Fiva — Beotiyadagi qad. yunon shahri. Rivoyatlarga koʻra, F.ga afsonaviy Kadm asos solgan, fivaliklar ajdodlari — Kadm tomonidan ajdarho tishlarini sochib yuborilishidan unib chiqqan odamlar boʻlgan. F.ning qad,ligi egey madaniyati yodgorliklari bilan isbotini topadi. Miloddan avvalgi 6-asrga kelib F. qad. qabilaviy va diniy ittifoqdan vujudga kelib, Beotiyaning deyarli barcha shaharlarini birlashtirgan Beotiya ittifoqiga boshchilik qilgan. F.da hukmron boʻlgan urugʻ zodagonlari Yunonfors urushlari (miloddan avvalgi 500—449) davrida forslarni qoʻllabquvvatlagan va miloddan avvalgi 431—404 yillardagi Peloponnes urushi davrida Sparta tomonidan turib Afinaga karshi boʻlgan. Korinf urushi (miloddan avvalgi 395—387) davrida F. bosh boʻlgan beotiyaliklar afinaliklarni qoʻllabquvvatlashgan. 387 yil Antalkid sulhiga koʻra, Beotiya ittifoqi tarqatib yuborilgan; F. va Beotiyaning boshqa shaharlarida Sparta yordamida oʻta reaksion oligarxik hukumatlar qaror topgan. 379 yil oligarxlarni agʻdarib tashlab, F.dagi hokimiyat tepasiga Pelopid va Epaminond boshchilik qilgan demokratlar kelgan. Beotiya ittifoqi qayta tuzilishi bilan Yunonistonning eng yirik siyosiy kuchiga aylangan. 371 yil (Levktra yonida) va 362 yil (Mantineya yonida) Epaminond boshchiligidagi fivaliklar qoʻshini spartaliklarni magʻlubiyatga uchratgan. Birok,, Sparta bilan boʻlgan qonli urush F. va ittifoqning barcha shaharlarini shu qadar holdan toydirganki, 362 yildan soʻng ular oʻz ahamiyatini yoʻqotgan. 338 yil F. Makedoniya tomonidan bosib olingan, 335 yil Makedoniyaga karshi qoʻzgʻolon bostirilgach, shahar butkul vayron qilingan. Miloddan avvalgi 315 yil F. kisman tiklangan, lekin muhim siyosiy rol oʻynamagan. Qad. F. oʻrnida hozirgi Gretsiyaning Fiva shaharchasi joylashgan.