SENSIZ Mana, bir umrni yashadim sensiz, Qaytmas shodliklarning qaytishin kutib, Tobuting boshida cho’kkanimda tiz, Farzandlar ko’tardi qo’limdan tutib.

Shundan beri tikman. Har nega qalqon, Baxtga, bahorga ham, qishga, qayg’uga. Birov azasida yig’layman qon-qon, To’yida yayrayman o’xshab ohuga.

Lekin qolganimda qalbim-la tanho, Tuyg’ular zoriga solganda quloq. O’zni zaif, chanqoq sezganda goho, Alamdan beraman javobsiz so’roq:

Tirik ekan nega tashlab ketmading? Mendan nafisroqning husniga oshiq, Mendan yoniqrog’i tortmadi sani, Edi nigohingga bor jannat ochiq,

Seni majnun etib bir yer go’zali, Nega meni tashlab ketavermading? Tirik ayrilishning dog’I og’irmish, Xo’rlik kemirarmish umrni chaynab!

Bu-mudhish egovga berardim turish, Ketsang ham menga jon tuyg’ungdan aynab. Bilardim, qaydadir olasan nafas, Murakkab bu dunyo sen-chun ham tirik.

Senga yot-noshudlik, tund ruhlik, qafas, Bugungi qadaming kechadan yirik. Nega, nega meni tashlab ketmading? Bilaman, rashk meni etardi halok,

Afzal ko’rganingni qarg’ab o’tardim, Izingdan yurmasdim soyaday g’amnok, Hayotda men uchun qolarding tirik, Qalaming mujdasin kutardim mushtoq.

Ma’yus taqdiringga yashab men sherik, Mushkul bo’layotir shodlik yaratmoq. Nega tirik ekan tashlab ketmading, Tashlab ketmading-da, boshlab ketmading?!

MEN O’TGAN UMRGA

Hayot kitobimni bexos varaqlab, Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim. Tabassum o‘rnida kuldim charaqlab. Suyish kerak bo‘lsa - telbacha suydim.

Kiyganim ipakmi, chitmi yo kimxob, Yurak boyligidan qilmabman parvo. Meni og‘ushlagan hayot naq oftob, Yangi qo‘shiq talab unda har saboq.

Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim, Hech kimda ko‘rmayin umrimga o‘xshash: Suydim, Erkalandim, Ayrildim, Kuydim, Izzat nima - bildim. Shu-da bir yashash!..

SOG’INIB

Shu kunlarda bahorga zorman, Navjuvonlik o‘ti tanda yo‘q. Kuz singari za’far ruxsorman, Mevalar ham shoxlardan uzuq.

Shu kunlarda bahorga zorman, Tanxastalik ezadi ruhim. Tanho emas, qatorda borman, Yana neni izlaydi suqim?

Shu kunlarda bahorga zorman, Shaffof, yorqin kuy tilar ko‘ngul. Yaxshiyamki, qalamga yorman, So‘zlab turar bor dilimni ul.

Shu kunlarda bahorga zorman, O’z bahorim kabi bemisol. Bahor qaytmas, yonuvchi qorman, Yo no‘noq qo‘l butagan nihol.

Shu kunlarda bahorga zorman...

BALKI

Ko‘zingda chaqmoqqa o‘xshash o‘tli nam, Ranging siniqishi, lab titrashi sir. Balki, hisni bo‘g‘ib, irodangga jim Yolvorasan, kuch ber, bo‘lmay deb asir?

Ko‘mib yubormoqchi sen tul yoshliging, U - faqat yashnashga qodir tabiat. Balki, baxt bekasi atagan kishing – Ruhi ham istamas xazoning bevaqt?

Bilsang, daraxtni sindirar bo‘ron, Nihol bo‘lsa, yana o‘sar gurkirab. Balki, yo‘q ta’nalar, andisha, gumon, Baxtga haqqing yutar, diling zirqirab?

Yarim taqdir go‘yo siniq ko‘zgumish, Hayot taqozosi baxt bekamlikdir. Balki, to‘kqiz guling bilmasdan so‘lish, Pok hisning amriga kirmak kerakdir?

QAYDA O’Z SEVINCHIM...

O’qilmagan maktub, Taqilmagan ziynat Nodarkorlar ichra yotar kesakday, Uzoqroq, Xilvatroq kunjakka irgit Naq jarroh pichog‘i - kayfing kesarday! Shunday ham nobutun ko‘ksing qo‘ysin tinch! Tuhfalardan baland, Sinchkovlikka yot, Sevinch! Qayda o‘sha qaytmovchi sevinch? Qo‘lga tutolmagum bebaho bisot!

SEN QAYDASAN YURAGIM

Qalb bo’lganda yiroqda Iroda ekan ojiz. Do’stlar ham ko’p atrofda, Ammo men yakka-yolg’iz...

Birdan qalbim keksarib, Qon ham qochdi yuzimdan. Sen, sirdoshni axtarib, Xayol ketar izingdan.

Qayga ketding, yuragim, Bitdi bardosh va toqat. Suhbatingdir tilagim, Tilda hasratim qat-qat.

Ko’pdir aytajak so’zim, O’gitlaringga zormen, Yig’laysan deb do’stlarim Ta’na qilar. Netay men?

Sovush bermaydi menga Yoqib ketganing olov. Netay, yetmayman senga, O’rtaga tashlangan g’ov.

Ishqqa maskan yuragim, Topib ber deb qistaydi. Nima qilay, berahm- Ruhim seni istaydi

NE BALOGA ETDING MUBTALO

O’tdi oylar g’am bilan oqib, Dil topmadi zarra tasallo. Firoqingda qoldim tutoqib, Ne baloga etding mubtalo!

Ko’z ochgani qo’ymaydi alam, Boshim qo’ysam kuydirar bolish. Yupatolmas kitob va qalam, Misralarim ko’tarar nolish.

Nahot shuncha mas’um, shuncha pok Sevishmoqda alam bor shuncha? Bardosh bermas iroda, idrok, Tamoman lol aql, tushuncha.

Tog’day bor deb bilgan yuragim Qush boshicha qolmadi chog’i? G’amni yengarman deganim sarim Yana ortar alami, dog’i.

Erib ketmagandim sevgingdan, Bo’lmaslik-chun baxtingdan judo, Birga qolish uchun sen bilan Kuyaman-u, bo’lmayman ado.

BAHOR KELDI SENI SO’ROQLAB

Salqin saharlarda, bodom gulida, Binafsha labida, yerlarda bahor. Qushlarning parvozi, yellarning nozi, Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor.

Qancha sevar eding, bag’rim, bahorni, O’rik gullarining eding maftuni. Har uyg’ongan kurtak, hayot bergan kabi Ko’zlaringga surtib o’parding uni.

Mana qimmatligim, yana bahor kelib, Seni izlab yurdi, kezdi sarsari. Qishning yoqasidan tutib so’radi seni, Ul ham yosh to’kdi-yu, chekildi nari.

Seni izlar ekan, bo’lib shabboda, Sen yurgan bog’larni qidirib chiqdi. Yozib ko’rsatay deb husn-ko’rkini, Yashil qirg’oqlarni qidirib chiqdi.

Topmay sabri tugab bo’ron bo’ldi-yu, Jarliklarga olib ketdi boshini. Farhod tog'laridan daraging izlab, Soylarga qulatdi tog'ning toshini.

So’ngra jilo bo'lib kirdi yotog'imga, Hulkar va Omonning o'pdi yuzidan. Singib yosh kuydirgan zafar yonog’imga Sekin xabar berdi menga o'zidan.

Lekin yotog'imda seni topolmay, Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib. Yana yel bo'ldi-yu, kezib sarsari, Mendan so'ray ketdi qalbimni tilib:

«Qani men kelganda kulib qarshilab, Qo'shig'i mavjlanib bir daryo oqqan? «Baxtim bormi deya», yakkash so'roqlab Meni she'rga o'rab suqlanib boqqan?

O'rik gullariga to'nmaydi nega Yelda hilpiratib jingala sochin? Nega men keltirgan sho'x na'shidaga Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qani o'sha kuychi, xayolchan yigit? Nechun ko'zingda yosh, turib qolding lol. Nechun qora libos, sochlaringda oq, Nechun bu ko'klamda sen parishonhol?»

Qanday javob aytay, loldir tillarim, Baridan tutdim-u, ketdim qoshingga. U ham gaming bilan kezdi aftoda, Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamdan tutoqib daraxtga ko'chdi, Kurtakni uyg'otib so'yladi g'amnok. Sening yoding bilan yelib beqaror, Gullar g'unchasini etdi chok-chok.

Gul-u rayhonlarning taraldi atri, Samoni qopladi mayin bir qo'shiq. Bu qo'shiq naqadar oshno, yaqin, Naqadar hayotbaxsh, otashga to'liq.

Bahorgi burkangan sen sevgan elda, Ovozing yangradi jo'shqin zabardast. O'lmagan ekansan, jonim, sen hayot, Men ham hali sensiz olmadim nafas.

OYDINDA

Jilib-jilmas to’lin oy, Bulut xayolday yengil, Oy anhorda qulun toy, Gilosda shig’il-shig’il.

Yaxlit oynaday bo’lib, Hovuzga yoyilgan u. Egilsam-tubdan to’lib O’zim chiqdim ro’baro’:

Atrofim to’la saf-saf, Ming-ming yulduz ora man. Barin sidirg’a chayqab, Yerga sudrab boraman.

Yerda: novda, gul, barglar, Aksi kashta singari. Sel unutgan ko’lmaklar Misli oyning singani.

Yonadi parcha-parcha. Shabnam naq yel sochgan chog’. Har nurda shodlik qancha, Har soya sirga to’lig’.

Sayxonlar naq nur maydon, Uyquda barcha tovush. Inida uxlar nodon, Latofatni sezmas qush.

O’zimga tashlayman ko’z: Ko’ksim, qo’limda shu’la. Osmonga tutaman yuz, Yel silar yog’du qo’l-la.

Eh, umr yarmin yutib, O’tgan tunlardami ayb? Endi bu ko’rkni tutib, Kunduzga bermasam hayf?

TUN

Tog’ ortiga o’tib ketdi kun, Sokin cho’kdi toza, salqin tun...

Men deraza ochganim chorbog’, Sokin uxlar tun ko’rpasida. Mayin qo’shiq yoyilar har yon, Esib o’tgan yel sharpasida.

Suv oqadi allalab tunni, Hamma uxlar, uyda men uyg’oq, Parcha qog’oz, kichik bir qalam Boshim uzra porlaydi chiroq.

Tunda qancha xayol, qancha kuy, Men berilib quloq solaman. So’z topolmay ifodasiga, Rang axtarib shoshib qolaman.

Sof yel esar... Parvona uchar, Chiroq atrofida o’rgilib, O’zin urib part bo’ladi-yu, Stolimga tushadi kelib.

Men yozaman, yulduzlar o’tar, Har birisi so’ylar bir ertak. Mana, Hulkar qarshimda chaqnar, Yorqin tongdan keltirib darak.

Tun o’tadi, yana chorbog’dan Ko’tarilar sahargi tuman. Men-chi, asta chiroq so’ndirib, Otayotgan tongni kutaman.

Ko’zlarimda erib ketdi tun, Yoyilmoqda yorqin juvon kun...

KO'RGANMIDING KO'ZLARIMDA YOSH

Sog'inganda izlab bir nishon, Qabring tomon olar edim yo'l. Keltirarding menga bir zamon, Endi har chog' men eltaman gul.

Keldim. Uzoq qoldim men sokin, Sening aziz boshingda yolg'iz, Osmon tiniq edi va lokin, Parcha bulut yetib keldi tez.

Ko'kda mening boshimda turib, Go'yo yuragimda qalqdi u. Kozimdagi yoshimni korib U ham to'kdi yoshini duv-duv.

Biz yig'ladik tepangda shu kun, Keldingmi deb ko'tarmading bosh. Ayt-chi, senla baxtiyor onlar Ko'rganmiding ko'zlarimda yosh?


NEVARA

Ulug‘bekka

Nevaram quyunday otilib kirib, Qalamim tagidan qog‘ozni yular . Damda varrak yasab ko‘kka uchirib, Izidan qop-qora ko‘zlari yurar, Varrak tortar shekil, murg‘akni kuch-la Oyoq tirab siltar dakani kibor Ayrilib qog‘ozdan, she’rdan va hushdan Boqaman varrakboz jonga baxtiyor, Naq bobosi siyoq zehnday tiyrak, Ko‘kish alangada yonar sochu qosh. Borlig‘i ezgu bir o‘t bo‘lsa kerak, Tomirlarda qonmas, kezadi quyosh. Daka varrak tiniq zangori fazo Tubiga intilar, sho‘ng‘ir naq xayol. Talpingan ko‘ksingda, bolakay ne bor, Sen iqbolga, senga ne tutar iqbol? Nevara bo‘lmasa, odamzod albat, O‘zi kashf etardi, kashf etganday baxt.


BOG‘LAR QIYG‘OS GULDA

Bog‘lar qiyg‘os gulda — yaxlit bir chaman, Har daraxt anvoi bir tarovatda. Bir kaft bog‘ mehnatu hosilga vatan, O‘zga ko‘rk, o‘zga rang har bir daraxtda. Har navda bir gulda, har gulda bir ro‘y, Har daraxt bargi bir dunyo hikoya, Har birin hosili o‘zgasiga ko‘rk, Biri-biri uchun qudrat, himoya. Vatanim ko‘zimda: qay burchi aziz, Bilmam, qayda tole serzavq, serjilo? Yalpi to‘lishadi bedaxl yurtimiz, Naq har qarichi dil, jon tomir go‘yo, Bir qardosh tinchisiz — o‘zga beorom Birining nonisiz — o‘zga emas to‘q... Bu – qadim dunyoda yangi bir olam, Bunda orqa tog‘siz bir tirik jon yo‘q. Tayanch bo‘lmasaydi odamzod albat, O‘zi kashf etardi, kashf etganday baxt.