Abdumavlon Abdullayevich Abdullayev (13-iyul 1930-yil, Chust-Pop tumani, Fargʻona okrugi, SSSR — 8-dekabr 2022-yil)[1] — biolog-botanik olim, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1995). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1980), professor (1984).

Abdumavlon Abdullayevich Abdullayev
Tavalludi 13-iyul 1930-yil
Pilol qishlogʻi, Chust-Pop tumani, Fargʻona okrugi, SSSR
Vafoti 8-dekabr 2022-yil(2022-12-08)
(92 yoshda)
Fuqaroligi Sovet IttifoqiOʻzbekiston
Millati oʻzbek
Sohasi Paxtachilik
Institutlar Oʻzbek oʻsimlikshunoslik instituti
Taʼlimi Oʻrta Osiyo universiteti
Butunittifoq oʻsimlikshunoslik instituti
Akademik rahbarlari F. Mauyer
D. V. Ter-Avanesyan
Mukofotlari
Turmush oʻrtogʻi Galina Aleksandrovna Ashanova

Bolalik yillari tahrir

Abdumavlon Abdullayev 1930-yil 13-iyul kuni Fargʻona okrugi tarkibidagi Chust-Pop tumaniga qaraashli Pilol qishlogʻida dunyoga keladi. Uning otasi pedagog, onasi esa kolxoz ishchisi edi. Yosh Abdumavlon oilasi urushga qadar yaxshi yashagan. Urush yillarida ham oʻqib, ham ishlashiga toʻgʻri keldi. Dala maydonlarida mehnat qilib, paxta va bugʻdoy terimida qatnashardi. Minsk va Harkivdan evakuatsiya qilingan bolalar bilan doʻstlashadi, ularga oʻzbek tilini oʻrgatadi va ulardan rus tilini oʻrganadi[2]. Uning otasi qishloqda oʻqituvchi boʻlib ishlardi. Yetti yoshida onasi vafot etadi. Otasi ikkinchi marta uylanadi. Toʻrt nafar bola buvisining (Otasining onasi) qaramogʻida qoladi.

Taʼlim tahrir

1945-yilda maktabni kumush medal bilan tamomlaydi[2]. 1947-yil Toshkentga keladi va Oʻrta Osiyo universitetining biologik tuproqshunoslik fakultetiga oʻqishga kiradi[2]. Oʻqish davomida amakisining uyida yashaydi. Yaxshi oʻqigani sababli yuqori darajadagi stipendiya olardi. 1952-yilda ushbu bilim yurtini tamomlaydi. Unga Oʻzbek oʻsimlikshunoslik institutining texnik labaratoriyasiga kichik ilmiy xodim sifatida ishga kiradi. 1953-yilda aspiranturaga oʻqishga kiradi va uni Leningraddagi (hozirgi Sankt-Peterburg) Butunittifoq oʻsimlikshunoslik institutiga oʻqishga yuborishadi.

U gʻoʻzaning xilma-xilligini, uning genetik salohiyatini qishloq xoʻjaligi texnikasining turli sharoitlarida va yuqumli vilt fonida oʻrgangan taniqli olim D. V. Ter-Avanesyan rahbarligida taʼlim oldi[2].

Mehnat faoliyati tahrir

1957-yildan boshlab Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Oʻsimliklar eksperimental biologiyasi (hozirgi Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi) institutida ilmiy xodim sifatida ishboshlaydi. 1967-yilda laboratoriya mudiri lavozimiga koʻtariladi. 1971—1982 va 1985—1989-yillarda institut direktori sifatida faoliyat yuritgan. 1997-1998-yillarda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining qishloq xoʻjaligi fanlari boʻlimi raisi boʻldi.

8—10 chaqiriq Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi deputati boʻlgan.

Ilmiy faoliyati tahrir

1961-yilda nomzodlik, 1972-yilda esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1979-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi muxbir aʼzoligiga saylangan.

1980-yilda Abdumavlon Abdullayevga „O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi“, 1984-yilda esa „Genetika“ ixtisosligi bo‘yicha professor ilmiy unvonlari berildi. 1995-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining molekulyar genetika fakulteti akademigi etib saylangan.

Akademik Abdullayev g‘o‘zaning genetikasi, taksonomiyasi, evolyutsiyasi va filogeniyasini o‘rgandi. Mamlakat milliy boyligi sifatida eʼtirof etilgan paxta genofondining dunyodagi eng boy kolleksiyalaridan birini yaratdi. Abdullaev „An-Chillaki“, „AN O‘zbekiston-3“, „AN-510“, „AN-512“, „AN-516“, „Sharof-75“, „Besh-Qahramon“, „Kleystogam“, „Xamkor“, „NASAF“, „Koʻpaysin“, „Genofond-2“ va boshqa navlarning hammuallifi hisoblanadi[3].

Abdullayev ilmiy ishlari seleksiyada gʻoʻzaning yaqin qarindosh va geografik uzoq, yovvoyi tur hamda formalaridan foydalanish, gʻoʻzaning filogenetik sistematikasi muammolariga bagʻishlangan. Abdullaev rahbarligida g‘o‘zaning taksonomiyasi va filogeniyasi bo‘yicha yaratilgan ilmiy maktab nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham tan olingan[3]. Abdullayev gʻoʻza yovvoyi turlarining kariologiya evolyutsiyasi nazariyasini asoslab berdi. Gʻoʻzaning yovvoyi turlarini yigʻish boʻyicha uning kelib chiqish markazlari boʻlgan Meksika (1975), Peru (1984), Seylon, Xindiston, Xitoy (1989—1990) va Avstraliyaga (1997) uyushtirilgan ekspeditsiyalarga boshchilik qilgan.

Oilasi tahrir

Turmush oʻrtogʻi — Galina Aleksandrovna Ashanova. Uch nafar oʻgʻli, nevara va everalari bor.

Mening eng sodiq doʻstim va hamkasbim, albatta, xotinim. U har doim va hamma narsada meni qoʻllab-quvvatlaydi, oʻrgatadi, maslahat beradi, yordam beradi. Bu hayotda usiz nima qilishimni ham bilmayman — u menga juda yaqin, juda aziz. U ajoyib taomlarni pishiradi. U avval kutubxonada, keyinroq boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. U bolalarni va meni juda yaxshi koʻradi, men buni bilaman[2].

— Abdumavlon Abdullayev, in

Vafoti tahrir

Olim 2022-yil 8-dekabr kuni 92 yoshida vafot etdi[4][5].

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Evolyutsiya i sistematika poli-ploidnix vidov xlopchatnika, T., 1974; Gʻoʻza turlari, T., 1977 (M. V. Omelchenko bilan hamkorlikda); Xlopchatnik, T., 1985 (A. Dariyev bilan hamkorlikda).

Manbalar tahrir

  1. „Akademik Abdumavlon Abdullayev 92 yoshida vafot etdi“ (uz). Daryo.uz. Qaraldi: 4-aprel.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 Ahmad, Rizo „Интервью с академиком А. А. Абдуллаевым“ (ru). mytashkent.uz. Qaraldi: 4-aprel.
  3. 3,0 3,1 Anna Nim. „Скончался академик Абдумавлон Абдуллаев“ (ru). nuz.uz. Qaraldi: 4-aprel.
  4.   Oʻz FA(oʻzb.) Telegram mesenjerida
  5. „Akademik Abdumavlon Abdullayev vafot etdi.“ (uz). Kun.uz. Qaraldi: 4-aprel.