1992-1997-yillari Tojikiston oʻzining zamonaviy tarixida qonli fuqarolar urushiga guvoh boʻldi.

Tojikiston fuqorolar urushi(1992-1997-yillar)

Sanalar 1992-1997-yillar
Urush yeri Tojikiston
Raqiblar
Tojikiston bayrogʻi Tojikiston
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Rossiya bayrogʻi Rossiya
Birlashgan Tojikiston muholifati
Qoʻmondonlar
Rahmon Nabiev
Imomali Rahmonov
Islom Karimov
Said Abdullo Nuri
Umumiy yoʻqotishlar
20,000–60,000 oʻlimlar

XX asr dekolonizatsiya (kolonizatsiyaning parchalanishi) jarayonining ikki bosqichiga guvoh boʻldi: Ikkinchi Jahon Urushi yakunlangandan keyin va 1990-yillarda Sovuq Urush tugagandan soʻng. Har ikki bosqichda ham kolonial kuchlar ketgandan soʻng uchinchi dunyo mamlakatlarida etnik urushlar yuz berishi odat tusiga kirib qoldi. Tojikiston ham bundan mustasno emas.

Tojikiston oʻz mustaqilligini SSSR parchalanishi arafasida, 1991-yil 8-sentyabr kuni qoʻlga kiritgan edi. Bu Tojikiston tarixidagi ilk oʻzini mustaqil boshqaruvchi davlat boʻldi. Biroq mustaqillikdan koʻp oʻtmay Tojikiston yangi davlatning moʻrt ijtimoiy-iqtisodiy siyosati va tashqi kuchlar taʼsiri tufayli noroziliklar toʻlqini ostida qolib ketdi.

Kelib chiqish tarixi tahrir

Fuqarolar urushining tamal toshi 1989-yildayoq qoʻyib boʻlingan edi. Oʻsha yilning may oyida Tojikistonga armanlarning kelgani va ularga yangi uylar ajratilgani haqida mish-mishlar tarqaldi. 1989-yil yanvardagi kuchli zilzila natijasida Hisor tumanidagi minglab odamlar boshpanasiz qolishgan va tojik hukumati bu tabiiy ofat asoratlarini bartaraf etishda yetarlicha imkon topolmay qiynalayotgan edi. Tumanning Sharara qishlogʻi 17 metrli tuproq bilan koʻmilib qoldi, qishloqning butun 600 aholisi xalok boʻldi. Ayni yilda Armanistonda ham 25,000 kishining umriga zomin boʻlgan zilzila roʻy bergan edi. Moskva minglab uysiz qolgan armanlarni boshpana bilan taʼminlash maqsadida ularni butun Sovet Ittifoqi boʻylab tarqatib tashlash harakatiga tushib qoldi. Shu qatorida, koʻplab armanlar Tojikistonga ham evakuatsiya qilindi.

Fuqarolar urushining boshlanishi tahrir

 
Dushanbe voqealari. 1990-yil Fevral

Non yetishmasligi, shahar transportining toʻxatab qolganligi, kamiga armanlarni koʻchirilishi Dushanbe va boshqa shaharlarda isyonkor kayfiyatga sabab boʻldi. Ishsiz, norozi yoshlar koʻcha bezorilariga aylana boshladilar, ular hukumat binolariga toshlar bilan xujum qilib turishni odat qildilar. Tumanlardan ham ishsiz aholi oqib kela boshladi. Ishchilar va askarlardan tuzilgan himoya guruhlari hukumatga bezorilarga qarshi kurashda yordam bera boshlashdi. Bezorilar Tojikiston Markaziy Qoʻmitasini mamlakat boshqaruvi va iqtisodiyotni eplolmaslikda ayblardilar.

Keyinroq, saylovlardan bir necha kun oldin, yaʼni 1990-yil 11-14-fevral kunlari Dushanbe turli toʻqnashuvlar, mayda bezoriliklar va oʻgʻriliklar guvohiga aylandi. Tojik Davlat Universiteti rektori Dodajon Ismailov, "Tojiklarni doimo hushmuomala va mehmondoʻst xalq sifatida bilib kelishgan. Bu gʻalayonlar Kavkazdan kelgan bir xovuch qochoqlar tufayli koʻtarilayotganligiga ishonish qiyin"-degan edi. Keyinroq u : "Olomon ortida qandaydir kuchlar turibdi va ular barcha harakatlarni boshqarishmoqda. Shubha yoʻqki, bu shaxslar hokimiyatga shu yoʻl bilan kelishmoqchi. Bu toʻs-toʻpolonlar ayni Respublika Oliy Sovetiga saylovlar arafasida boshlangani esa fikrimni tasdiqlab turibdi. Ular qonuniy saylov jarayoniga halal berishmoqchi. Armanlar voqeasi shunchaki oʻzlarini oqlash uchun oʻylab topilgan. Shahar Partiya Qoʻmitasi Birinchi Kotibi D. Karimov bilan suhbatlashganimda, u, dushanbeliklar Armanistondagi zilzila tufayli koʻchirilgan qochoqlarni milliy mehmondoʻstlik anʼanalariga monanad tarzda kutib olishgani hamda ularga boshpanalar berishganini tasdiqlagan edi"-deya oʻz fikrini davom ettirgan edi.[1]

Boshqa bir manbaada keltirilishicha, keyinchalik vatanlariga qaytgan arman qochoqlari Tojikistonda roʻy berayotgan voqealar Sumgait va Boku hodisalari bilan deyarli bir hil ssenariyda ekanligini maʼlum qilishgan. Qochoqlar, shuningdek, tojiklar armanlarga nisbatan doimo xushmuomala boʻlishgani va oʻsha mash`um kunlarda ularni ekstremistlardan himoya qilishganini taʼkidlab oʻtgandilar. Yana bu manbaada Ozarbayjon Xalq Fronti (OXF) vakillari fuqarolar urushi boshlanishi arafasida Tojikistonga kelib, xalq orasida anti-arman tashviqotlarini oʻtkazganliklari borasida ham faktlar keltiriladi. OXF vakillari yoshlar oʻrtasida pul va narkotik moddalar tarqatib, ularni millatchilikka (avvalo armanlarga qarshi) hamda Islomiy davlat qurishga daʼvat qilishgan.

Yakov Royi shunday yozadi: "Toʻpalonlar ortida koʻpchilikni tashkil qilgan oʻrta qatlamdan foydalanib, hokimiyatga kelishni koʻzlagan kuchlar turishgan edi. Korrupsiya va jinoiy unsurlar millatchi guruh liderlari va radikal diniy rahnamolar bilan hamkorlikda harakat qilishdi. Shak-shubhasiz, anti-sotsialist, ekstremist va millatchi kayfiyatlar tojik jamiyatining eng katta kushandasi boʻldi. Oʻsha paytdagi vaziyat oʻziga dushman deb bilgan Sovet aholisi orasida nifoq urugʻini sochishga harakat qiluvchi qurollangan afgʻon muholifati aralashuvi tufayli yanada murakkablashib ketgan edi."

 
1997-yil. Fuqarolar urushi yakuniga yetgandan keyinggi holat

Tojikistondagi ziddiyat ildizlari ham ichki va ham tashqi omillarga borib taqaladi. 28-aprel 1992-yilda Afgʻonistondagi hokimiyat mujohiddinlar qoʻliga oʻtdi va atigi bir necha kundan soʻng, yaʼni 5-may kuni Tojikistonda fuqarolar urushi boshlanishiga ishora bergan ilk oʻqlar otildi. Prezident Gvardiyasi aʼzolari shu kuni Dushanbedan 20 km uzoqlikdagi Yavan va Leniniskiy qishloqlarida prezidentni qoʻllash uchun Koʻlobdan Dushanbe tomon yoʻl olgan tarafdorlar yoʻlini toʻsish uchun chiqqan mahalliy namoyishchilarga qarshi oʻt ochishdi. Muholifatchilar, oʻz navbatida prezident saroyi va televideniye nazoratini qoʻlga olishdi. Ular qon toʻkishni bas qilish va Leniniskiy-Yavanda prezident soqchilari tomonidan otilgan tinch namoyishchilar jasadlari muhrlangan video yozuvlarni milliy televideniye orqali xalqqa namoyish etib, adolatni tiklashni talab qilishdi. Tez orada Dushanbe boʻylab muholifat va hukumat tarafdorlari oʻrtasida koʻcha urushlari boshlanib ketdi. Muholifat liderlari Nabiyev va Kenjayevlar oʻgʻirlanib, Milliy Xavfsizlik Qoʻmitasi binosiga yashirib qoʻyiolgani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Muholifat prezident soqchilarini harbiy kiyimda, tez yordam mashinasiga mingan holda, shahar boʻylab terroristik aktlarni amalga oshirayotganlikda aybladi. Shu kuni tunda Dushanbega zirhli harbiy texnika kiritildi va 5 yilga choʻzilgan fuqarolar urushi boshlanib ketdi.

Fuqorolar urishi sabablari tahrir

Jahondagi xech bir ziddiyat oʻz-oʻzidan yuzaga kelib qolmaydi. Albatta, har bir muammoning tag zamirida bir qancha sabablar yotadi. Zamonamizda biror ziddiyatga sabab deb kimligi nomaʼlum „uchinchi tomon“ yoki „qora kuchlar“ ayblash odat tusiga kirib qolgan, aslida esa har bir muammoga sababni ichkaridan qidirish lozim. Biror davlatdagi qarama-qarshiliklar daraxt tanasidagi qurtga oʻxshaydi, ular davlatni ich-ichidan yemiradi, pirovardida butun mamlakatni qulatadi. Tojikistondagi milliy fojeaning asl ildizlari deb quyidagilarni keltirish mumkin:[2]

Etno-hududiy guruhlararo tarixiy aloqalar tahrir

Etnik tarixni oʻrganish davomida mamlakat topografiyasini sinchiklab koʻrib chiqish talab etiladi. Asosan togʻlardan iborat Tojikistonning topografiyasi esa mamlakatning turli hududlarida istiqomat qilayotgan odamlarning oʻzaro integratsiyasiga xalal beradi. Shu sababli Tojikistonda mahalliy aholisi bir-biridan farq qiluvchi toʻrt alohida hudud shakllanib qolgan: Soʻgʻd regioni, Qorategin va Hisor vodiysi, Xatlon hamda Togʻli Badaxshon avtonom viloyati. Bu regionlarni baland togʻ tizmalari ajratib turgani uchun ularda yashayotgan aholi deyarli oʻzaro qalin munosabatlarga ega emas. Mavjud vaziyat oʻz navbatida har bir regionda oʻziga xos etnik birliklar shakllanishiga sabab boʻlgan. Qoʻshimcha tarzda regionlardagi aholi va resurslarni noteng taqsimlanganligi ham alohidalikni yanada kuchaytirib yubordi. Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy mahalliychilik yoki tojiklar tili bilan aytganda "mahalgeriya" mamlakatda yahlit, kuchli tojik millati shakllanishi yoʻlidagi asosiy gʻov boʻldi.

Tojikistondagi turmush modeli ham jamiyatda mahalliychilik qay darajada ildiz otganligini koʻrsatadi. Masalan, Ismoiliylar faqat diniy alohidaligi emas, balki boshqa bir tilda soʻzlashganlari uchun ham quda-andachilik aloqalarida oʻz jamiyatlaridan tashqariga chiqmaydilar. Oʻzbek qizlari, odatda, tojiklarga turmushga chiqishmaydi.

Ruslar doimo oʻzlarini oliy irqqa mansub deb hisoblab kelganlar. Tojikistonda tugʻilib oʻsganlari tufayli Rossiya ruslaridan koʻra tojiklarga yaqinliklariga qaramay, Tojikiston ruslari hamda tub aholi orasidagi munosabat xech qachon iliq boʻlmagan.

Garm va qorateginliklar diniy aqidalarga koʻproq berilganliklari bilan ajralib turgan bir paytda, Soʻgʻd va Badaxshonning janubiy-sharqidagi qirgʻizlar xech kimga qoʻshilmaydigan alohida etnik guruhliklaricha qolib ketishaverdi. Badaxshonliklarning oʻzida esa butun tojik jamiyatini boshqarishga ishtiyoqmand Pomiriy kayfiyat xukmron edi.

Yuqorida sanab oʻtilgan omillar tufayli fuqarolar urushi boshlanishi bilan butun boshli tojik millati turli guruhlarga ajralib, bir-birining qonini toʻka boshladi. Aslida esa, tojik jamiyati allaqachon guruhlarga parchalanib ketgandi.

Sovetlar merosi tahrir

Har bir koloniya oʻzining sobiq boshqaruvchisidan yaxshi va yomon narsalarni meros qilib oladi. Shubha yoʻqki, Sovet boshqaruvi ostida Tojikiston jamiyati ijtimoiy va iqtisodiy tomondan oʻzining yuqori choʻqqisiga oʻrladi. Ayni hozirgi kundagi tojik jamiyatining siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatlari Sobiq Ittifoq davrida shakllangan edi. Kommunistlar tomonidan olib borilgan siyosat natijasida tojiklar oʻzlarining madaniy markazlari boʻlmish Samarqand va Buxorodan ajrab qoldilar, Tojikiston demografiyasi keskin oʻzgarishga uchradi, rus tili davlat hamda taʼlim tili sifatida millat ongiga majburlab tiqishtirildi. Kreml klanchilik koʻrinishiga ega milliy boshqaruv tizimini qoʻllab, milliy davlat qurishga boʻlgan har qanday intilishni yoʻqqa chiqardi.

Tojik elitalari faqatgina Moskvadan kelgan buyruqlarni bajarishdan nariga oʻtmasdilar. Tojikiston davlatining ijtimoiy, iqtisodiy hayotdagi, boshqaruvchilik, maʼorifsohalaridagi siyosati toʻgʻridan toʻgʻri Kremldan nazorat qilinar va tojiklar faqatgina ijrochi vazifasini oʻtashardi. Xuddi shu sababli SSSR parchalanishi arafasida, Ittifoqning boshqa respublikalarida boʻlganidek, Tojikistonda birorta mustaqil fikrli, professional siyosatchi mavjud emasdi. Tajribali siyosatchi liderlar yetishmasligi fuqarolar urushining va undan keying fojealarning asosiy sabablaridan biriga aylanib qoldi.

Region uzra nazoratni saqlab qolish maqsadida kommunistlar Britaniya Imperiyasi kabi "Boʻlib tashla, xukmronlik qil!" siyosatini qoʻllashdi va bu siyosatda ruslarning oʻzi muvozanatni saqlovchi rolini oʻtadi. Shu tariqa, shundoq ham tabiiy sabablar tufayli asrlar davomida alohidalikda yashab kelayotgan tojik millati aro mahalliychilik yanada avj oldi. Sovetlar taʼsiri ostida tarixchi va etnograf olimlar tojik millati azaldan mayda guruhlarga boʻlinib yashaganligi haqida asarlar yozdilar, bu asarlar maktablarda qoʻllanma sifatida oʻqitilib, yosh tojik avlodi ongiga mahalliychilik mafkurasi singdirib borildi. Bu koʻrinishdagi propogandalarning yirik namoyondalaridan biri tojik tarixchi olimi Bobojon Gʻofurov boʻlib, u tomonidan yozilgan „Tojik“ tarixiy kitoblar toʻplami 1960-yillarda maktablardagi standard qoʻllanma hisoblanardi. Bunday etnik kampaniya, albatta, sovet hokimiyati tomonidan ehtiyotkorlik bilan boshqarib borilardi. Milliy oʻzlikni anglashga boʻlgan har qanday urinish yoʻq qilinardi. „Milliy oʻzlikni anglash“ kampaniyasi bilan bir qatorda „ruslashtirish“ siyosati ham olib borildi: rus tili maktablarda asosiy oʻqitish tiliga aylantirildi, siyosiy hayotda norasmiy til darajasiga chiqdi. Mixail Gorbachevning oshkoralik siyosati tojik xalqining milliy oʻzligini anglash jarayoniga kuchli turtki berdi. Tojik intellegensiyasi oʻzlarini Eron va Afgʻonistondagi forslarga bogʻliqliklarini va tojik milliy mafkurasi Sovetlarnikidan ustunligini isbotlashga tushib ketishdi. Milliy-madaniy tashkilotlar oʻzlarining fors va musulmon oʻzliklarini tan oldirish uchun ateistik kommunistlar bilan jiddiy raqobatga kirishdilar. Biroq oʻzini boshqalardan ustun qoʻyish harakati aks taʼsir koʻrsatdi. Mamlakat hayoti deyarli Sovet Ittifoqi va qoʻshni davlatlarga qaram boʻlib, oʻzini qobiq ichiga oʻrab olgan tojiklarning rivojlanish uchun biror ish qilishlari amri mahol edi. Bu tez orada siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy boʻhronga olib keldi hamda tojik qavmlariaro ziddiyatlarga sabab boʻldi.

Qoʻshimcha ravishda BMT Bosh Kotibining 1993-yildagi hisobotida shunday deyilgan edi: "Tojikiston inqirozi nazorat etilmaydigan qurollar tufayli ham avj olmoqda. Afgʻonistondan Tojikiston orqali chiqib ketgan Sobiq Ittifoq qoʻshinlari tomonidan mamlakatda katta miqdorda qurol qoldirib ketilgan. Bundan tashqari Sovet Ittifoqi parchalangandan soʻng qarovsiz qolgan 1,387 kmli Tojik-Afgʻon chegarasidan ham noqonuniy qurollar kirishi ortib bormoqda."

Shunga ahamiyat berish kerakki, fuqarolar urushi davridagi qurollar tomonlarga sotilmagan, balki Saudiya Arabistoni, AQSH va Eron homiyligida Afgʻoniston orqali Pokistondan olib kelinib, tarqatilgan.

Ekstremizmning oʻsishi tahrir

Post-Sovet Tojikistoni davrida musulmon elitalari turli kategoriyalar ostida tashkil etildi. Birinchisi, Hizb ut-Tahrir kabi fundamentalist-ekstremistlar boʻlib, ular demokratik qadriyatlar va gʻarb madaniyatini tamomila rad etardilar. Ekstremistlar qonun sifatida shariatni, axloq sifatida islomiy normalarni birinchi oʻringa qoʻyish tarafdori edilar. Ikkinchisi, mullalar va Tojikiston Islomiy Uygʻonish Partiyasining baʼzi aʼzolari boʻlmish konservativlar boʻlib, ular qattiq tartibli ijtimoiy tartib oʻrnatish taraddudida edilar. Konservatorlar dunyoviylashuv va zamonaviylashuvning har qanday koʻrinishini rad etardilar. Uchinchisi, modernistlar hisoblanib, demokratiya va islom uygʻunlashuviga erishish uchun harakat qilishdi. Nihoyat soʻnggi kategoriya sekularistlar boʻlib, buning ichiga Tojikiston Xalq Demokratik Partiyasi aʼzolari, kommunistlar, sotsialistlar va demokratlar kirardi. Ular dinni siyosatdan ajratish tarafdori edilar. Shu bilan birga sekularistlar milliyatchilik va boshqa islomiy davlatlar bilan tashqi aloqani mustahkamlash uchun islomdan foydalanishga urinishdi.

Bu qarama-qarshi guruhlar ateistik kommunistlarga zimdan qarshi boʻlgan Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston kabi davlatlardan Afgʻoniston orqali koʻmak olib turdi. Dastaklovchilar asosan mintaqaga joylashib olishni maqsad qilib qoʻygandilar.

Mintaqaviy elitalarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy ustunligi tahrir

Azaldan Tojikistonda Oʻzbekiston va Rossiya koʻmagiga tayangan Xoʻjand elitasining taʼsiri kuchli boʻlgan. Sovet Ittifoqi parchalangandan soʻng mamlakatda xavfsizlik masalasi moʻrtlashdi. Mamlakatdagi hududiy elitalar bosh koʻtarib, yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib qolishga harakat qilishdi. Muholifat Xoʻjandning iqtisodiy muhimligini anglagan holda, bu hudud elitasining kuchsizlanishini istamadi. Lekin Xoʻjandliklar hali hokimiyat uchun tayyor emasdilar. Xoʻjand elitasi oʻzining siyosatda noqobilligini xis qilib, Tojikiston ichki ishlariga Oʻzbekiston va Rossiyani zimdan jalb qila boshladi. Xoʻjand elitasining yetakchilaridan biri prezident Nabiyevning bu siyosati, aksariyat tahlilchilarning fikricha, Tojik inqirozining asosiy sabablaridan biri boʻlgan.

Etnik oʻzlikni anglash tahrir

Tojikiston mustaqilligi boshqa Sobiq SSSR davlatlari kabi kurashilmagan, favqulodda imkoniyat kelib qolgan mustaqillik edi. Tojikistonda mustaqillik uchun intilish, kurashish u darajada kuchli boʻlmay, bunday mustaqillik milliy davlat qurish uchun asos boʻla olmas edi.

Davlatlar mustaqilligidan soʻng sobiq ittifoqchilar orasida milliy til va madaniyatni birinchi oʻringa qoʻyish uchun toʻsatdan kurash boshlandi. Siyosatshunos K.Varikuga koʻra: "Markaziy Osiyo boʻylab tashkil qilingan yangi siyosiy partiya va harakatlar nafaqat mahalliy aholining fuqaroviy, diniy va siyosiy talablarini ilgari surishmoqda, balki anti-rus kampaniyasini ham targʻib qilishmoqda." Tojikistonda bu kabi kampaniya Rastoxez Milliy Harakati tomonidan olib borildi. Ayniqsa Arman Voqeasi paytida Tojikiston koʻchalari millatchilikni tar`gib qiladigan milliy shiorlar va plakatlarga toʻlib-toshgan edi.

Bunday millatchi harakatlar tojiklarni muhim narsalardan chalgʻitdi, milliy davlat barpo etish, mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish lozim boʻlgan bir vaqtda, tojiklar, shovinistik mafkura bilan oʻralashib qoldilar.

Etnik saylovlar va tanlovlar tahrir

Rahmon Nabiyev 1991-yil noyabridagi saylovlarda rasman prezident etib saylangandan soʻng butun mamlakat boshqaruvi Xoʻjand va Koʻlobning sobiq kommunistlari qoʻliga oʻtib qoldi.

1992-yil 2-dekabridagi Xoʻjandda boʻlib oʻtgan Oliy Sovetning navbatdagi sessiyasida yangi kabinet tanishtirilganda hukumat aʼzolarining deyarli barchasi Tojikiston Kommunistik Partiyasidan, partiya aʼzolari esa Xoʻjand va Koʻlobdanligini koʻrish mumkin edi. Koʻlob klani liderlaridan biri Sangak Safarovning oʻlimidan koʻp oʻtmay butun hokimiyat koʻlobliklar qoʻliga oʻtdi. Muhim hukumat organlari va boshqaruv institutlari Koʻlob klani nazorati ostida edi. Koʻloblik vazir va boshqa amaldorlarni aksariyati esa boshqaruvga nomunosib yoki jinoiy ishlarga aralashib qolgandi.

Asosiy aʼzolari koʻloblik boʻlgan Xalq Fronti milliy qoʻshindagi tartibni oʻzgartirdi. Natijada muntazam armiyadagi oliy mansablarni faqat Koʻlob elitasi egallaydigan boʻldi.

Hukumat siyosati tahrir

Hukumatning muholifatga nisbatan yuritgan siyosati ham fuqarolar urushining muhim sabablaridan biri. 1993-yil yanvarida Oliy Sovet Raisiga aylangan Imomali Rahmon muholifat yetakchilariga qarata agressiv siyosat yurita boshladi. Tojik musulmonlari maʼnaviy yoʻlboshchisi Hoji Akbar Toʻrajonzoda, Tojikiston Islomiy Uygʻonish Partiyasi yetakchilaridan biri Muhammad Sharif Himatzoda, Rastoxez Xalq Harakatidan Tohir Abdurjabbor, Lali Badaxshondan Atobek va Shodmon Yusuf, Tojikiston Demokratik Partiyasi rahbari va sobiq deputat Davlat Usmonlar shular jumlasidandir. Ularga 1992-yil may voqealarini tashkillashtirish, qonuniy saylangan hukumatni agʻdarib, hukumatni egallab olishga urinish, noqonuniy qurolli guruhlar tashkil qilish va ular yordamida mamlakatni urush markaziga aylantirish, davlat iqtisodiyotini izdan chiqarib tashlash ayblari qoʻyildi. Hukumat muholifatga qarshi repression siyosat olib bordi, butun hukumat mediasi muholifatga qarshi targʻibotlar bilan toʻlib toshdi. Nihoyat, Tojikiston Oliy Sudi Tojikiston Demokratik Partiyasi, Tojikiston Islomiy Uygʻonish Partiyasi, Lali Badaxshon Jamiyati va Rastoxez Xalq Harakati kabi muholif qarashda boʻlgan ommaviy tashkilotlarning faoliyatini taqiqlab qoʻydi. Inson huquqlarini oyoqosti qilish, muholifat va oʻzgacha fikrlovchilar mavjudligini tan olmaslik, ularni tinglab koʻrishga intilmaslik, agressiv avtoritar rejim mamlakatdagi vaziyatni butkul izdan chiqarib yubordi.

Hukumat muholifatni ruscha ism boʻlgan Vladimirdan olingan „Vofchik“ laqabi bilan atardi. Bu „Vahhobiy“ atamasini anglatardi. Javoban muholifat tomoni ham hukumatdagilarni ruscha Yuriy ismidan olingan „Yurchik“ derdi. Shu tariqa bir millatning ikki siyosiy kuchi bir-birining ashaddiy dushmaniga aylandi. Uzoq vaqt davomida xech bir taraf murosani istamay keldi.

1997-yil tinchlik sulhidan keyin kuchga kirgan yangi konstitutsiyada ham muholifat haq-huquqlari inobatga olinmadi. Muholifatga parlamentdan atigi 30 % joy va Davlat Apparatidan arzimas oʻrin ajratildi.

Davlat tuzumining kuchsizlanishi tahrir

Davlatning markazlashgan boshqaruvni qoʻldan boy berib qoʻygani butun mamlakat xavsizligini xavf ostiga qoʻyib qoʻydi. Umumiy birlashgan milliy mafkuraning yoʻqligi, etnik guruhlar orasidagi hokimiyat uchun kurash va sovet tuzumi gardaniga agʻdarilgan, aslida esa hukumatning notoʻgʻri siyosati tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy boʻhron ham davlatni parchalanib ketish darajasiga olib kelib qoʻydi. Natijada butun mamlakatda nazoratni qoʻlga olomagan hukumatga qarshi bir qancha region liderlari bosh koʻtarishdi, ularning har biri hokimiyat uchun daʼvogarga aylanishdi. Hukumat esa oʻz mavjudligini saqlab qolish uchun konstitutsiyaga zid amallar qila boshladi, Tojikistonda avtoritar rejim oʻrnatildi.

Xavfsizlikka tahdid tahrir

Xavfsizlik masalasi kuchsiz hukumat va kuchlar tizimining oʻzgarishi tufayli edi. Safarali Kenjayev Xoʻjand elitasining rahbariga aylangandan soʻng 1987-yildan buyon Ichki Ishlar Vaziri lavozimini egallab kelayotgan Navujonovni nishonga oldi. Bu suiqasd Dushanbedagi pomiriylarni oyoqqa turishiga sabab boʻldi. Tojikiston shunday guruhiy qarama-qarshiliklar makoniga aylandi. Muholifat ham 1992-yilda president Nabiyev soqchilari tinch namoyishchilarni oʻqqa tutishi ortidan Davlat Usmon va Shodmon Yusuflar rahbarligi ostida Nijati Milliy (Xalq Ozodligi uchun Front) deb atalmish qurolli guruh tuzgan edi. Muholifat urushchilari Afgoʻniston va Pokistondagi lagerlarda tayyorgarlik oʻtagan edi. Muholifatda qurolli kuchlarning paydo boʻlishi vaziyatni butkul izdan chiqarib yubordi. Mamlakatda anarxiya hukmronga aylandi. Hukumat esa muholifatga chetdan, asosan, Afgʻonistondan kirib keladigan qurol va boshqa har qanday dastakni yoʻlini toʻsish uchun zoʻr berib kurashardi.

Manbalar tahrir

  1. Timur Amirov. TOJIKISTONNING UNUTILGAN FUQAROLAR URUSHI: SABABLAR (1-qism)
  2. Timur Amirov. TOJIKISTONNING UNUTILGAN FUQAROLAR URUSHI: SABABLAR (2-qism)