Maktabshunoslik - pedagogika fanining maktab ishlarini boshqarish asoslari, yoʻl, shakl, vosita, usul va metodlarini tadqiq etish bilan shu-gʻullanuvchi maxsus sohasi. Maktabni boshqarishning oʻziga xos qirralarini ochib beradi. Oʻzbekistonda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, "Davlat tili toʻgʻrisida", "Taʼlim toʻgʻrisida"gi qonunlar, "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi", Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va Xalq taʼlimi vazirligining taʼlimtarbiya jarayoni, shunin-gdek, oʻquv muassasalarini tashkil etish va rivojlantirish toʻgʻrisidagi qarorlari, ilgʻor mamlakatlar hamda ped. fanida bu sohada toʻplangan tajribalar M.ning asosiy manbalari hisoblanadi. M. maktabni boshqarish va unga rahbarlik qilishning asosiy tamoyillari, xalq taʼlimi muassasalarining faoliyati va ularning maktab pedagogik jamoasi va xoʻjalik hayotiga rahbarlik qilish metodlari, pedagog va oʻqituvchilarning umumiy oʻqishlarini tashkil etish, umumiy taʼlim maktablari hamda ularning tarmoqlarini yaratish va qurish yoʻllari, maktab binolarini loyihalash va qurish, maktab yer uchastkalari va hududlarini barpo etishga qoʻyiladigan pedagogik talablar, maktablarni moliyalash, ularni oʻquv qurollari bilan taʼminlash muammolari, oʻquv tarbiya jarayonlarini boshqarish bilan shugʻullanuvchi xalq taʼlimi muassasalari faoliyati, maktab ishiga rahbarlik qilish, maktab moddiy texnika bazasini yaratishda oʻqituvchilarga metodik yordam koʻrsatishni tashkil etish, maktab ichki rahbarligi ishining mazmun va metodlari, zamonaviy yangi maktab oʻqituvchisining qiyofasi, xalq taʼlimi muassasalarining hisoboti va hisobga olish ishlarini tashkil etish, maktab ishlari statistikasi kabi masalalarni ilmiy jihatdan yoritib beradi.

M., birinchi navbatda, maktablar tajribasi va ularning ish uslubiga tayanadi. Rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor ish tajribasini oʻrganish va umumlashtirish ham M.ning muhim vazifalaridandir. M. xalq taʼlimi muassasalari hamda maktab xodimlarining amaliy faoliyati va nazariy xulosalarini boyitishga xizmat qiladi. Kadrlar tayyorlashni takomillashtirish ham M.ning muxim masalalaridan biri. Oʻzbekistonda M.ning turli masalalariga oid tadqiqotlar Oʻzbekiston Ped. fanlari ilmiy tadqiqot instituti, Toshkent ped. universiteti va boshqa ped. intlarida olib boriladi.

Rohatoy Safarova, Laylo Shermamatova.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil