Katta oila — oilaning tarixiy shakllaridan biri. K.o. ota tomondan qarindoshlik, urugʻ-aymoqlikka asoslangan, bir necha ogʻa-ini, ularning xotinlari, oʻgʻillari, kelinlari, erga tegmagan qizlari, nabiralari (3 yoki undan ortiq avlod) hisobiga 20—30, ayrim joylarda 100 dan ortiq kishilardan tashkil topgan xoʻjalik guruhidir. Oilaning bu shakli Oʻzbekistonning Xorazm viloyatida "katta oila", Qashqadaryo viloyatida "bir qozon", "katta roʻzgʻor", Zarafshon vodiysida "ota uyi", Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida "katta ota uyi" nomlari bilan yuritiladi. Tarixiy manbalarga koʻra, K.o. turli davrlarda jahondagi deyarli barcha xalqlarda mavjud boʻlgan. Oʻrta Osiyoda mil. av. 1-ming yillikda vujudga kelib, mil. av. 7—3-asrlarda keng tarqalgan va milod boshlarida mustaqil qaror topgan. K.o. rivojlanish bosqichi shaharlarda va taraniy etgan hududlarda milodning dastlabki ming yilligi oʻrtalarida, koʻchmanchi aholi yashagan mintaqalarda esa 10—12-asrlarga toʻgʻri keladi. K.o. ning iqtisodiy asosini oila ixtiyoridagi i.ch. vositalari: yer, chorva mollari tashkil qilgan. Oila aʼzolari tomonidan yaratilgan barcha boyliklar, daromadlar oʻrtada boʻlgan. Shuningdek, isteʼmol sohasida ham K.o.ning barcha aʼzolari teng qatnashgan. K.o. ayni paytda sodda i.ch. birlashmasi boʻlgan. K.o. oʻtroqlarda — katta binolarda, koʻchmanchilarda — oʻtov-kapalarda yashagan va oiladagi har bir er-xotin uchun maʼlum joy ajratib berilgan. Oila aʼzolari oʻrtasidagi munosabat patriarxal harakterda boʻlgan. Yoshi eng ulugʻ (ayrim oilalarda obroʻli va tadbirkor) kishi oila boshligʻi hisoblangan. U oilaning xoʻjalik faoliyatiga rahbarlik qilgan. Oilaning ichki roʻzgʻor ishlari oila boshligʻining yordamchisi hisoblangan katta ayol (koʻpincha oilaboshligʻining xotini) tomonidan boshqarilgan. Oʻgʻillar yoshiga qarab navbat bilan uylantirilgan (aholining koʻpchiligi oʻz urugʻidan qiz olib, oʻz urugʻiga qiz uzatganlar). Kelin tushirishda toʻlanadigan qalin ham oilaning umummulkidan berilgan. Bundam oilalarda nikohning levirat va sororat shakllari ham mavjud boʻlgan. Oila jamoasi ichida K.o. xoʻjalik yuritishda chetdan tirikchilik vositalari sotib olmay va chetga hech narsa sotmay tirikchilik oʻtkazishga harakat qilgan. Savdo-sotiq va tovar i.ch.ning vujudga kelishi bilan K.o.lar ham bozor uchun mahsulot (mas, qorakoʻl teri, jun, gilam, chakmon va h.k.) ishlab chiqara boshlagan. Oila jamoasining ayrim aʼzolari uchun chetdan pul topish, yollanib ishlash imkoniyati paydo boʻlgan. Shunday qilib, oilada ayrim kishilarga tegishli shaxsiy mulk paydo boʻlib, koʻpayib borgan. Xususiy mulkchilik, shaxsiy mulkning ortishi (yoki boshqa xususiy sabablar, mas, ocharchilik, vabo, oila boshligʻining vafoti kabi sabablar) natijasida, K.o. tarqalib keta boshlaydi. K.o. oʻrniga kichik oilalar vujudga keladi. Lekin, dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va b. xoʻjalik shakllari oʻrtasidagi iqtisodiy rivojlanish darajasining turlicha boʻlishi sababli K.o. kichik oila bilan bir qatorda uzoq davr yashab keldi (uning qoldiqlari elat, toʻp, qoraqalpoqlarda koshe, tojiklarda qavm deb atalgan). Oʻrta Osiyoga tovar-pul munosabatlarining kirib kelishi K.o.ni yemira borib, natijada individual kichik oila, oilaning asosiy va keng tarqalgan shakli boʻlib qoldi (yana q. Kichik oila, Nikoh, Oila).[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil