Abdurazzoq Samarqandiy (arabcha: عبدالرزاق سمرقندي — Abdurazzoq Samarqandiy — Toʻliq ismi: Abu Muhammad Kamoliddin Abdurrazzoq ibn Jaloliddin Ishoq Samarqandiy(1413-1482)) — Muhaddis, tarixchi va elchi.

Abdurazzoq Samarqandiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1413-yil
Vafoti 1482-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi Muhaddis, tarixchi, elchi

Hayoti tahrir

Abdurazzoq Samarqandiy hijriy 816-yil 12-shaʼbon (1413-yil 7-noyabr) kuni Hirot shahrida tavvalud topgan. Shunga qaramay, otasi Jaloliddin Ishoqning asli Samarqandlik bo‘lganligi va bo‘lajak tarixnavisning o‘zi ham bir necha muddat Samarqandda yashaganligi „Samarqandiy“ nisbasi bilan shuhrat topganligiga sababdir. Abdurazzoq Samarqandiy dastlabki taʼlimni Hirotning o‘zida olgan. Hirotdagi badavlat va nufuzli xonadonlarning biriga mansubdir. Keyinchalik Hirotdagi Temuriylar saroyida qozilik va imomlik lavozimida bo‘lgan otasi va o‘z davrining ziyolilaridan bo‘lgan akalari Abulg‘affor, Abdulqahhor, Abdulvahhoblar ko‘magida tafsir, hadis, fiqh, tarix, til va adabiyot fanlari bo‘yicha chuqur maʼlumot egasi boʻlib yetishgan. Alisher Navoiy „Majolisu-n-nafois“ asarida Abdurazzoq Samarqandiyning mazkur ilmlar bo‘yicha yaxshi bilimga ega ekanligini quyidagi so‘zlar bilan tasdiqlaydi: „Mavlono Abdurazzoq… xushmuhovara kishi erdi… zohir ulumin takmil qilib erdi va fazliyoti ham yaxshi erdi…“ Otasining saroydagi tutgan mavqeiga ko‘ra taxmin qilish mumkinki, Abdurazzoq Samarqandiy ham davlat ishlari bilan yaqindan tanish bo‘lgan. Abdurazzoq Samarqandiyning yaxshi tahsil ko‘rganligi, bu boradagi iqtidori borligi tufayli otasi vafotidan so‘ng, 1437/1438-yil, 24 yoshida Temuriylar saroyiga xizmatga olinishi bejiz emas. Shundan so‘ng, to 50 yoshiga qadar, avval Shohruh, keyin Hirot taxtini egallagan boshqa Temuriy hukmdorlar - Mirzo Abulqosim Bobur (1452-1457-yil), Sulton Abu Saʼid (1451-1469-yil) va taxtga o‘tirgan boshqa shahzodalar saroyida davlat ishlari bilan band bo‘ladi. Uning zamondoshi Abdulvoseʼ Nizomiyning yozishicha, Abdurazzoq Samarqandiy „Xoqoni saʼid (yaʼni Shohruh)ning davlati zamonida uzoq muddatlar shuhratli ishlarni bajarishni zimmasiga olgan, baʼzi sohib davlat shahzodalarning xizmatida sadoratlik oliy mansabiga yetishgan, baʼzi boshqalarning mulozimatida esa noiblik va xoslikka erishgan“. Biroq, Abdurazzoq Samarqandiyning o‘zi asarida mazkur sadoratlik lavozimlarini eslatmasada, tarixiy voqealar sirasidan uning Temuriylar davlati xorijiy diplomatik munosabatlarni olib borishda muhim rol o‘ynaganligi anglashiladi. Abdurazzoq Samarqandiy tafsir, hadis, tarix, til va adabiyoti fanlarini puxta egallagan va arab tili grammatikasiga ba g‘ishlangan „Risolai Azdudiya“ga sharh yozadi va „Sharhu-r-risolati-l-azdiya fi maʼna-l-huruf va-l-ishorot“ ("Harflar va belgilarning maʼnosi haqidagi „Ar-risolatu-l-azdiya“ga sharh") deb nomlaydi. Shohruh saroyida diplomatik yozish-malarni olib borishda qatnashadi, elchilar boshlig‘i sifatida 1442-1444-yillarda Hindiston janubidagi Kalikut, Xinovar, Mangalur, Bilur, Bokanur va Vijayanagarga borib keladi. 1446-1447-yillarda Shohruh uni diplomatik topshiriq bilan Gilonga jo‘natadi. Hayotining keyingi davrlarida Abulqosim Bobur saroyida xizmat qiladi. Boburning Mozandaronga (1453-yil), so‘ngra Samarqandga (1454-yil) qilgan yurishlarida qatnashadi. 1463-yilga kelib esa Abdurazzoq Samarqandiy o‘z iltimosiga binoan davlat ishlaridan ozod etiladi va Abu Said Mirzo Abdurazzoq Samarqandiyni Hirotdagi Shohruhiya xonaqohiga shayx etib tayinlaydi. Abdurazzoq Samarqandiy hijriy 887-yil jumodu-l-avval (1482-yil iyul-avgust) oyida shu shaharda vafot etgan.

Faoliyati tahrir

Abdurazzoq Samarqandiy sheʼr, arab tili gramatikasiga oid risola yozganligi maʼlum bo‘lsada, lekin uning bizgacha yetib kelgan yagona tarixiy asari - „Matlaʼi saʼdayn va majmaʼi bahrayn“ („Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qo‘shilish joyi“)dir. Asar fors tilida yozilgan boʻlib, ikki jumlani tashkil etadi. Abdurazzoq Samarqandiy asarni asosan 1467-1469-yillar orasida yozib tamomlagan va 1470-yili yana davom ettirib, shu yilning safar oyida tugallagan. „Matlaʼi saʼdayn“ning birinchi jildida qisqa tarzda Chingizxon avlodidan bo‘lgan Eron hukmdori Abu Saʼid (1316 −1335) haqida so‘zlagach, so‘ng sohibqiron Amir Temur tarixi boshlanadi va umuman 1304-yildan 1405-yilgacha Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Eron, Ozarbayjon, qisman Hindiston va boshqa mamlakatlar tarixiga oid maʼlumotlar keltiriladi. Tarixiy voqealar bayoni Amir Temurning 17 -shaʼbon, 807 (18 fevral, 1405) yili O‘trorda vafot etganligi, uning nabirasi Xalil Sultonning Samarqandda taxtga o‘tirganligi bilan tugallanadi. Ikkinchi jildning so‘zboshisida muallif Amir Temur avlodlari haqida so‘zlamoqchi ekanligini aytib, voqealarni Shohruhning Hirotda taxtga o‘tirgan vaqtidan (mart, 1405) boshlaydi. So‘ng Shohruh (vafoti 1447)dan keyin hukmronlik qilgan Temuriylar: Mirzo Abulqosim Bobur, Sulton Abu Saʼid va boshqa shahzodalardan so‘zlab bo‘lgach, Husayn Boyqaroning Hirotda Yodgor Mirzoni qatl etib, ikkinchi marta taxtga o‘tirishi haqidagi maʼlumotlar bilan asarni tugatadi. Abdurazzoq Samarqandiy „Matlaʼi saʼdayn“da tarixiy voqealar bayonini solnoma tarzida joylashtirgan. Asarning muallif o‘zi yashagan davrdan (XV asr o‘rtalari) ilgarigi qismlari solnomasi avval yozilgan asari asosida tuzilgan. Bu haqda Abdurazzoq Samarqandiyning o‘zi 1427-yil voqealarini yakunlar ekan: "Hofizi Abruning yozgani… „Zubdatu-t-tavorixi Boysung‘uriy“ shu yerda tugadi", deydi va o‘zining asosiy manbai ushbu asar ekanligini taʼkidlaydi. Eʼtiborga sazovor tomoni shuki, Abdurazzoq Samarqandiyning „Matlaʼi saʼdayn“ asari o‘z davrida shuhrat topgan va bir qancha tarixnavislar tomonidan eʼtirof etilgan. So‘ngra bu asar Temuriylar davri ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va xalqaro munosabatlari tarixiga oid nodir va ishonchli manba sifatida Yevropada ham tanilib, uning ayrim qismlari XIX asrdan boshlab bir necha marta fransuz, ingliz va rus tillarida chop etilgan. „Matlaʼi saʼdayn“ning fors matni 1936-yili Lohurda (Pokiston) matnshunos olim Muhammad Shafe tomonidan chop etilgan. Abdurazzoq Samarqandiyning 1442-1444-yillardagi Hindiston safarnomasi 1960-yili oʻzbek tilida va forsiy tan qidiy matni bilan, asarning 1405-1427-yillar voqealari (I jild, 1-qism) 1969-yili Oʻzbek tilida chop etilgan. 1992-yili esa „Matlaʼi saʼdayn“ning shu qismiga kiritilgan Gʻiyosiddin Naqqoshning Xitoy safari kundaligi o‘zbek tilida chop etgan. Asarning II jild 2-3-qismlari ham o‘zbek tilidagi tarjimasi amalga oshirilgan bo‘lsada, hanuzgacha chop etilgani yuq.[1]

Asarlari tahrir

  • „Sharhu-r-risolati-l-azdiya fi maʼna-l-huruf va-l-ishorot“,
  • „Matlai saʼdayn va majmai bahrayn“

Adabiyotlar tahrir

  • Madraimov, Abdumajid. Manbashunoslik: Bakalavriatning tarix yoʻnalishi talabalari uchun darslik. A. Madraimov, G. Fuzailova. T.: Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2008.

Manbalar tahrir

  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 531-534.