi qohu yaprogʻi bilan hamshakldir... Ikkinchi xili – “mehrigiyoh”ning erkagi, bu oq, silliq, yirik va enli boʻladi. Yaprogʻi lavlagi yaprogʻiga oʻxshashdir...”.

Botanikaga oid ilmiy manbalarda yozilishicha, oʻtgan asr oxirlarida yer yuzida mehrigiyohning uch turi ma’lum boʻlgan. Hozirgi paytda esa ularning soni 6 taga yetgan boʻlib, aksariyat Andalusiya, Italiya, Yunoniston, Himolay va Tibet togʻlarida oʻsishi ma’lum.[3][4] Markaziy Osiyoda ilk bor “mehrigiyoh” 1938-yili Turkmanistonning Kopetdogʻ togʻining gʻarbiy sarhadlarida topilgan. Barglari lavlagi yaprogʻini eslatuvchi, ildizi odam qiyofasiga oʻxshash, mevasi esa oʻzimiz bilgan pomidor mevasiga yaqin (oʻsimlik sistematik jihatdan ham unga yaqin) boʻlgan, mazasi esa pishib yetilgan qovunga oʻxshaydi. Quvonarli jihati shundaki, hozirgi kunda bu shifobaxsh oʻsimlik Oʻzbekiston Respublikasi FA “Botanika” IIChMning Botanika bogʻiga ajratilgan tajriba dalasida yosh botanik olimlar tomonidan ekib, oʻstirilmoqda.

Ha, ildiz tuzilishi odam qiyofasiga oʻxshash boʻlgan bu ikkala shifobaxsh oʻsimlikni insonlar bejizga hayot ildizlari, deb atashmagan. Aslida tabiatning oʻzi mohir yaratuvchi. Aynan inson qiyofasini ana shu oʻsimliklar ildizida aks ettirib, dardlardan xalos etib, hayot baxsh etgan[manba kerak].

Rasmlar tahrir

Manbalar tahrir

  1. Armando T. Hunziker: 'The Genera of Solanaceae' (o'zbek tilida: 'Ituzumdoshlarning Turkumi'). A.R.G. Gantner Verlag K.G., Ruggell, Liechtenstein 2001. ISBN 3-904144-77-4
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. Ungricht, Stefan; Knapp, Sandra & Press, John R. (1998). A revision of the genus Mandragora (Solanaceae). Bulletin of the Natural History Museum, Botany Series. 28 (1): 17–40.https://archive.org/stream/bulletinofnatura28natulond#page/26/mode/2up Olingan 8am 9/3/20
  4. Tu, Tieyao; Volis, Sergei; Dillon, Michael O.; Sun, Hang & Wen, Jun (2010). Dispersals of Hyoscyameae and Mandragoreae (Solanaceae) from the New World to Eurasia in the early Miocene and their biogeographic diversification within Eurasia. Molecular Phylogenetics and Evolution. 57 (3): 1226–1237.https://www.sciencedirect.com/science/article/abs/pii/S105579031000374X?via%3Dihub Olingan 8am 9/3/20