Kovul, kovar (Capparis spinosa L.) — kovuldoshlar oilasiga mansub yarim buta. Poya va shoxchalari yotiq, bargi tuxumsimon, guli yirik, oq yoki och pushti. Mevasi qizil etli, koʻp urugʻli.

Qrim, Kavkaz, Oʻrta Osiyo, Shimoliy Afrika va Oʻrta dengizning toshloq yerlarida koʻp tarqalgan. Janubiy Yevropada ekiladi. K.ning gʻunchasi, mevasi sirkalab yoki toʻzlab ovkatga solinadi. Mevasida 18% oqsil moddalar, 36% cha moy bor. Choʻl va adirlarda, yoʻl boʻylarida, devorlar ustida, ekinlar orasida oʻsadigan kovul koʻp urugʻli rezavor boʻlib, mevalari etdor, uzunligi 2 smga boradi. Iyul-avgust oylarida urugʻlari pishadi. Bu dorivor oʻsimlikning mevalari tarkibida saponinlar, alkaloidlar, 32,9 foiz uglevodlar, 150 mg askorbin kislota, 3,75 foiz moy, ildiz poʻstlogʻida staxidrin alkaloidi mavjud.Kovul yoki kavar oʻsimligi tabiiy holda Oʻrtayer dengizi, Yevropa janubida, Kavkazda, Oʻrta Osiyoda, shu jumladan, Oʻzbekistonda, Pokiston va Hindistonda tarqalgan. Bu oʻsimlik Fransiya, Ispaniya, Italiya, Aljir hamda Kiprda, Gretsiya va Shimoliy Amerikada madaniylashtirilgan boʻlib, landshaftlarning bezagi hisoblanadi. Oʻsimlikning nomi Erondagi Dashti-Kavir choʻli bilan bogʻliq holda atalgan. Chunki kovul bu hududlarda eng koʻp uchraydigan oʻsimlik sifatida ajralib turadi.

Kovul dorivor oʻsimlik boʻlishi bilan bir qatorda oziq-ovqatda ham ishlatiladi. Kovulning gʻunchali novdalari, gʻunchalari, rivojlanayotgan mevalari sirka kislotasida marinovat qilinadi hamda oziq-ovqatda «kaperslar» nomi bilan mashhur dori-darmon koʻrinishida foydalaniladi. Hindular kovulni kobra, kabra yoki kabarra nomlari bilan atashadi hamda oʻsimlik organlari qoʻshib tayyorlangan oziq-ovqatlarni yoqtirib iste’mol qilishadi.

Tabobatda pishgan mevasi, barglari, novda va ildiz poʻstlogʻi ishlatiladi.

May-avgust oylarida ochilmagan gʻunchalari, barglari terib olinadi. Shu bilan birga yosh, yogʻochlasha boshlagan novdalari va ildizining poʻstlogʻi shilib olinadi, maydalanadi hamda quyoshda yoki 50-60ºS haroratda quritiladi.Poʻstlogʻidan tayyorlangan damlama ishtaha ochuvchi ta’sirga ega. Xalq tabobatida yiringli yaralarni davolash uchun ishlatiladi. Yangi shilingan poʻstlogʻi ogʻrigan tishga bosilganda ijobiy natija beradi. Ba’zan ochiq yiringli yaralarga qoʻyilganda antiseptik ta’sir qiladi. Bundan tashqari oʻsimlikdan stenokardiyada, tireotoksikoz, gemorroyda, qandli diabet kasalligini davolashda ham foydalaniladi.

Ildiz poʻstlogʻidan nastoyka tayyorlash uchun 20 g shilib olingan poʻstlogʻi ustiga 0,5 l qaynagan suv quyiladi, 1-2 soat davomida tindiriladi. Kuniga uch mahal ovqatdan oldin 1/2 stakandan ichiladi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil