Mahsi (massi) — mayin, pishiq qoʻy yoki echki terisidan tayyorlanadigan poshnasiz, baland qoʻnjli poyabzal. Hozir kalta qoʻnjli turi ham mavjud. Tag charmi yalang qavat va yumshoq boʻlgani uchun kalish yoki kavush bilan kiyiladigan milliy oyoqkiyimi. Mahsi musulmon xalqlari orasida qadimdan keng tarqalgan. Oyoqni sovuqdan asraydi, boldirni issiq tutadi. Mahsiga oʻxshash oyoq kiyimlari tasvirini Afrosiyob devoriy rasmlarida (V—VIII asrlarga oid) koʻrish mumkin.

Jalolobod shahridagi mahsi bozor

Tayyorlanishi. Mahsi, asosan, 3 qismdan: qoʻnj, boshliq (betlik) va tagcharmdan iborat. Qoʻnj terisi qalinroq olinadi, yupqa teridan tikilsa, qalin, qattiq matodan astar tikiladi. Kimga moʻljallanganligiga (jins va yoshiga) qarab mardona (katta yoshdagi erkaklar uchun), zaifona (katta yoshdagi ayollar uchun), bachkana (bolalar uchun) mahsilar farqlanadi. Terining xillariga koʻra, amirkon mahsi, bedana mahsi, goʻspandi mahsi (qoʻy terisidan), xirom mahsi, bulgʻori mahsi (mol terisidan) va boshqa turlari bor. Mahsi, odatda, qora tusli boʻladi, lekin Xorazmning baʼzi tumanlarida ayollar toʻyga qizil mahsi kiyishgan. Qoʻnjining yuqori qismiga rangli iplar bilan mayda mashina choklarida gul tikib bezatiladi. Hozirgi kunda ham katta yoshdagi erkak va ayollar, baʼzi yoshlar mahsi kiyishadi.[1]

Mahsilar odatda qora tusli boʻladi. Lekin Xorazmning baʼzi joylarida ayollar toʻyga borganda qizil mahsi kiygan. Bunday mahsilar qizil rangdagi turli yaltiroq toshlar bilan bezatilgan. Zamona zayliga qarab ularni bezatishda yangidan-yangi usullardan foydalanmoqda. Xonliklar davrida mahsilar oltin suvi yugurtirilgan iplar bilan zardoʻzi usulida bezatilgan boʻlsa, bugun milliy naqshlar tushirilgan turfa mahsilar jahon bozorlarida xaridorlarni oʻziga jalb qilib kelmoqda. Bunday yumshoq etiklar qoʻnjining yuqori qismiga rangli iplar bilan mayda mashina choklarida gul tikib bezatiladi.

Afzalligi. Mahsi tabiiy teridan tikilgani bois, oyoqni terlatmaydi, iissiqlikni yaxshi saqlaydi, havo oʻtkazuvchanlik xususiyati katta. Yungli mahsilar oyoqni issiq saqlab, sovuq oʻtmasligini taʼminlaydi.

Qadimda paypoq boʻlmagani sababli ota-bobolarimiz mahsi kiyganda paytavalardan foydalangan. Hozir ham yoshi katta otaxonlarimiz paypoqdan koʻra paytavani maʼqul koʻradi.

Paytava toza paxtalik matodan mahsining balandligiga qarab, toʻrtburchak shaklda kesib olinadi. Har safar mahsi kiyishdan oldin paytavalar oyoqlarga yaxshilab oʻraladi. U oyoq terlashi va haddan ziyod isib ketishining oldini oladi. Bugungi kunda esa istalgan turdagi paypoqdan foydalanish mumkin. Lekin faqat paxtalik va tabiiy yungli paypoqlar kiygan maʼqul.

Xarid jarayonida tanlov. Mahsi xarid qilishda, avvalo, narxiga emas, sifatiga va qanday xomashyodan tikilganiga ahamiyat qaratish lozim. Toza teridan tayyorlangan mahsilar ushlab koʻrilganda yumshoq, qoʻlga yoqadigan va silliq boʻladi. Ularni kiyganda ham hech qanday noqulayliklar sezilmaydi.

Tikilishiga ham alohida ahamiyat qaratish kerak. Mayda chok bilan bir tekis, qunt bilan tikilgan mahsilarning sifati yaxshi boʻladi.

Mahsi oyoq oʻlchamiga mos kelishi kerak. Chunki tor poyabzal oyoqni siqib, meʼyoriy qon aylanishini buzadi. Mahsining tagligiga ham oyoqdan sovuq oʻtishda muhim sanaladi.

Uzoq muddat saqlash siri. Odatda mahsilar avaylab kiyilsa, egasiga 8–10 yilgacha beminnat xizmat qilishi mumkin.

Yogʻin-sochin kunlarda kiyilganda mahsi biroz namiqsa, uni quritishda ehtiyot boʻlish kerak. Issiq batareyalar ustiga qoʻyib quritish mumkin emas. Yumshoq mato bilan artib, issiqroq joyga qoʻyish kerak. Yoʻqsa teri tez eskirib, yaroqsiz holga kelishi mumkin.

Mahsi tagligini har ikki yilda almashtirib turish kerak. Chidamli tagliglar ham oyoq bosimi ostida yedirilib, yaroqsiz boʻlib qoladi. Agar tagliklar vaqtida almashtirilmasa, mahsi tag charmi sekin-asta yeyilib ketadi.

Sovuq kunlar ortda qolib, mahsi javonga joylamoqchi boʻlinsa, u dastlab oyoq kiyimlar uchun maxsus kremda yaxshilab choʻtkalanadi. Poyabzalga surtilgan moy 10 soat davomida singishi kerak, shundagina uning yuzasida poyabzalni tashqi omillardan himoyalovchi qobiq hosil boʻladi. Soʻng quruq, paxtali matoda artib, qogʻoz yoxud matodan tikilgan xaltachalarga joylab olib qoʻyish mumkin. Polietilen xaltachalar havo oʻtkazmagani bois, teriga taʼsir qilib, mahsining chidamliligiga putur yetkazishi mumkin.

Mahsilarni tozalashda vazelindan foydalansa ham boʻladi. Vazelin oyoq kiyimni yaltiratibgina qolmay, namdan ham himoya qiladi.

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil