Vijdon erkinligi - ijtimoiy-falsafiy tushuncha; har kimning oʻz eʼtiqodiga koʻra, mazkur jamiyatda mavjud ijtimoiy meʼyorlarni buzmagan holda vijdoni buyurgani boʻyicha yashash, ishlash imkoniyatiga ega. Bunda dinga munosabat masalaning bir tomoni hisoblanadi. Siyosiy jihatdan Vijdon erkinligiga demokratiya koʻrinishlaridan biri sifatida qaraladi. Yuridik nuqtai nazardan Vijdon erkinligi insonning asosiy shaxsiy huquqlari sirasiga kiradi va demokratik erkinliklardan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonda u Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida"gi qonunda (1991-yil 14-iyunda qabul qilingan, 1998- yil 1- mayda yangi tahriri tasdiqlangan) nazarda tutilgan. Konstitutsiyaga koʻra, "hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega" (35-modda). Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi boʻyicha, diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ayni vaqtda yangi tahrirdagi "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida"gi qonunga koʻra, dinga munosabatidan qatʼi nazar fuqarolarning tengligi taʼminlanadi (4-modda). Ushbu qonunda taʼkidlanishicha, hech bir dinga yoki diniy eʼtiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Qonun muayyan yoshga yetgan fuqarolarning oʻz diniy ehtiyojlarini qondirish uchun diniy tashkilot tuzish, oliy va oʻrta diniy oʻquv yurtlarida taʼlim olish tartib-qoidalarini ham belgilab bergan.







.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil