"Kote" Konstantin Aleksandrovich Marjanishvili (1872.9.6 – 1933.17.4) — rejissyor, gruzin teatri asoschilaridan. Gruziya xalq artisti (1931). Sahna faoliyatini 1893-yil aktyor sifatida boshlagan. 1897-yildan rus teatrlarida ishlagan. 1913-yil Moskvada "Erkin teatr" ("Goʻzal Yelena" spektaklini qoʻygan), 1920-yil Petrogradda Komik opera teatrini tashkil etgan. 1919-yil Kiyevda ham ishlagan (shaharning barcha teatrlariga komissar boʻlgan). 1922-yildan gruzin teatrining yetakchi arboblaridan, uning islohchisi. 1928-yil Kutaisida dramatik teatr (hozirgi Tbilisidagi Marjanishvili nomidagi teatr)ni tashkil etdi. "Koʻzibuloq", "Gruziyada quyosh tutilishi", "Hamlet", "Uriel Akosta", "Don Karlos" kabi spektakllari teatr ravnaqiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi. Fojiaviy, dramatik, komik, operetta, pantomimik kabi birbiriga kontrast janrdagi spektakllar sahnalashtirib, muvaffaqiyat qozongan.

1924-yildan Gruziya davlat kino sanoatida ham ishlagan. "Oʻgay ona Samanishvili", "Qonun va burch", "Gogi Ratiani", "Soʻna" kabi filmlarga rejissyorlik qilgan. Marjanishvili ijodi Gruziya ki-nosining shakllanishiga va N. Shengelaya, Marjanishvili Chiaureli kabi Gruziya kinosining yirik arboblari ijodiga katta taʼsir etdi va ular Marjanishvili rejissyorlik sanʼati prinsiplarini rivojlantirdilar.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil