Diplomatik immunitet - chet el diplomatik vakillariga, maxsus missiyalarga, davlatlarning xalqaro x,ukumatlararo tashkilotlardagi vakilliklariga, ularning rahbarlari va xodimlariga beriladigan huquq va imtiyozlar majmui. D.i. chet el dip-lomatlari (elchi, elchixona kotiblari, attashe va b.) va ular egallagan binolarning daxlsizligi, mahalliy sud tomonidan sud qilinmasligi, oʻz hukumati bilan yashirin aloqa qilish huquqi va h.k.dan iborat. Diplomatik vakilni maʼmuriy va sud yoʻli bilan qamashga, uning shu mamlakat fuqarolari yoki ajnabiylar tomonidan haqoratlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Vakolatxona binosi, undagi ashyolar, vakillarning turar joyi, mulki daxlsiz boʻlib, ular joylashgan binolar davlat muhofazasiga olinadi. Diplomat sud immuniteti huquqiga ham ega. Diplomatik vakillar gʻayriqonuniy xatti-harakati uchun javobgarlikka tortilmasdan, balki xalqaro diplomatik tartib asosida uni vakil etib yuborgan davlat tomonidan chaqirib olinadi. Shuningdek, ular soliklardan ozod qilinadi, bojxona imtiyozlariga ega. D.i.ga ega shaxslar oʻzlari yashab turgan davlat qonunlarini hur-mat qilishga majbur, bu qonunlarni buzgan holda nomaqbul shaxs deb eʼlon qilinishi mumkin. Diplomatik munosabatlar xaqidagi 1961-yil Vena konvensiyasi, Konsullik munosabatlari haqidagi 1963-yil Vena konvensiyasi, BMT Bosh Assambleyasining Xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga, jumladan diplomatik agentlarga qarshi qaratilgan jinoyatlar oldini olish va ular uchun jazolash toʻgʻrisidagi 1973-yil konvensiyasi va b. hujjatlarda D.i. tartib-qoidalari belgilangan.

Adabiyot tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil