Elektr signallarni kuchaytirishning fizik asoslari

Signal kuchaytirish tahrir

Texnikada kam energiya sarflab manbalarning katta energiyasini boshqarish jarayoni keng tarqalgan. Unda ham boshqaruvchi, ham boshqariluvchi energiya mexanik, yorugʻlik, issiqlik, elektr va boshqa tur tabiatiga ega boʻlishi mumkin.

Agar energiyani boshqarish uzluksiz, bir meʼyorda va oʻzgarish qonuni saqlangan holda boʻlsa, kuchaytirish jarayoni deb ataladi. Uni amalga oshiruvchi qurilma esa, kuchaytirgich deyiladi.

Kuchaytirgichning signal taʼsir etadigan zanjiri kirish zanjiri yoki kirish deb, kuchayib chiqqan signal beriladigan qurilma esa, tashqi nagruzka — isteʼmolchi deb ataladi.

Kuchaytirish sxemasi tahrir

Kuchaytirgichlar ichida elektr signali kuchaytirgichlari eng koʻp tarqalgan boʻlib, ularda boshqaruvchi va boshqariluvchi energiya elektr energiyasidan iborat boʻladi. Bu kuchaytirgichlar elektron, elektromexanik, magnit va boshqa tur kuchaytirgichlarga boʻlinadi. Ulardan elektron kuchaytirgichlar universalligi, qator sifatli xarakteristikalarga ega ekanligi bilan ajrallib turadi. Shuning uchun ulardan juda koʻp foydalaniladi.

 
kuchaytirish sxemasining tarkibi

Kuchaytirish jarayonini rasmda koʻrsatilgan sxema yordamida tushuntirish mumkin. Unda oʻzgarmas E tok manbai bilan ketma-ket qilib ikki qarshilik — Zl(boshqariluvchi) va ZH(oʻzgarmas) ulangan. ZH qarshilik nagruzka qarshiligi deb ataladi. Zl chiziqli boʻlmagan aktiv element qarshiligi boʻlib, zanjirning kirishiga (punktir chiziq) boshqaruvchi kuchlanish yoki tok taʼsir etganda kattaligi oʻzgarib boradi. Bu oʻzgarish juda keng oraliqda boʻlib, manba energiyasi sarf boʻlmagan yoki juda oz miqdord sarf boʻlgan holda sodir boʻladi. Lekin ZH qarshilikda ajraladigan quvvat ortadi. Shunga koʻra, boshqariluvchi elementning vazifasi oʻzgarmas tok manbai energiyasini ZH nagruzka qarshiligiga uzatilishini tartibga solishdan iboratdir. Odatda bu jarayon juda katta tezlikda oʻtadi. Shuning uchun Zl juda kichik inersiyali element boʻlishi kerak. Eng sodda holda Zl vazifasini koʻp elektrodli elektron lampa yoki yarim oʻtkazgichli triod bajaradi.

Shunday qilib, kuchaytirish fizikaviy jarayon boʻlib, kam quvvatli manba yordamida katta quvvatli manba energiyasi boshqarilishidan iboratdir.

Agar signal quvvatining ortishida uning shakli saqlansa, kuchaytirish chiziqli deb, aks holda esa chiziqli boʻlmagan kuchaytirish deb ataladi. Shuni yodda tutish kerakki, kuchaytirgich taʼsir etuvchi tebranish amplitudasini oshirib beradigan juda koʻp qurilmalardan farq qiladi (masalan, transformator)

Manbalar tahrir

  • Nigʻmatov „Radiolektronika“
  • N.Sh. Turdiyev „Radioelektronika asoslari“