Jinoyat huquqi - huquq tizimining bir tarmogʻi; oliy davlat hokimiyati organi tomonidan oʻrnatilgan, qonun bilan qoʻriqlanadigan, ijtimoiy munosabatlar uchun xavfli boʻlgan tajovuzlarning jinoyat ekanligi va jazoga loyiqligini, jazo choralari tayinlash shartlari va tartibini hamda jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilishni belgilaydigan huquqiy meʼyorlar yigʻindisi. OʻzRda J. h.ning asosiy manbai Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va jinoyat qonunidir. J. h. jinoyat qonunining amalda tatbiq qilinishidan kelib chiqadigan munosabatlarni oʻrganadi, jinoiy javobgarlik asoslari va tamoyillarini belgilaydi. J. h.ning vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qoʻriqlash, shuningdek, jinoyatlarning oldini olishdan, fuqarolarni Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iborat. J. h. davr talabidan kelib chiqqan holda qonuniylik, fuqarolarning qonun oldidagi tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi qoidalariga asoslanadi. J. h. 2 qismdan iborat. Bular: Umumiy qism va Maxsus qism. Umumiy qism J. h.ning vazifalari va tamoyillarini amalda qoʻllanish doirasi, javobgarlikning asoslari, jazo turlari va ularni tayinlash, javobgarlikdan va jazodan ozod qilish, voyaga yetmaganlar javobgarligi va tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari toʻgʻrisidagi masalalarni oʻz ichiga oladi. Maxsus qism esa alohida jinoyatlar va shu jinoyatlar uchun tayinlanadigan jazolarni oʻz ichiga oladi.

J. h. fani jinoyat qonunchiligining ijtimoiy vazifalari va ijtimoiy samaradorligini, rivojlanish tamoyillari va muammolarini ham oʻrganadi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil