Valyuta intervensiyasi -mamlakat markaziy bankining valyuta bozoriga va valyuta kursita chet el valyutasining katta summasini sotib olish yoʻli bilan aralashuvi. Mamlakat oʻz valyutasi kursini oshirishdan manfaatdor boʻlsa, bank va xazina oʻz ixtiyoridagi chet el valyutasini sotib, milliy valyutani xarid qiladi; oʻz valyutasi kursini pasaytirmoqchi bulsa, chet el valyutasini koʻp miqdorda sotib oladi, milliy valyutani esa sotadi.

V.i. davlat manfaatlari yoʻlida chet el valyutasi kursini tartibga solish maqsadlarini koʻzlaydi. V.i. BrettonVuds tizimi (1944—78) amal qilgan davrda valyutalarning qatʼiy belgilangan kurslarini ushlab turishga xizmat qilgan (intervensiyani oʻtkazishda AQSH tomoni boshqa davlatlarga dollar kursini ushlab turish yuzasidan majburiyat qoʻygan). Yamayka bitimi (1978)ga koʻra, sirgʻaluchan valyuta kurslariga oʻtilgach, AQSH dollarining rezerv valyuta sifatidagi roli pasayib, V.i.da dollar bilan bir qatorda Germaniya markasi, Yaponiya iyenasi, Gʻarbiy Yevropa davlatlari valyutalari ham qoʻllanila boshladi. V.i. asosan valyuta kurslarining qisqa vaqt oraligʻida kutilmaganda yuzaga keladigan keskin tebranishlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida oʻtkaziladigan boʻldi (qarang Yamayka tizimi).

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil