Geobotanika (geo… va botanika) — yer yuzida oʻsimlik jamoalarining muhit bilan bogʻliq holda joylanishini, tarkibini va taqsimlanish qonuniyatlarini oʻrganadigan fan. U fitotsenologiya, ekologiya va oʻsimliklar geografiyasi boʻlimlardan iborat. Fitotsenologiya tarixiy taraqqiyot jarayonida muayyan tashqi muhitga moslashgan usimliklar tuplamini oʻzaro va muhit bilan chambarchas bogʻlangan holda oʻrganadi. Shunday qilib, tashqi muhit oʻsimlik jamoasiga va oʻz navbatida oʻsimlik jamoasi tashqi muhitga taʼsir koʻrsatadi. Masalan, oʻsimliklar tuproqdan ozuqa moddalari va suv olib, oʻsish va rivojlanishga sarflaydi, oʻsimliklarning qurib qolgan qoldiqlari tuproqqa tushib, uni organik moddalarga yoki har xil tuzlarga boyitadi. Jamoani tashkil qilgan oʻsimliklar oʻrtasidagi murakkab bogʻlanishni tashqi muhit (yorugʻlik, namlik, havo, ozuqa moddalar)ni tasavvur etib boʻlmaydi. Oʻsimliklar jamoasi bir tur yoki bir necha tur oʻsimlikdan tarkib topadi va har xil pogʻonalarni hosil qiladi. Buni Oʻzbekiston togʻlaridagi yongʻoqzorlarda ham koʻrish mumkin: yuqoridagi birinchi pogʻonani yongʻoq daraxti, undan pastki ikkinchi pogʻonani olma va doʻlana, uchinchi pogʻonani raʼnogul kabi butalar, pastki toʻrtinchi pogʻonani esa oʻtlar tashkil etadi. Oʻsimliklar jamoasida hukmronlik qiluvchi (koʻp uchrovchi) oʻsimlikka (turga) dominant (ustun turuvchi), boshqa oʻsimliklar (turlar)ga yoʻldosh oʻsimliklar deyiladi. Bir xil dominant va unga yoʻldosh turlarga ega boʻlgan oʻsimliklar jamoasi assotsiatsiyani hosil qiladi. Turlicha muhitda oʻsadigan, faqat yoʻldosh turlari bilan farqlanadigan assotsiatsiyalar oʻsimliklar formatsiyasiga birlashadi. G.ning eng yuqori birligi oʻsimliklar tipi — bir-biriga oʻxshash formatsiyalarni oʻz ichiga oladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil