Abdurasulboy madrasasi – Xivadagi me’moriy yodgorlik (1906)[1]. Yor Muhammad devon masjidining janubiy-shariy burchagiga tutashib ketgan. Mirzaboshi Abdurasulboy buyrugʻiga binoan qurilgan. Ichan-qal’aning bir qismi sifatida 1990-yilda YuNESKOning Butunjahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan. Hozirgi vaqtda u soʻzana kashtasi ustaxonasi va koʻrgazma maydoni sifatida foydalaniladi.

Madrasa
Abdurasulboy madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Xorazm viloyati
Shahar Xiva
Manzil Ichan qalʼa MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi 16-uy
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. Xorazm viloyati madaniy meʼros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Kichik
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Abdurasulboy (Komil Xorazmiyning oʻgʻli)
Binokorlik sanasi 1906-yil
Asosiy sana:
Maqomi Davlat himoyasida
Holati Soʻzanalar toʻqish ustaxonasi

Tarixi

tahrir

Abdurasulboy madrasasi 1906-yilda Xiva shahrining shahriston qismida bunyod etilgan. 1906-yili barpo etilgan bu madrasa egasi Abdurasulboyning tugʻilib oʻsgan uyidan va uyi yonidagi Sayid Alouddin maqbarasidan taxminan ikki yuz metr janub tomonda joylashgan. Abdurasulboy Purkomil taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. U Xiva xonligidagi nufuzli ayonlardan Muhammad Rasul Mirzoning ukasi va Komil Xorazmiyning oʻgʻlidir. Xattot, shoir, musiqashunos sanʼatkor boʻlgan Abdurasulboy Muhammad Rahimxon II davrida Gurlan tumanida hokim, keyinchalik xonlik devonxonasida mirzaboshi boʻlib ishlagan. „Purkomil“ nomi bilan devon tuzgan.

Abdurasulboy madrasasiga kirish peshtoqi ustidagi marmar taxtadan turkiy tilda yozilgan sheʼriy taʼrix oʻrin olgan. Ushbu sheʼr nastaʼliq xatida bitilgan. Eshik biynasiga usta oʻzining ismini oʻyib yozgan: Amali usta Bogʻbek[2]. Abdurasulboy madrasasining boshqa madrasalardan farqli tomonlari mavjud, yaʼni binoga kirilgach oʻng tarafda yotoqxona-hujralar, chap arafda masjid, oʻquv xonasi mavjud. Umumiy koʻrinishi trapetsiyasimon shaklda. Abdurasulboy madrasasining tashqi qiyofasi xalq tilida „Xurjun“ madrasasi deb nom olgan Xoʻjamberdibiy madrasasiga oʻxshab ketadi.

Meʼmorchiligi

tahrir

Madrasa (30x65 metr) ikki hovlili. Kirish qismi ikki hovlining oʻrtasida joylashgan boʻlib, bir-biriga ulangan ikki qismdan iborat, bir tomoni madrasa hovlisiga qaragan. Abdurasulboyning ikki qizi ikki hujrada dafn etilgan[3]. Gʻarbiy hovlining (6,9x3,6 metr) ikki burchagida ikkitadan chorsi xona, janubida gumbaz tomli masjid, shimolida balxi gumbazli, ikki eshikli xona bor. Bu hovliga ikki tomoni darchali dahliz orqali kiriladi. Sharqiy hovli (7,1x5,5 metr) ham hujralar bilan oʻralgan. Dahliz tepasidagi kichik xonalar, talabalar yashaydigan va boshqa hujralar balxi gumbazlar bilan yopilgan. Devorlari silliqlangan gʻishtdan. Peshtoqi va dandanasiga yashil koshindan bezaklar ishlangan.

Hozirgi paytda Abdurasulboy madrasasida qadimgi usulda, tabiiy boʻyoqlar bilan ipak iplardan qoʻlda soʻzanalar toʻqish ustaxonasi ishlab turibdi.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. „Abdurasulboy madrasasi“. khivamuseum.uz. Qaraldi: 12-oktabr 2023-yil.
  3. „Xiva - Abdurasulboy madrasasi tarixi va fotojamlanma“. ilmlar.uz. Qaraldi: 12-oktabr 2023-yil.