Yirtqichlik — hayvonlar (baʼzan oʻsimliklar)ning oziqni topish va oziqlanish usullaridan biri, bir hayvonning boshqasini ushlab oʻldirishi va yeb qoʻyishi. Yirtqichlik deyarli barcha hayvonlar tipida, shuningdek, zamburugʻlar (gifomitsetlar) va hasharotxoʻr oʻsimliklar orasida uchraydi. Evolutsiya jarayonida yirtqichlik, odatda, morfofiziologik progressga olib keladi. Chunki yirtqichlarning oʻljani topib olishi uchun nerv sistemasi va sezgi organlari; uni tutib oladigan, oʻldirib yeydigan va hazm qiladigan organlari rivojlangan boʻlishi lozim. Ov qilish usuliga koʻra, yirtqichlarni poyloqchilarga va quvib yetuvchilarga ajratish mumkin. Ayrim hollarda yirtqichlar oʻljani toʻda boʻlib ovlaydi (boʻrilar). Baʼzi guruh hayvonlar orasida yirtqichlik dan parazit yashashga (zuluklar) yoki yirtqichlik dan nekrofagiya (murda bilan oziqlanish)ga oʻtish shakllari ham uchraydi. Keng maʼnoda yirtqichlik nisbatan tuban darajada turgan organizmlar sonini cheklab turishda muhim ahamiyatga ega. Yirtqichlardan zararkunandalarga qarshi biologik kurashni tashkil etishda foydalaniladi. Masalan, xon qizi qoʻngʻizi va tillakoʻz xrizopadan oʻsimlik shiralariga qarshi kurashda foydalanib kelinadi. Yirtqich bilan uning oʻljasi oʻrtasidagi oʻzaro munosabat ular har ikkalasi evolyusiyasining birgalikda borishiga, yaʼni koevolyusiyaga sabab boʻlgan. Bu jarayonda yirtqichning hujum qilish, oʻljaning esa himoya vositalari takomillashib borgan. Ana shunday munosabatlar tufayli yirtqich va uning oʻljasi populyasiyalari soni mutanosib oʻzgarib turgan. 20-asr boshlarida amerikalik A. Lotta va italiyalik V. Volterra bir-biridan mustasno holda yirtqich bilan uning oʻljasi oʻrtasidagi munosabatlarni tavsiflash uchun differensial tenglama sistemasini taklif etishdi. Sistemadagi ikkala komponentning oʻzgarib turishi (turgʻunlashtiruvchi, kamaytiruvchi yoki koʻpaytiruvchi amplitudada) matematik modeli tabiiy jamoalarning holatini tavsiflashda keng qoʻllaniladi. Tabiatda faqat „yirtqich—oʻlja“ sistemasi bilan bogʻliq boʻlgan sof holdagi oʻzgarish kam uchraydi; biroq koʻp hollarda oʻljaning son jihatdan oʻzgarishi yirtqich sonining oʻzgarishiga olib kelishi kuzatiladi. „Yirtqich—oʻlja“ sistemaning turgʻun oʻzaro bogʻlangan oʻzgarishi laboratoriya sharoitida bir hujayralilar va kanalar ustida kuzatilgan.[1]

Oq ayiq oʻzi oʻldirgan soqolli tyulen bilan oziqlanyabdi.
Etli chumolilar oʻzlaridan ancha yirik boʻlgan cicada bilan oziqlanish uchun hamkorlik qilishadi.

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar tahrir

Havolalar tahrir