Hoji Muin (1883–1942) – milliy uygʻonish davri Samarqand adabiy muhitining samarali ijod etgan isteʼdodli vakili, jurnalist, shoir, dramaturg va tarjimon.

Xayoti tahrir

Hoji Muin 1883-yil 19-martida Samarqand shahrining Ruxobod mavzeida tugʻilgan. Eski maktabda savod chiqargan. Madrasada Saidahmad Vasliydan taʼlim olgan. Rus tilini, Evropa madaniyatini mustaqil oʻzlashtirgan. 1901-yildan oʻqituvchilik faoliyati boshlanadi. 1903-yili oʻz mahallasida „usuli jadid“ maktabi ochgan. Ushbu maktab uchun 1908-yili „Rahnomai savod“ nomli alifbo nashr ettirgan. 1913-yildan Behbudiyning „Samarqand“ gazetasida va „Oyna“ jurnalida ishlay boshlaydi. 1914-yili „Tarbiyat“ nomi bilan oʻz uyida xususiy „usuli jadid“ maktabi ochgan.

Ijodi tahrir

Hoji Muin 10-yillardan boshlab oʻzbek va tojik tilidagi sheʼr va maqolalari bilan matbuotda koʻrina boshlaydi. 1914-yili „Guldastai adabiyot“ sheʼriy toʻplami bosilib chiqadi.

Faoliyati tahrir

1916-yili Hoji Muin koʻplar qatori mardikorlikka olinib, front orqasidagi qora ishlarga yuboriladi. 1917-yil mayida Fevral voqealari bergan imkoniyat tufayli ona yurtiga qaytadi, matbuotda ishlay boshlaydi. Fitrat bilan birga „Hurriyat“ gazetasida ishladi. 1918-yil 11-iyunida „Mehnatkashlar tovushi“ gazetasini yoʻlga qoʻydi. Unda mas’ul muharrir boʻlib ishladi. Uning tashabbusi bilan ushbu gazetaga ilova sifatida 1920-yilning 1-yanvaridan „Tayoq“ nomli kulgili jurnal taʼsis etiladi. 1922-yildan „Zarafshon“ gazetasining tahrir hay’atida ishlaydi. 1924-yilning 1-iyunida samarqandlik isteʼdodli hajvchi yoshlarning butun bir avlodini tarbiyalab etkazgan „Mashrab“ kulgili jurnaliga asos soladi. 1926-yili „Ovozi tojik“ gazetasiga adabiy xodim va musahhih boʻlib oʻtadi, uning qoshida chiqa boshlagan „Mulla Mushfiqiy“ hajviy jurnalida mas’ul kotib vazifasini bajaradi. Sevgan ishi oʻqituvchilikni ham davom ettiradi.

1929-yili aksilshoʻroviy faoliyatda ayblanib, olis Sibirning Karek okrug Pugachan rayoniga surgun qilinadi. Adib oʻz vataniga 1932-yilda qaytib keladi. Oʻzbekiston davlat nashriyotining tojik boʻlimida adabiy xodim va tarjimon boʻlib ishlaydi. 1934–37-yillarda „Qizil yulduz“ nomli harbiy gazetada xizmat qildi. Yana shoʻro hukumati tomonidan ayblanib, 10 yilga hukm qilinadi va 1942-yil 21-iyulida Perm oblastining Solikamsk shahrida vafot etadi. Adib 1963-yilda oqlandi.

Asarlari tahrir

„Ijodiy tarjimai holim“ (1937) risolasida 1907–1937-yillar davomida 23 xil gazeta va jurnalda adabiy, ilmiy va ijtimoiy mavzularda 200 maqola, 400 turli xabarlar, 1500 ga yaqin oʻzbekcha tojikcha sheʼrlari bosilganini xabar qiladi, asarlarining toʻla roʻyxatini keltiradi. Asosiy asarlari: „Sheʼrlar toʻplami“-1400 misraʼ, „Eski va birmuncha yangi sheʼrlar toʻplami“-1500 misraʼ, „Alfozi mutarodifa“ (arabcha-forscha-turkcha-oʻzbekcha lugʻat), „Oʻzbekcha maqollar“, „Tojikcha maqollar“, „Tarjimai ahvol“ (maqolalar toʻplami), „Tanqidiy maktublar“, „Alifbolar taʼrixchasi“. Adibning „Behbudiyning tarjimai holiga oid materiallar“, „Taraddudoti zavjot“ („Koʻp xotin olish“), „Xotiralarim“ asarlari tugallanmay qolgan.

Savodsizlikni tugatish uchun kurash yillarida „Oʻqitgʻuvchi“(1925), Tojikiston xalq maorifi komissarligining topshirigʻiga koʻra Ismatulla Rahmatullazoda bilan hamkorlikda tojikcha „Rahbari besavodon“(1925) nomli alifbolar tuzadi.

Dramalari tahrir

Hoji Muin dramaturg sifatida 7 drama yozdi. „Juvonbozlik qurbonlari“, „Boy ila xizmatkor“, „Qozi ila muallim“ pesalari saqlangan emas. Qolganlari: „Toʻy“ (Nusratulla Qudratulla oʻgʻli bilan hamkorlikda), „Eski maktab-yangi maktab“, „Mazluma xotin“, „Koʻknori“ oʻz davrida nashr qilingan.

Tarjima asarlari tahrir

Hoji Muin tarjimon hamdir. Turkchadan „Xulosai qavoidi forsiy“ni, forschadan „Buxoro sayohati“ (Fitrat)ni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. „Chaqirilmagan qoʻnoq“ hikoyasi chop etilmagan asarlari sirasiga kiradi. Bu asarlarning ayrimlari yoʻqolgan.

1915-yili Hoji Muin boshlangʻich maktablarning 3-sinfi uchun zamondosh Turkiston shoirlari sheʼrlaridan „Yangi adabiyot“ majmuasini tuzadi. U jurnalist sifatida yuzlab maqolalar qoldirdi. Ularning qamrovi keng: oddiy xabardan adabiy-biografik ocherkkacha, luqmadan dolzarb ijtimoiy-siyosiy muammolarni koʻtarib chiqqan munozaragacha bor.

Jaholatni qoralash, ilm-maʼrifatni ulugʻlash, milliy ozodlik va mustaqillik gʻoyalari Hoji Muin asarlarining leytmotivini tashkil etadi.

Shoir ijodiga nazar tahrir

Hoji Muin hayoti va ijodini tadqiq etish bilan OʻzMU olimlari professor B. Qosimov va dotsent Sh.Rizaev shugʻullanib keladilar. B. Qosimovning „Milliy uygʻonish: jasorat, maʼrifat, fidoyilik“ kitobida Hoji Muinga alohida toʻxtalingan. Sh. Rizaev 1997-yili adibning „Eski maktab, yangi maktab“, „Mazluma xotin“, „Koʻknori“, „Toʻy“ kabi dramalarini nashr ettirdi.

Nashr qilingan asarlari tahrir

  • Hoji Muin. Toʻy. Mazluma xotin. Eski maktab, yangi maktab. Koʻknori. — Sh. Rizaev. Jadid dramasi. T.: Sharq, 1997.

Adabiyot tahrir

  • Sh. Rizaev. Jadid dramasi. T.: Sharq, 1997.
  • B. Qosimov. Hoji Muin qismati. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 2002-yil 19-iyul.
  • B. Qosimov. Milliy uygʻonish: jasorat, maʼrifat, fidoyilik. T.: Maʼnaviyat, 2003.