MAQOM IJROCHILIGIDA NIM PARDA MASALASI MUAMMO VA YECHIMLARI

Djurayev Alijon Asrorovich – Yunus Rajabiy nomidagi O‘zMMSI

“Vokal va cholg‘u ijrochiligi pedagoglarini tayyorlash”

kafedrasi mudiri

Bugungi kunda mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini izchil rivojlantirish, jahon miqyosidagi ijobiy tajriba va tendensiyalar, yutuq va natijalarni har tomonlama chuqur o`rganish asosida madaniyat va san`at muassasalari faoliyatini samarali yo`lga qo`yish, tarmog`ini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Shu munosabat bilan sohamiz doirasida mavjud muammolarni o‘rganish, ilmiy yangiliklar yaratish, muammolar yechimi ustida izlanishlar olib borish har birimizning ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

         Tarixga nazar solar ekanmiz har bir davrda yetishib chiqqan olimlar o‘zlarining bilim doiralaridan kelib chiqqan holda ilm muammolari ustida izlanishlar olib borishgan. Shunday ulkan va murakkab bilimlar ummoni bo‘lmish musiqa san’ati o‘zining murakkabligi-yu, jozibadorligi bilan ahamiyatlidir.

        Qadim zamonlardanoq olimlar musiqa tovushining hosil bo‘lishi hamda uning qonuniyatlarini aniqlashga urinishgan. Sharq va G‘arb olimlari musiqiy tovushlarini o‘lchash asnosida uni tizimlash, yaxlitlash borasida ko‘plab tajribalar o‘tkazishgan.

Bir ovozlik musiqaga asos bo‘lgan tovush qator Antik davrda shakllandi. Bunda Pifagor tomonidan  ikkini uchga nisbat etib olish yo‘li bilan hosil etilgan tovush qator misol bo‘la oladi. Buni Gs o‘lchamlarida tushuntiramiz. Misol uchun LYa 440 Gs bo‘lsa, keyingi tovushni topish uchun 440 ning 1.5 barobarini unga qo‘shamiz.                              440 : 2 + 440 = 660

660 Gs to‘lqinlanuvchi tovush ikkinchi oktavadagi MI tovushini beradi.

Agar LYa dan MI gacha sanab borsak, tovush qatorda MI beshinchi pog‘ona bo‘lib joylashgan. Shundan kelib chiqib aytamizki, har qanday bosh tovushdan boshlab olingan shu zayldagi nisbatlar orqali tovush qatorning beshinchi, ya’ni, kvintasini aniqlab olishimiz mumkin. Masalan, DO tovushidan (260Gs) huddi shunday nisbat olinsa SOL (390Gs) hosil bo‘ladi. Ushbu interval musiqada kvinta deyiladi.                            260 : 2 +260 = 390

Shunday qilib Pifagor tovush tizimida asosiy tovushdan 2:3 nisbati olish yo‘li bilan kvinta doirasi orqali tovushlar pog‘onasi hosil qilib borilgan. Agar shu yo‘sinda davom etilsa tovushlar soni bir oktava ichida 12 ta emas 53 tagacha yetadi. Pog‘onalar orasi esa yarim ton (100 sent) emas, bir koma (24 sent) bo‘lib boradi. Bunday taqsimning ohiri yo‘q. Keyingi davrlarda ko‘p ovozlik musiqa rivojlana boshlagach, yangi temperatsiya tizimi joriy etilib, Pifagor tovush tizimi yaroqsiz hisoblanib qoldi va iste’moldan chiqib ketdi.

Ammo, shu nisbatlar orqali hosil qilingan tovush qatorlar o‘tmishda bir ovozlik musiqa uchun eng qulay tizim bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi zamonda ham 12 qatorlik temperatsiya tovush qatorlaridan farq qiluvchi 17, 32, 53 qatorlik tovush tizimlari ko‘pgina sharq xalqlari bir ovozlik musiqasida asos bo‘lib qo‘llanib kelinmoqda.

Mazkur tabiiy tovushqatori asoschisi deganda mashhur Italyan kompozitori va musiqiy nazariyotchi Jozeffo Sarlino (1517-1590) nomini tilga oladilar. Tabiiy tovush tizimining tovushlari sozlanishi har bir tovushning obertoniga, sadosiga moslab olingan. O‘z o‘rnida tabiiy tovush qatorni sado tovushqatori deyishimiz mumkin. Har bir musiqiy tovush nafaqat asosiy tovush to‘lqiniga ega, balki u bir nechta sado tovushlari yig‘indisidan hosil bo‘ladi. Bu sado tovushlarini asosiy tovush tebranishiga nisbatan o‘z tebranishlari bo‘lib, har bir sado tovushlari tabiiy ravishda o‘zaro nisbat oraliqlariga egadirlar. 1/2, 1/3, 1/4, 1/5, 1/6 va hokazo. Oddiy qilib aytganda bir, asosiy tovush sekunda, tersiya, kvarta va hokazo tovushlar bilan sadolanadi. Ana shu sadolarni ilg‘ab olinsa, ularning ham tabiiy holda oraliq nisbatlari mavjudligiga guvoh bo‘lish mumkin. Ana shu nisbatlar asosida terilgan tovushlar qatori oberton (sado) tovush tizimi yoki tabiiy tovush tizimi deb ataladi.

Tabiiy tovushqator pog‘onalarining oraliqlarini zikr etganimizdek tovushlarining tebranishiga sozlab olinaveradi. Ammo, asosiy tovushdan boshlab tuzilgan tabiiy tovushqatorda joylashgan maʼlum tovushlar boshqa tovushning asosiy qilib olinganda o‘rni o‘zgarib qolaveradi.

Bu ko‘p ovozlik musiqiy o‘lcham bilan qaraganda tonalliklarni almashtirib ijro etishga yaramaydi. Tabiiy tovush qator asosan modal ladlar, bir ovozlik musiqada bir tonallik musiqa uchun qo‘llanilar ekan. Bizdagi maqomlar ladlari ham aynan ana shu qonuniyatga asoslangan. Tabiiy tovush qatordagi bu qonuniyatlar fortopiano, garmon, organ kabi bosma pardali cholg‘ular ijrosida ko‘p muammolar tug‘dirgan. O‘sha vaqtdagi musiqachilar bu tabiiy tovushqator nomukammal va amalda qiyin qo‘llanilganligiga qaramasdan yangi tovushqator kashf qilingunga qadar uning sof kvartalari va bir ovozli musiqadagi o‘ziga hos ohanglari bilan ovunib yurganlar. Pardasi maxkamlangan fortepiano kabi cholg‘ular esa bu tovush qatorga mos emasliklaridan ancha isteʼmoldan chetda edilar.

Mazkur muammoni hal eta olgan kashfiyot esa kutilmagan tomon, uzoq Sharqda paydo bo‘ldi. Uzoq Sharqda musiqiy garmoniya uchun tamom boshqa asoslar qo‘llanilar va asosiy hisoblanmish kvinta, kvarta, tertsiya kabi intervallar u yerlik musiqachilar uchun katta ahamiyatga ega emas edi. Asosiy maqsad esa tabiiylikka zid bo‘lsada, barcha tovushlarni teng bo‘lish edi. Albatta, mazkur yondoshuv tabiiy qonuniyatning qaysidir maʼnoda buzilishiga olib kelsada, ammo, real amaliyotning beshavqat talablariga buysunishdan iborat deb qabul qilingan edi. Keyinchalik musiqaga bunday munosabat temperatsiyalashtirilgan tovushqatorning yaratilishida ham qo‘llanildi

Bu tovushqator intervallari barcha tovushlar aro teng bo‘lingan bo‘lib, bir oktavani teng o‘n ikki, yarim tonga bo‘lish bilan chiqariladi. Bu tovushqator bir meʼyordagi temperatsiya tovushqatori deb atalib, tabiiy tovushqatordan o‘zidagi yarim tonlarni bir xilligi bilan ajrab turadi.

Ushbu musiqiy tizimni asoschisi Xitoylik shahzoda XV asrda yashagan iste’dodli tarixiy shaxs, musiqa, matematika va astranomiyaga qiziqib, ilmiy-ijodiy o‘rganishlar olib borgan Chju Szay Yuy deyish mumkin. Qariyib o‘ttiz yillik musiqiy, matematik uslubdagi izlanishlaridan so‘ng u yangi, teng yarim tonliklarga bo‘lingan musiqiy tovush tizimini kashf etadi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek Sharqda Pifagorning musiqa akustikasini o‘rganishda tutgan yo‘li asosiy maktab bo‘lib shakllandi. Ammo, Sharq mutafakkirlarining chuqur va izchil tadqiqotlari, mahsus tajribalari, ilmiy va amaliy tekshiruvlari o‘ziga hos yondoshuvlari Yunon musiqiy nazariyasiga ham ba’zi, yangi o‘zgarishlar, tuzatishlar kiritilishiga sabab bo‘la oldi. Sharq musiqasi nazariyasining shakllanish bosqichlari orqali quyidagilarni yaqqol ko‘rishimiz mumkin: O‘rta asr nazariyoti va amaliyoti bilan qadimiy olamning o‘zaro mushtaraklik tomonlari ko‘p asrlik tajribaviy uzviy bog‘liqlik.

Pifagorning tovush qatorlarni kvinta bo‘ylab aniqlash uslubini ilk marotaba al-Kindiyning (790-874) ishlarida kuzatishimiz mumkin. Keyinchalik ushbu o‘lchamlar ya’ni, Pifagorning tovushqatorlari tizimi al-Forobiyning cholg‘u sozlari pardalari ustida olib borgan izlanishlariga ma’lum darajada asos bo‘la oldi. Bunda asosiy cholg‘ulardan udning kvarta oraliqdagi joylashgan torlari amaliy tajriba quroli etib qo‘llanildi. Bunda tovushlar cholg‘uning torlariga bosib un chiqariladigan qo‘l barmoqlarining nomi bilan ataldi. Masalan:

Ushbu shakldagi qo‘llanmani keyinchalik yana bir yetuk alloma Abu Ali Ibn Sinoning izlanishlarida ko‘rishimiz mumkin. Ma’lumotlar Abu Ali Ibn Sinoning izlanishlari qaysidir o‘rinda Forobiyning qilgan ishlari, ma’lum xulosalariga to‘ldirish va to‘g‘irlash bo‘la olganligidan habar beradi. Shunday qilib, har bir davr, muhit, turli qarashlar, xalqlar, yelatlarning holatlari ta’sirida tovush tizimi yangidan yangi bosqichlarda shakllanib keldi.

Ikki asr o‘tib esa, Safiuddin al-Urmaviy bu yo‘lda izlanishlar olib boradi. U o‘z urinishlari natijasida sharq musiqasining nazariyasiga, tovush qator tizimiga yangi o‘zgartirishlar kiritadi. Xuroson tanburining pardalari yordamida ilmiy-amaliy tajribalar qilar ekan, Safiuddin al-Urmaviy o‘zidan oldingi tajribalarga ergashadi. Ba’zi tovushlarni qo‘shadi va ba’zilarini qo‘llamaslikni tavsiya etadi. Manba’larda keltirilishicha uning tovushlarni matematik yechimida Pifagor tajribasi bilan o‘zaro yagona tamoil ko‘zga tashlanadi. Aytib o‘tish joizki, mazkur risolalardagi tovushlar shakli bizga faqatgina o‘lchamlar, raqamlar, chizmalar shaklida yetib kelganligi sabab biz ularning ohanglarini qanday taralganligini yeshitish va to‘la tasavvur yetishdan mahrummiz. Shunday bo‘lishiga qaramasdan bugungi musiqada xukm surayotgan ko‘p ovozli tovush tizimi va temperatsiya tovush qolipiga yonma-yon bir ovozlik Sharq musiqasining ham mustahkam poydevorga va mukammal asosga ega ekanligini tasdiqlashda yuqoridagi risolalarning salmoqli o‘rni bor. Albatta, mavjud barcha tovush tizimilari hoh u temperatsiya bo‘lsin hoh Sharq uslubidagi bo‘lsin, musiqiy tovush birligiga to‘liq asos deb bo‘lmaydi. Bu xususida Abdurahmon Jomiy ham o‘z “Risolai musiqi”sida keltirib o‘tgan.

Ma’lumki zamonaviy maqom ijrochiligi va nazariyasida tovushqatorlar hamon G‘arb ko‘p ovozlik musiqiy tushunchalari bo‘yicha talqin etilib kelinmoqda. Buning natijasida esa qator chigalliklar, tushunmovchiliklar kelib chiqishi tabiiy. Masalan, Shashmaqom tarkibidagi 20 dan ziyod, turli rangdagi maqom tovushqatorlari major va minor sistemasi qolipiga solib o‘rganilib, butun boshli Shashmaqom tovushqatorlari ikki ohangda talqin etib kelinishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Maqomlardan: “Rost”, “Dugoh”, “Navo” va ularning tarkibidagi “Chorgoh”, “Bayot”, “Nasrulloi” kabi maqom ladlari major “Segoh”, “Iroq”, “Ushshoq”, “Buzruk”lar esa minor deb anglaniladi.

Aslida ushbu maqomlarning tovushqatorlarini chuqurroq o‘rgansak ular har biri o‘ziga hos ohangga egaligi va bir-biridan sezilarli darajada farq etishini ko‘rishimiz mumkin. Buning uchun har bir tovushqatorning asl interval o‘lchamlari va ularni to‘g‘ri ohanglashtirish qonuniyatini alohida o‘rganib chiqmog‘imiz lozim.

Buning uchun maqom tovushqatorlarini biz major, minor va oktava kabi tushunchalardan holi tarzda, maqom tovushqatorlariga jins, jam, nim parda tizimlari va maqom ijrochiligidagi ohanglashtirish qoidasiga binoan ko‘nikmalar hosil qilib olishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.

1.    Abdurauf Fitrat. “O’zbek klassik musiqasi va uning tarixi” Toshkent.:1993y.

2.     Darvesh Ali Changiy. Risolai musiqiy. O’zR FA ShI-1, inventar № 468 [1]

3.    Tashmatova A. “Musiqiy cholg‘ular muzeyi katalogi” Toshkent.: “Fan” nashriyoti, 2006 y.

4.    Ruzimov Z. “MAQOM IJROCHILIGIDA CHANG SOZINING MIKROXROMATIKASI” magistrlik dissertatsiyasi Toshkent., 2022.

  1. 1.    Abdurauf Fitrat. “O’zbek klassik musiqasi va uning tarixi” Toshkent.:1993y. 2.     Darvesh Ali Changiy. Risolai musiqiy. O’zR FA ShI-1, inventar № 468.