Katta suvayirgʻich tizma – Avstraliyaning sharqiy va jan.-sharqiy sohili boʻylab 4 ming km ga choʻzilgan togʻ tizmasi. Katta suvayirgʻich tizma neogen-antropogenda koʻtarilgan. Togʻlar, asosan, paleozoy, qisman, mezozoy jinslaridan tuzilgan. Tizmaning markaziy qismida neft va gaz konlari, gʻarbiy yon bagʻrida qalay, polimetall rudalari, oltin, mis, Nyukasl va Vullongong sh.lari atrofida yirik toshkoʻmir konlari topilgan. Katta suvayirgʻich tizmaning 28° j. k.dan shim.dagi qismining kengligi 650 km ga yetadi, oʻrtacha bal. 1000 m. 28° j.k.dan jan.da Katta suvayirgʻich tizma ayrim tizmalardan iborat. Avstraliya Alp toglarining choʻqqilari (Kossyushko togʻi, 2230 m va b.) Avstraliyadagi eng baland choʻqqilardir.

Katta suvayirgʻich tizma subekvatorial, tropik va subtropik mintaqalarda joylashgan. Yillik yogʻin sharqiy yon bagʻirlarida 1000–2000 mm, gʻarbiy yon bagʻirlarida 500–700 mm. Oʻrtacha oylik temperatura shim.dan janubga tomon pasayib boradi: yezda 26–27°, qishda 17–10°.

Katta suvayirgʻich tizmaning gʻarbiy yon bagʻridan Murrey va Darling daryolari boshlanadi. Sharqiy yon bagʻri oʻrmon bilan qoplangan. 1000 m balandlikkacha doim yashil, sernam va evkaliptli tropik oʻrmonlar oʻsadi. Avstraliya Alp togʻlarida past boʻyli daraxtlar, 1600–2000 m dan yuqorida oʻtloqlar bor. Oʻrmonlarda koala, kuskus, daraxt kengurusi, jannat qushi, liraqush, kazuar, toʻti va b. yashaydi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil