Imom, hofiz, shayxulislom Ahmad ibn Shu'ayb ibn Ali ibn Sinon ibn Bahr ibn Dinor Abu Abdulloh Xurosoniy Nasaiy hijratning 215 yili Xurosonning shaharlaridan biri boʻlgan Nisoda dunyoga keldilar. Bu zot kitobi «Sahih» deb tan olingan olti Imomning biri edilar. Ashobi hadislar ichida asrlar ahlining imomi va peshqadami edilar. Yoshlari oʻn beshga etganda Qutayba ibn Sa'id al-Balxiyning huzurlariga borib, bir yilu ikki oy davomida hadis eshitadilar.

Imom Nasaiy ilm talab qilib Xuroson, Hijoz, Misr, Iroq, Arabiston yarim oroli, Shom kabi yurtlarni kezib chiqdilar. Soʻngra Misrda «al-Qanadiyl» nomli mashhur kitob bozori boʻlgan tor koʻchada yashadilar. Bu zotning huzurlariga hadis eshitish uchun huffozlar tashrif buyurishar edi. Ana shu vaqtda bu kishiga teng keladigan kishi topilmas edi. U zotning sifatlarini zikr qilib Doraqutniy aytadilarki: «Abu Abdurahmon hadis ilmida esga olinganlarning muqaddami edilar». Ibn al-Asiyr «Jomi' ul-Usul» kitobida: «Nasaiy Shofe'iy mazhabida edilar va Shofe'iy mazhabida «Haj» kitoblari bor.

U kishi taqvoli, talabchan boʻlib Dovud paygʻambarni roʻzasida davomli edilar», deb aytadilar. Bu zot roviylarni oʻz vaqtida jarohatlab, oʻz vaqtida ta'dil etardilar. Shuning uchun jurh va ta'dillari ulamolar orasida e'tiborlidir.

Imom Nasaiy ta'lif etgan kitoblari quyidagilar: «Sunani kubro va sugʻro», «Xasoisu fiy fazli Ali ibn Abu Tolib va oli bayt», «Kitobu zuafo val matrukiyn», «Manosiku Nasaiy», «Jam'u musnad Molik ibn Anas va musnad Ali ibn Abi Tolib».

Imom Nasaiyning «as-Sunan al-Kubro» kitoblari avvaliga koʻpgina zaif hadislarni ham oʻz ichiga olgan edi. Keyin esa, zaif hadislarni olib tashlab, sahihlarini qoldirganlar va bu kitoblarning «al-Mujtaba'» deb nomlaganlar. Mazkur kitob bizning vaqtimizgacha etib kelgan. Imom Nasaiyning «al-Mujtaba'»ni yozishlariga sabab, u kishi «as-Sunan al-Kubro» kitobini yozgach Ramla degan joyning amiriga taqdim qilganlarida, amir: «Buning hammasi sahihmi?» deb soʻragan. Imom: «Bunda sahih ham, hasan ham bor», dedilar. Shunda amir sahihlarini ajratishni soʻradi. Shu munosabat bilan Imom Nasaiy «as-Sunan al-Kubro» kitoblaridan sahih hadislarni tanlab «al-Mujtaba'» yoki «as-Sunan as-sugʻro» deb nomlangan kitobni yozdilar.

Bu kitob oltita «Sahih» deb nomlangan kitobning biridir. U birinchi marta 1256 hijriy sanada Hindistonda chop etilgan va eng ishonchli hadis kitoblaridan hamda hadis ulamolari tarafidan zaif hadislari eng kam va majruh kishilari yoʻq kitoblardan deb tan olingan. Bu oʻrinda Abu Dovud va at-Termiziy hadislariga solishtiriladi. Shuningdek, bu kitob hadislarni bir oʻrindagina keltirishga, zarurat tugʻilgandagina boshqa joyda rivoyat qilishga ehtimom qiladi. Shu vaqtning oʻzida hadislardan fiqh hukmlarini, illatlari bayoni bilan chiqarishga e'tibor beradi.

Imom Nasaiy kitoblariga koʻplab sharhlar yozilgan. Bu zotning ustozlari esa quyidagilardir: Ahmad ibn Abdata az-Zabyi, Ahmad ibn Maniy', Bashir ibn Muoz al-Aqdiy, Hasan ibn Saboh, Muhammad ibn Ismoil ibn Ayla Dimashqiy, Muhammad ibn Abbon al-Balxiy, Ali ibn Hojar, Amr ibn Zirorata al-Kalbiy, Iso ibn Muhammad ar-Ramliy, Muhammad ibn Hoshim al-Ba'labakkiy, Ishoq ibn Shohiyn, Qutayba ibn Said, Ishoq ibn Ibrohim, Ishoq ibn Mansur, Ishoq ibn Muso al-Ansoriy, Ibrohim ibn Said al-Javhariy, Ibrohim al-Javjoniy, Iso ibn Hammod, Hishom ibn Ammor va boshqalardir.

Imom Nasaiydan Ahmad ibn Umayr ibn Javso, Muhammad ibn Ja'far ibn Mallas, Abulqosim ibn Abul Aqb, Abul Maymun ibn Rashid, Abu Ali at-Tabaroniy, Abu Ja'far at-Taxoviy va boshqalar rivoyat qilishgan. Muhammad ibn Muso al-Ma'muniy aytadilar: «Imom Nasaiy Abu Bakr va Umar ibn Xattob roziyallohu anhu fazilatlarini tashlab, Ali roziyallohu anhuni fazilatlari haqidagi «al-Xasois» kitobini yozdi deb, uni qabul qilmay inkor qilayotgan qavmni koʻrdim. Bu haqda Imom Nasaiyga aytganimda shunday dedilar: Dimashqqa kirib Ali roziyallohu anhudan uzoqlashganlar koʻpayganini koʻrib «al-Xasosis» kitob- ini tasnif qildim va Allohdan ularni hidoyatga boshlashini umid qildim».

Bu zot tavallud topgan, Niso shahri haqida ma'lumot: Shaharning Niso deb atalishiga sabab: fotihlar Xurosonni fath etishganda shahar erkaklari qochib ketishgan ekan. Musulmonlar shaharda erkak zotini topa olmay, uni tashlab oʻtib oʻtib ketishgan ekan. Shu sababli u Niso («Ayollar») shahri, deb atalgan ekan. U hozirgi Turkmaniston erlarida joylashgan shahardir. Bu erdan Imom Nasaiydan tashqari, Abu Ahmad Homid Zinjaviy al-Azdiy kabi katta olimlar ham chiqqan.

Imom Nasaiy hijratning 303 yili Makkada shahid boʻldilar va Safo-Marva orasiga dafn etildilar.

ManbaTahrirlash

http://www.islam.uz