Ekzogamiya (ekzo... va yun. — nikoh) — ibtidoiy jamiyatda bir urugʻ yoki jamoa aʼzolari orasida jinsiy munosabatlarning taqiqlanganligi. E.ning dastlabki va koʻp tarqalgan shakli ibtidoiy jamoa davridagi ota urugʻi yoki ona urugʻi orasida oʻzaro qarindoshlik munosabatlaridagi urugʻchilik E.dir. E. paydo boʻlishi haqidagi qarashlarni, asosan, 3 guruhga ajratish mumkin. Baʼzi bir tadqiqotchilar (L.G.Morgan va boshqalar) E.ning kelib chiqishini qonqarindoshlar oʻrtasidagi nikoh natijasida yuzaga keladigan zararli oqibatlardan qutulish zarurati bilan, boshqalari esa (E. Taylor, A. M. Zolotarev, K. LeviStros) kishilarning ijtimoiy aloqalarni kengaytirish va jamoalararo munosabatlar oʻrnatishga intilish bilan izohlaydilar. 3-guruh tadqiqotchilari (S.P. Tolstov, Yu. I. Semyonov) esa E.ni avvalo jamoada ijtimoiy tinchlikni qaror toptirish vositasi boʻlgan, chunki shu tariqa jinsiy munosabatlar va ular bilan bogʻliq boʻlgan nizolar jamoa doirasidan tashqariga chiqarib qoʻyilgan, deb hisoblaydilar.