Bengal adabiyoti — Hindistonning Gʻarbiy Bengaliya shtati va Bangladeshda yashaydigan bengallarning milliy adabiyoti. Bengal adabiyotining yozma ilk namunasi „Chorjapod“ („Diniy marosim qoʻshiqlari“, 12-asr) xalq sheʼriyatining yorqin namunasi hisoblanadi.

„Chorjapod“ misralari

Bengal adabiyotida 10-asrda zarbulmasal, afsona kabi sheʼriy janrlar rivojlandi. Tibbiy falakiyot va boshqa ilmlar haqida maslahatlar toʻplami — „Dak hikmatlari“ va „Khon hikmatlari“ yaratildi. 12-asrda Jayadevaning „Gitagovinda“ („Choʻpon haqida qoʻshiq“) asari bengal adabiyoti taraqqiyotiga qoʻshilgan muhim hissa boʻldi. 13—14-asrlar bengal adabiyotida xudo Vishna, Monoshi (ilonlar maʼbudasi), Chondi (hayvonlar homiysi) kabilarga bagʻishlangan diniy mifologik asarlar („Monoshining shuhrati“, „Chondining shuhrati“) yaratildi. 14—15-asrlarda Vidyapati va Chondidash kabi yirik shoirlar yetishdi. 15—16-asrlarda qadimiy hind eposlari — „Ramayana“, „Mahabharata“ bengal tiliga tarjima qilindi.

15—17-asrlarda bhaktiy (xudoga muhabbat) diniy islohot oqimi rivojlana boshladi. Bu davrda Monoxor Dash, Gokulanondo Shen, Kritibash Ojha, Mukundoram Chokroborti, Krishnodash Kobiraj kabi shoirlarning asarlari keng tarqaldi. 18-asrga kelib inglizlar mustamlakachiligi bengal adabiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. 19-asrda Rammoxan Ray. Okxoykumar Dotto (1820—86), Ishshorchondro Biddashagor (1820—91), Ishshorchondro Gupto (1811—59) kabi yozuvchi, shoirlar samarali ijod qildilar. Bu yillarda koʻplab tarjima asarlar yaratildi, adabiy badiiy jurnallar nashr etildi. 1857-yilda Ramnarayon Tarkorotnoning „Ulugʻ zot“ degan birinchi bengal ijtimoiy dramasi yuzaga keldi. Bhudeb Mukxopaddhayya, Bonkimchondro Chottopaddhayya, Romeshchondro Dotto, Perichand Mittro, Kaliproshonno Shinxo, Okhoychondro Shorkar kabi yozuvchilarning vatanparvarlik ruhidagi tarixiy romanlari paydo boʻldi.

Realizmning buyuk namoyandasi Rabindranath Tagore ijodi 19—20-asrlar bengal adabiyotida katta voqea boʻldi. Shorotchondro Chottopaddhayya ijodi ham Rabindranath Tagore ijodiga hamnafas boʻldi, uning „Birajning xotini“, „Himoyasiz bechora“, „Yondirilgan uy“ kabi romanlarida mazlum xalqning erk uchun kurashi oʻz ifodasini topdi. Ikkinchi jahon urushi davrida bengal adabiyotida urushga qarshi ruhdagi asarlar yaratildi (Shudhindranath Dotto, Buddhodeb Boshu, Bishnu De, Jibonanondo Dash, Gopal Xaldar va boshqalar).

Hindistonning mustaqillikka erishuvi (1947-yil) tufayli bengal adabiyotida ham yangi davr boshlandi. Mustaqillik davrida Tarashonkor Bondopaddhayya, Abul Fazl, Manik Bogdopaddhayya, Narayon Bondopaddhayya, Nazrul Islom, Bimolchondro Gxosha kabi yozuvchi va shoirlar yetishib chiqdi. Mani Shankar asarlarida („Chaurani“ boshqalar) mustaqillikka erishgan Hindistondagi vatandoshlari hamda oddiy mehnatkash xalqning hayoti aks etgan.

Utpal Datt („Koʻtarilish“, 1965; „Olmos shamshir“, 1971), Badal Sarkor („Boshqacha yoʻsindagi tarix“, 1967) kabi bengal dramaturglari hind teatr sanʼati rivojiga munosib hissa qoʻshdilar. Rabindranath Tagore, Manik Benerji, B. Ghosha va boshqa bir qator bengal yozuvchilarining asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.