Televizor (TV) yoki oynayi jahon televizion signallarni qabul qilib, ularni tasvir va tovushga aylantirib beruvchi elektron qurilmadir.

1959 yilda Germaniyada chiqarilgan Braun HF 1 televizori.

Televizor (tele... va lot. viso — qarayman) — telestudiyadan uzatiladigan teleeshittirishlarning elektr signallari (telesignallar) ni qabul qilish, kuchaytirish hamda tasvir va tovushga aylantirish uchun moʻljallangan radioelektron qurilma. Rangli va oqqora, statsionar va koʻchma xillari bor. Televizion markazdan tarqatilgan elektr signallarini toʻlqinlarni qabul qiluvchi antenna tutib, kabel orqali televizorga uzatadi. Bunda tebranishlar kuchayadi, tasvir va tovush signallariga ajraladi, soʻngra kineskop va radiokarnayga oʻtadi. Generatorlar (satr yoyish va kadr yoyish generatorlari) vositasida kineskop ekranida televizion rastr hosil qilinadi. Oqqora televizorda tasvir signallari qora va yorugʻ elementlar koʻrinishida namoyon boʻladi. Qabul qilinadigan dasturlar soniga qarab, televizorlar bir, uch, besh, oʻn ikki, oʻttiz bir va boshqa kanalli boʻladi. Televizorda qabul qilish uchun metrli toʻlqinlar diapazonida ishlaydigan televizion kanallardan foydalaniladi. Detsimetrli diapazondagi dasturlarni qabul qilish uchun televizorlarga alohida moslama — konvertor qoʻyiladi. U detsimetrli signalni qabul qilib, chastotasini birinchi, ikkinchi yoki boshqa televizion kanal chastotasiga moslab beradi. Televizorlarning tuzilishi standartlashtirilgan. Ularning soddalashtirilgan sxemasi kanalning almashlab ulash bloki, tasvir va ovoz kanallari, sinxronlash kanallari, yoyuvchi blok va elektr quvvati bilan taʼminlovchi blokdan iborat. Telestudiyalar bir necha dasturni bir vaqtda uzatadi. Ulardan keragini koʻrish uchun televizorda sozlash blokidan foydalaniladi. Bu blok yuqori chastotali kuchaytirgich bilan tutashtirilgan boʻladi. Tasvir va tovush signallari bir-biridan farq qiladigan chastotalarda uzatilganligi uchun bu signallar kuchaytirilganidan soʻng yuqori chastotali tebranishlar ajraladi va boshqa-boshqa mustaqil kanallar boʻyicha ketadi. Tovush signallari tebranishlari tovush blokiga tushadi. Tasvir blokida detektor yuqori chastotali tebranishlardan tasvir signallarini ajratib oladi. Rangli televizorlarning tuzilishi ancha murakkab, ular oqqora televizorlardan ranglar kanali bloki va rangli kineskopi bilan farq qiladi. Rangli televideniye tizimi 3 kanalli boʻladi. Monoxrom tashkil etuvchilar — qizil (Q), koʻk (K) va zangori (3) ranglar rang qorgichida aralashadi, soʻngra uzatgich modulyatoriga oʻtadi. Tebranishlar qabul qilgichda qaytadan 3 chastota (Q, K va 3) kanaliga boʻlinib, rangli kineskopga oʻtadi. Sifat koʻrsatkichlari, ekranining oʻlchami va foydalanishga qulayligi boʻyicha televizor 4 sinfga boʻlinadi: I — III sinfdagisi — statsionar televizorlar, IV sinfdagisi — portativ (koʻchma) televizorlar. Odatda, televizor bosma montajdan keng foydalanilgan alohida konstruktiv bloklardan tuziladi. Televizorlarda, asosan, yarim oʻtkazgichli asboblar, integral platalar, tranzistorlar qoʻllaniladi. Ekrani tekis va elektrolyuminoforda ishlaydigan, juda katta va mitti ekranli televizorlar yaratilgan.