Koʻrakoyoqlilar (sut emizuvchilar)

Koʻrakoyoqlilar, koʻrakoyoqli sut emizuvchilar (lotincha: Pinnipedie) — sut emizuvchilar sinfining bir turkumi. Bu turkumga morj, dengiz arslonlari, kulokli tyulen, tojli tyulen, dengiz quyoni, qoʻngʻir tyulen, xoldor tyulen, asl tyulenlar kiradi. Koʻrakoyoqlilar suvda yashaydi. Juni qisqa. Oyoqlari suvda suzishga moslashib, koʻrak (eshkak)ka aylangan (nomi ham shundan). Koʻrakoyoqlilar yerda zoʻrgʻa sudralib yuradi. Tishlari, asosan, konus shaklida. Dumi juda qisqa, terisi ostida qalin yogʻ qatlami bor. Bu qatlam hayvonlarni sovuqdan saqlaydi. Ular och qolganda yogʻ qatlam hisobiga yashaydi. Koʻzlari suv ostida koʻrishga moslashgan. Quloq suprasi juda kichkiva yoki boʻlmaydi. Burun teshiklari faqat nafas olganda ochiladi. Koʻrakoyoqlilar suv yuzasida dam oladi va uxlaydi. Suv tagida uzoq tura oladi. Koʻrakoyoqlilar suvda oziqlanadi, ozigʻini chaynamay yutadi (mollyuskalarning chigʻanogʻini tishida maydalaydi). Koʻrakoyoqlilar urchish, tullash, tugʻish va bolasini emizish, dam olish uchun quruqlikka yoki muz ustiga chiqadi. Koʻrakoyoqlilar eng kichik turining boʻyi 1,3 m (halqa naqshli tyulen yoki nerpa), eng kattasiniki 5,5 m (dengiz fili). Koʻrakoyoqlilarning 31 turi maʼlum 3 oilaga: morjlar, quloqli tyulenlar va asl tyulenlarga boʻlinadi. Okean larda, sovuq va oʻrta mintaqadagi dengizlarda, jumladan, Qora dengiz va Kaspiy dengizda uchraydi. Ayrim turlari koʻllar (mas, Ladoga va Baykal)da ham yashaydi. 6 turi va 3 ta kenja turi Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil