"LA SKALA" (ital. "La Skala", toʻla nomi "Teatro alia Skala") — Milandagi opera teatri, jahon opera sanʼatining yirik markazlaridan biri. Binosi "Santa Mariya della Skala" cherkovi oʻrnida 1776—78 yillari qurilgan (nomi shundan). 19-asrgacha operalar bilan birga dramatik asarlar ham qoʻyilgan. Repertuarining asosini italyan kompozitorlarining operalari tashkil etadi: "L.S." teatrida D.Chimaroza, L.Kerubini, J. Rossini, G. Donitsetti, V.Bellini, J. Verdi, J.Puchchini va boshqa italyan kompozitorlarining asarlari ilk bor sahnalashtirilgan. Shu bilan birga Yevropa kompozitorlari (Sh.Guno, R.Vagner, P. Chaykovskiy, M.Musorgskiy, R.Shtraus, K.Debyussi, M. de Falya, L.Yanachek, D. Shostakovich, F. Pulenk va boshqalar)ning asarlari qoʻyiladi. Ayni vaqtda (har yili sentabr-noyabr oylarida) simfonik konsertlar ham uyushtiriladi.

"L.S."da Italiya va Yevropaning eng mashhur xonandalari (J. Pasta, M.Malibran, A.Patti, M.Battistini, E.Ka-ruzo, F.Shalyapin, L.Sobinov, T.Ruf-fo, T.Del Monte, M.Kallas, N.Gyaurov, L.Pavarotti va boshqalar), dirijyorlari (A.Toskanini, K.Abbado, G.Karayan va boshqalar) faoliyat koʻrsatgan. 1955-yilda "Pik-kola Skala" ("Kichik skala") deb nomlangan filiali ochilgan. Xonanda va raqqosalar maktabi bor. "L.S." teatrida butun dunyo, shu jumladan, oʻzbek opera xonandasi (R.Iminjonova, 1965) oʻz malakasini oshirgan. "L.S." xonandalari Dizmi di Chekko va M.Gulelmi Oʻzbekistonda gastrolda boʻlishgan (1970).[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil