Butil-kauchuk - izobutilen bilan oz miqdordagi (1—5%) izoprenni sopolimerizatsiyalab olingan sintetik kauchuk. B. metilxlorid yoki etilxlorid eritmasida monomerlarning kation sopolimerizatsiyasi orqali olinadi. B. och sariq rangli modda boʻlib, spirt, efir, keton, dixloretan, anilin, nitrobenzolda erimaydi, suv taʼsiriga berilmaydi. U kislorod, ozon, nur taʼsiriga chidamli, sekin vulkanizatsiyalanadi. B.dan yasalgan rezina agressiv muhit, shu jumladan ishqorlar, vodorod, peroksid, dengiz suvi, baʼzi bir oʻsimlik moylari taʼsiriga chidamli. B.ning asosiy qismi shinalar tayyorlash uchun ishlatiladi. Yuqori temperatura va agressiv muhitlarga chidamli buyumlar ishlab chiqarishda ham qoʻllaniladi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil