Garmon, garmonika — damli (pnevmatik) tilchali musiqa cholgʻu asbobi. 2 ta yogʻoch qoplama, odatda, tugmasimon klavishlar, dam (havoni harakatga keltiruvchi moslama) hamda ichida oʻrnatilgan metall tilchalardan iborat. Havo bosimining oʻzgarishi natijasida tilchalar sadolanadi. Oʻng tomondagi klavishlar vositasida melodik, chap tomondagilari bilan joʻrnavoz tovush(akkord)lar hosil qilinadi. 1822-yilda nemis ustasi K. F. L. Bushman yasagan G. keyingi turlari uchun asos boʻlgan. 19-asrning 30-y.larida G. ishlab chiqarish Rossiya (Tula)da boshlangan. Keyinchalik tatar, mari, kabardin kabi xalqlarda ham keng yoyilgan. G.ning bir yoki ikki qatorli, diatonik va xromatik turlari mavjud. Oʻzbek xalq sozandalari, ayniqsa, Xorazm xalfalari 19-asrdan buyon G.dan foydalanib keladi. Fargʻonada Orif Garmon (Toshmatov) ham shu soz bilan mashhur boʻlgan. G.ning takomillashtirilishi natijasida akkordeon va bayan cholgʻulari yuzaga kelgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil