Husni Maqta’
Husni Maqta’ (arabcha حسن مقطع - chiroyli yakunlash) - mumtoz adabiyotdagi she’riy san’at, she’r yoki boshqa asarni tinglovchiga xush keladigan yoqimli so’zlar, ezgu niyatlar izhori yoki duolar bilan yakunlash; husni intiho, husni xotima, baroati Maqta’ deb ham yuritiladi. Manbalarda husni Maqta’ dan ko’zlanuvchi maqsadlar yoritiladiki, ular mumtoz shoirlarimiz asarning o’qilish jarayoni, o’qivchi psixologiyasini hamisha e’tiborda tutganlarini ko’rsatadi. Jumladan, Husni Maqta’, avvalo, she’rning o’quvchi xotirasida muhrlanib qolishiga, ikkinchidan, she’rda yo’l qo’yilgan saxvu xatolarni xush kalom bilan yuvib yuborishga xizmat qiladi. Shuning uchun Atoulloh Husayniy husni maqta’ni “taomlarning oxirinda yeyilgan lazizu shirin taom”ga o’xshatadi. Shuningdek, manbalarda asarning tugallanganiga ishora qilish ham husni maqta’ning badiiy estetik funksiyalaridan biri sifatida ko’rsatiladi. Masalan: Said Ahmadning “ Tashakkurnoma” asari shunday misralar bilan tugaydi:
Bilursen barchaning holini, ey Shoh,
Inoyat chog’idir vallohu billoh
“Tashakkurnoma”ni himmat bilur yor,
Tugattim yetti kunda bemadadkor
Sakkiz yuz o’ttizu to’qqizda erdi,
Ki, so’z poyona eltmak dast berdi
So’zimni kim o’qib qilsa duoyi,
Ilohi ko’rmasun hargis baloyi.
Manbalar
tahrir- Adabiyotshunoslik lug’ati. D. Quronov, Z. Mamajonov, M. Sheraliyeva Toshkent- 2013. 405-bet.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |