Abul Hasan Ali al-Lahhom al-Harroniy (?, Harron — 970-yillar atrofida, Nishopur) — shoir. Buxoro, Xorazm, Termizda yashagan. Ijodida hajv asosiy oʻrin tutgan. Hajvlari, asosan, zamondosh maddoh shoirlar va davlat arboblariga qaratilgan. Uning tarjimayi holi haqida Abu Mansur as-Saolibiy o‘zining „Yatimat ad-dahr“ tazkirasida ma’lumot bergan.

Abul Hasan Ali al-Lahhom al-Harroniy
Tavalludi ma’lum emas
Harron
Vafoti 970-yillar atrofida
Nishopur
Ijod qilgan tillari arab
Fuqaroligi Arab xalifaligi, Somoniylar davlati
Yoʻnalish she’riyat
Janr satira

Tarjimayi holi tahrir

Al-Lahhom somoniylar amiri Nuh ibn Nasr (943—954) zamonida Arab xalifaligining markazidan Buxoroga kelib qoladi va amir Mansur ibn Nuh (961—976) podsholigining oxirigacha, ya’ni o‘ttiz yilga yaqin bu yerda yashaydi. Al-Harroniy nisbasi shoirning suriyalik ekanidan dalolat beradi, chunki Suriyada va Mesopotamiyada Harron nomli joy bor. „Al-Lahhom“ („qassob“) laqabi esa o‘zi yoki uning otasi qassob bo‘lganiga ishora qiladi[1].

Al-Lahhom o‘z zamonining mashhur satirik shoiri edi. Shoirning ba’zi bir she’rlaridan ma’lum bo‘lishicha, u Xorazm va Termizda ham bo‘lgan. Vazirlarga qarshi yozgan hajviy she’rlari tufayli Bust shahriga surgun ham qilingan. Shoir haqida as-Saolibiyning ma’lumot berishicha, uning hajvidan birorta hukmdor, vazir va amaldor omon qolmagan. U faqat yuqori mansabdagi kishilarnigina hajv qilgan.

Al-Lahhom, ayniqsa, mashhur vazir Abu Ali al-Bal’amiyni (960—974) tinimsiz hajv qiladi. Natijada, shoir ustidan amirga shikoyatlar yog‘ila boshlaydi. Amir shoirning terisini shilish va poytaxtni uning „qabih so‘zlari“dan tozalash haqida farmon beradi. Al-Lahhom Buxorodan chiqib ketishga majbur bo‘ladi va Nishopur tomon yo‘l oladi. Al-Bal’amiy uning orqasidan Nishopur hokimi Abul Hasan ibn Simjurga maktub yuborib, al-Lahhomni kuzatib borish va uning ishlaridan voqif bo‘lib turish haqida buyruq beradi. Shoir Nishopur xoni Vashimgir uyida to‘xtagan edi. Kasalga chalinib, boshini ko‘tarishga ham majoli qolmagandi. Qotillar o‘z maqsadlariga erisha olmasdanoq, shoir 974-yildan oldin, ya’ni al-Bal’amiy vazirligi davrida vafot etdi.

Ijodi tahrir

As-Saolibiy tazkirasiga al-Lahhomning 175 bayt she’ri kiritilgan. Uning ijodida satira asosiy o‘rinni egallaydi. Buxoroning X asrda arab va tojik tilida ijod etgan shoirlarining hech biri satira janrida al-Lahhom bilan tenglasha olmaydi[2]. Fransuz arabshunos olimi Barbe de Menar (XIX asr) uni milodiy 60-yilda tug‘ilib, 127-yildan keyin vafot etgan, Qadimgi Rimning mashhur satirik shoiri Yuvenalga qiyoslab: „Somoniylar davrida Movarounnahrdan chiqqan Yuvenal“ deb atagan edi.

Al-Lahhomning hajviy she’rlari asosan o‘ziga zamondosh bo‘lgan ayrim shoirlar va davlat arboblariga qarshi qaratilgan. Shoirlar orasida uning yomon ko‘rgan kishilari Ibn al-Abbos va Abu Muhammad al-Matroniy edi. U hajviy she’rlarida az-Zavzanin, Abu Ali al-Masihiy, ash-Shibliy kabi shoirlar ustidan ham kuladi. Ayniqsa, shoir bilan al-Matroniy o‘rtasida she’riy raqobat juda kuchli bo‘lgan. Al-Lahhom o‘zining bir hajviyasida al-Matroniyni „arzimagan bir shoshlik“ deb atasa, al-Matroniy uni „arzimagan bir qassob“ deb ataydi.

Al-Lahhomning ikki bayt hajviy she’rini Abu Rayhon Beruniy „Saydana“ asarining moychechak bobiga kiritib ketgan[3].

Manbalar tahrir

  1. Абдуллаев И. Бухоронинг арабийнавис шоирлари. Тошкент: Фан, 1965 — 38 bet. 
  2. Абдуллаев И. Абу Мансур ас-Саолибий. Тошкент: Ўзбекистон, 1992 — 46 bet. 
  3. Абу Райхан Бируни. Фармакогнозия в медицине, Ташкент, 1973 — 222 bet.