Abu Imron al-Fosiy (arabcha: أبو عمران الفاسي — Abu Imron Muso ibn Iso ibn Abu Hoj al-Gʻafojumiy al-Fosiy) — fiqh, hadis, kalom va qiroat olimi.

Abu Imron Muso ibn Iso ibn Abu Hoj al-Gʻafojumiy al-Fosiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 976-yil (hijriy 365-yil)
Vafoti milodiy 1039-yil (hijriy 430-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi fiqh, hadis, kalom, qiroat olimi

Taʼlimi tahrir

Barbariy qabilalaridan Gʻafojumga mansub, Bani Abu Hoj nomi bilan tanilgan oiladan. Tahsilini keyinchalik ko‘chgan Qayravon shahrida (hozirgi Tunisdagi shahar) olgan. Bu yerda al-Qabisiy nomli olimdan fiqh, Abu Bakr az-Zaviliy va Ali ibn Ahmad al-Lavotiy as-Susiylardan hadis ilmini o‘rganadi. Keyinchalik, do‘s­ti Ibn Abdulbar an-Namariy bilan birga Qurtubaga safar qilib, al-Asiliy, Abu Usmon Saʼid ibn Nasr, Ahmad ibn Qosim al-Abzoriy, Abdulvoris ibn Sufyonlardan dars olgan.

Keyinchalik Sharqqa sayo­hat qilib, Misrda Abu-l-Hasan Abdulkarim ibn Ahmad, Makkada Abu Ishoq Ubaydulloh ibn Muhammadlardan qiroatdan, Abu Zarr al-Haraviydan esa, hadisdan taʼlim oladi. So‘ng, Bag‘dodga safar qilib (hijriy 399-yil, milodiy 1008-yil), Ibn Abu-l-Favoris, Abu-l-Hasan Ali ibn Ibrohim al-Mustamliy, Abu-l-Fazl Ubaydulloh ibn Abdurrahmon az-Zuhriy kabi ustozlardan dars oladi. Bu yerdagi ustozlari orasida eng mashhuri al-Boqilloniy bo‘lgan.

Abu Imron al-Fosiy al-Boqilloniydan fiqh, usul al-fiqh va kalom ilmlaridan dars oladi. Al-Boqilloniy unga „Mening madrasamda sen va Qozi Abdulvahhob jam bo‘lsalaringiz, Imom Molikning ilmi bu yerda jam bo‘lgan bo‘lar edi. Sen uni yodlar eding, u esa nazariyasini ishlab chiqar edi. Imom Molik sizlarni ko‘rsa mamnun bo‘lardi“, deya iltifot ko‘rsatgan.

Faoliyati tahrir

Hijriy 402-yil(milodiy 1011-yil)da o‘z yurtiga qaytib keladi. Keyinchalik Qayravonda yashagan Abu Imron al-Fosiy bu yerda qiroat, fiqh, hadis va kalomdan dars bera boshlagan. Qisqa vaqt ichida shuhrati butun Mag‘ribga yoyi­lib, uyida bergan darslariga nafaqat Qayravondan, balki Andalus va Mag‘ribning turli hududlaridan ko‘plab talabalar kela boshlaydi. Mag‘rib ilmiy muhitida yoyilgan shuhrati sababli, zamondoshi mashhur huquqshunos Abu Bakr ibn Abdurrahmon bilan orasiga sovuqchilik tushgani naql qilingan. Shogirdlari orasida Abu Bakr Atiyq as-Susiy, Abu-l-Qosim as-Suyu­riy, Ibn Sharaf al-Qayravoniy, Abdulloh ibn Rashiyq, Abu-t-Tayyib Abdulmunʼim al-Kindiy, Abu Hafs Umar ibn Solih, Abu Horun Muso ibn Xalaf va Vajjoj ibn Zallu al-Lamtiylar bo‘lgan.

Vafoti tahrir

O‘limidan bir necha yil oldin Makkaga safar qilgan Abu Imron al-Fosiy bu yerda Abdulloh ibn Ahmad al-Haraviy bilan ko‘rishadi va o‘zaro ilm o‘rganadilar. Qayravonga qayt­ganidan so‘ng, ramazon oyining 13-kunida (8-iyun) vafot etadi. Uyida dafn qilingan Abu Imron al-Fosiyning qabri qisqa vaqt ichida ziyoratgohga aylantirilgan.

Ijodi tahrir

Molikiy mazhabi fiqhini Mag‘ribda yoyilishida muhim rol o‘ynagan Abu Imron al-Fosiy hadis ilmida ham nufuzli mavqega ega bo‘lgan. Muhaddislar uni hofiz sifatida qabul qilar va muksirun deb hisoblar edi. Rivoyat qilgan oliy sanad hadislarining to‘plami 100 varaqlik asarni to‘ldira oladigan hajmni tashkil qiladi. Shuningdek, u Qur’oni karimni qiroati sab’aga ko‘ra tilovat qila oladigan qiroat ustozi sifatida ham mashhur bo‘lgan.

Asarlari tahrir

Quyida nomlari zikr qilingan asarlar Abu Imron al-Fosiyga nisbat berilgan:

  • Kitāb ad-dalāil va-l-azdād“;
  • Al-Ihkām li-masāil al-ahkām al-mustaxraja min kitāb ad-dalāil va-l-azdād“;
  • Kitāb at-taʼāliq ’ala-l-mudavvana“ va boshqalar[1].

Adabiyotlar tahrir

  1. Ibn al-Asir. Al-Kāmil. IX, 618-619;
  2. Abdur­rahmon ibn Muhammad ad-Dabbog‘. Maʼālim al-ӣmān. — Tunis: 1978. III, 159-164;
  3. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. III, 284-286;
  4. Ibn Xaldun. Mafāxir al-Barbar. — Rabot: 1352/1934. 69-70;
  5. Abdulvahhob ibn Mansur. Aʼlām al-mag‘rӣb al-’arabӣ. — Rabot: 1979. II, 96-97;
  6. Muhammed Suveysi. „Ebû İmrân el-Fâsî“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 168-169.

Manbalar tahrir

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.