Abdulmalik qori
Abdulmalik qori (arabcha: عبد الملك قارى — (5.05.1937 — Andijon — 9.03.1975) — bulbul qori.
Abdulmalik qori | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1937-yil 5-may |
Vafoti |
1975-yil 9-mart Andijon |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | bulbul qori |
Oilasi
tahrirXushsurat, tinglagan kishini o‘ziga rom etadigan yoqimli xushovoz va ajoyib isteʼdod sohibi Abdulmalik qori Andijon (hozirgi Namangan) viloyatining Haqqulobod shahrida tavallud topgan. O‘sha vaqtda otasi Abdurrahim NKVD (Ichki ishlar xalq komissariyati)da ishlardi va Haqqulobodga xizmat safari bilan jo‘natilgan edi. Abdurrahim (1895-1988-yillar) asli Andijon viloyatining Oyim qishlog‘ida tavallud topgan. Uning otasi Abdurrazzoq usta ilm ahlidan bo‘lish bilan birga, mashhur duradgor edi. Abdurrazzoq o‘g‘li Abdurrahim oilaning savodli, ishbilarmon, uddaburon farzandlaridan bo‘lgani uchun uni qishloqda Mulla Abdurrahim deb atashgan.
Abdulmalik qorining onasi Shukriniso, Mulla Abdurrahimning birinchi turmush o‘rtog‘i Oyimxon otinning vafotidan so‘ng uylangan ikkinchi turmushi bo‘lgan. Qori tug‘ma ko‘r bo‘lganligi sabab, ko‘proq unga o‘gay opasi Minosxon qarab, parvarish qilar edi. Abdulmalik qori isteʼdodli, ziyrak, eshitgan narsasini yodlab olish qobiliyati bo‘lgani uchun otasi uni Hofizi Qur’on qilish maqsadida Abdulahad qori (1880-81 yillarda Andijon shahrida tavallud topgan. Yetti yoshda hofizi Qur’on bo‘lgan)ga Qur’on taʼlimi uchun beradi. Ustozi ham yoshligidan ko‘zi ojiz edi.
Abdulmalik qori ustozi Abdulahad qori bilan Jalolobodda yashab, to‘qqiz yoki o‘n yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod oladi.
Shundan so‘ng, Abdulmalik qori har yili ramazon oyining avvalgi uch kunida o‘z uyida, keyin esa qadrdonlarining xonadonida Qur’onni to‘liq xatm qilib bergan.
„Bulbul qori“ unvonini olishi
tahrir1953 yoki 1954-yil Abdurrahim o‘g‘li Abdulmalik qori bilan Toshkentga keladi. Ular juma namozini o‘qish uchun Hastimomdagi Tilla shayx masjidiga kirishadi. Namozdan so‘ng, odatdagidek, bir qori tilovat qiladi. Abdurrahim o‘rnidan turib, imomga yuzlanib: „Bizning bir qori o‘g‘limiz bor, ruxsat bersangiz, u ham tilovat qilib bersa, haqqiga duo qilarsizlar“, deydi. Ijozatdan so‘ng Abdulmalik qori „ar-Rahmon“ surasidan o‘qib beradi. Abdulmalik qorining qiroati muftiy Eshon Boboxon va o‘g‘illari Ziyouddin qoriga manzur bo‘ladi va muftiyning taklifiga binoan ramazon oyida ustoz qorilar bilan xatmda qatnashadi. Namozdan so‘ng Eshon Boboxon Abdulmalik qorining o‘qishini bulbulning sayrashiga qiyoslab, unga „Bulbul qori“ degan unvon beradi.
Shundan so‘ng muftiy Ziyouddin qori Abdulmalik qorining Toshkentda arab, fors-tojik va rus tillarini o‘rganishini taʼminlab beradi.
Qori Toshkentdan tashqari Surxondaryo, Dushanbe va Frunze (Bishkek) shaharlarida, shuningdek, Samarqanddagi Imom al-Buxoriy masjidida ham ramazon oyida xatm o‘tkazib bergan.
Maqtovlari
tahrir1968-yil Toshkentga al-Azhar universiteti rahbari boshchiligida mehmonlar tashrif buyurishadi. Ular ichida dunyoga mashhur Misr qorilarining shayxi Mahmud Xalil al-Husariy ham kelgan. Shu munosabat bilan Ziyouddin qori Abdulmalik qorini poytaxtga chaqirtiradi. U kishi mehmonlar bilan bir necha kun birga bo‘lib, Kamolon masjididagi yig‘ilishda Qur’on o‘qib beradi. Xalil al-Husariy Abdulmalik qorining qiroatidan taʼsirlanib, tilovat tugagach: „Ahsanta“ („Yaxshi, zo‘r o‘qiding“), degan.
1970-yil yanvar oyida Abdulmalik qori Qur’oni karimni to‘liq o‘qib, magnit tasmasiga yozdiradi. Bu o‘sha paytda tasmaga yozilgan ilk namuna bo‘lgan.
1974-yilning 20-26-avgust kunlari Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning tavalludiga 1200-yil to‘lishi munosabati bilan Samarqandda „Imom al-Buxoriy va hozirgi zamon“ mavzuida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkaziladi. Unda yurtimizning ko‘zga ko‘ringan olimlari, qorilari bilan bir qatorda, dunyoning yigirma yetti davlatidan tashrif buyurgan eng mashhur olimlar va diniy arboblar ham ishtirok etadilar. Anjumanda Abdulmalik qori ham qatnashadi va tilovat qilib beradi.
Shogirdlari
tahrirAbdulmalik qori bir qancha shogirdlar tarbiyalagan. U kishining Andijon, Toshkentdan tashqari Qirg‘iziston, Tojikistonda ham shogirdlari bor. Abdulmalik qori Qur’on o‘qitishda, ayniqsa, tajvid qoidalariga amal qilishda nihoyatda talabchan bo‘lgan. Ayrim shogirdlarning aytishlaricha, u „Basmala“ning o‘zini o‘rganish uchun o‘n besh kun ustoz huzuriga qatnagan ekanlar.
Vafoti
tahrirAbdulmalik qori 39 yoshida vafot etadi[1].
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |