Duala — Kamerun gʻarbidagi shahar, Vuri daryosi boʻyida, Gvineya qoʻltigʻidan 21 km ichkarida. Sohilboʻyi provinsiyasining maʼmuriy markazi. Aholisi 884 ming kishi (1990-yillar oʻrtalari). Muhim savdo, sanoat, siyosiy va madaniy markaz. Mamlakatdagi eng katta okean porti, transport yoʻllari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. D. orqali chetga yogʻoch, kakao, kofe, palma yongʻogʻi va moyi, paxta, alyuminiy chiqariladi. Kemasozlik, metallsozlik, yogʻochsozlik, oziq-ovqat, toʻqimachilik, kimyo sanoati, poyabzal korxonalari, oyna zavodi mavjud. Koʻplab savdo firmalari va banklar, Panafrika rivojlanish instituti bor.

Adabiyot tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil