"Amir Temur va Fransiya" kitobi oʻzbekistonlik huquqshunos olim, professor Akmal Saidov hamda taniqli fransuz sharqshunosi, marhum Lyusen Keren tomonidan yozilgan va 1996-yilda chop etilgan asarning toʻldirilgan va ikkinchi nashri qayta ishlangan.

Amir Temur (1336-1405)

Kitob muqaddima, 13 ta bob, xotima va ilovalardan iborat. Asar soʻz boshisida kitobning yozilish sabablari keltirib oʻtilgan. Bundan tashqari, butun dunyoda, ayniqsa, Yevropada Amir Temur va temuriylar tarixiga nisbatan yuksak qiziqish, xususan, ushbu mavzuning olti asrdan buyon Fransiya olimlari va adiblari tilidan tushmay kelayotgani sabablari ochib berilgan.

Bugungi kunda dunyoning ellikdan ortiq mamlakatida temurshunos olimlar faoliyat koʻrsatmoqda. Amir Temurga bagʻishlab yaratilgan jiddiy asarlar soni Yevropa tillarida 900 dan ziyod boʻlsa, Sharq tillarida mingdan oshgan.

Ushbu kitobning „Istiqlol va Amir Temur“ nomli bobida Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Amir Temur shaxsi yana Vatan va millat timsoliga aylangani haqida soʻz borgan. Oʻtgan davrda mamlakatda Amir Temur ordeni taʼsis etildi; Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temurning ulugʻvor haykallari qad rostladi. Poytaxtda Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Amir Temur xalqaro jamgʻarmasi ochildi. Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil topganidan buyon oʻtgan davrda mazkur muzeyga 2 milliondan ortiq ziyoratchi hamda jahonning turli davlatlaridan 800 dan ortiq xorijiy delegatsiya va rasmiy mehmonlar tashrif buyurdi. Ushbu bobda, shuningdek, dunyoda ayni nomda yagona boʻlgan – „Sohibqiron yulduzi“ jurnalining mazmun-mundarijasi tahlil etilgan.