Abulxayr ibn Hammor Hasan ibn Sivor ibn Bobo ibn Bahrom Xorazmiy

Abulxayr ibn Hammor Hasan ibn Sivor ibn Bobo ibn Bahrom Xorazmiy (941, Bagʻdod — 1048) — mantiqshunos, Bagʻdod madrasalarida mudarrislik qilgan. Maʼmun ibn Muhammad Xorazmshoh uni Bagʻdoddan Xorazmga taklif qilib, oʻzining shaxsiy tabibi va nadimi maqomiga tayinladi. Sulton Mahmud Gʻaznaviy Xorazmni qoʻlga kiritgandan keyin Abulxayr ibn Hammorni oʻzi bilan Gʻaznaga olib ketadi. Oʻsha yerda 102 yoshida musulmonchilikni qabul qiladi. Ungacha Abulxayr ibn Hammor nasroniy dinida edi. Manbalarda keltirilishicha, sulton Mahmud Gʻaznaviy Abulxayr ibn Hammor islomni qabul qilganligi uchun unga Gʻazna yaqinidagi Hammor nohiyasini mulk sifatida iqto (hadya) qilib bergan (Hammor laqabi shundan). Boshqa manbalarda Hammor soʻzi roʻmol yoki ayollar uchun hijob tikuvchi maʼnosida qoʻllaniladi. U falsafadan tashqari tabobatda ham juda mashhur boʻlganligi uchun "Buqroti soniy („Ikkinchi Gippokrat“) laqabiga sazovor boʻlgan. Uning asarlari: „Kitob ul-hayulo“ („Birlamchi modda haqida kitob“), uch jildli „Kitob ul-vifoq bayna raʼy al-falosifa vannasoro“ („Faylasuflar va nasroniylar oʻrtasidagi fikr muvofiqligi haqida kitob“), „Kitob tafsiri Isogʻuji muxtasaran“ („Isogʻuji kitobi tafsiriga qisqacha sharh“), „Kitob us-sadiq vassadoqa“ („Doʻst va doʻstlik haqida kitob“) va boshqa Bir qancha kitoblarni suryoniy tilidan arab tiliga tarjima qilgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. "Abulxayr ibn Hammor Hasan ibn Sivor ibn Bobo ibn Bahrom Xorazmiy" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil