Mavlono Toʻtiy (vaf. 869 h.q./1465m., Hirot ) – fors-tojik tilida ijod qilgan turshizlik shoir. Nomi “Majolis un-nafois”ning ikkinchi majlisida tilga olinadi. Alisher Navoiy uning Abulqosim Bobur xizmatida tarbiya topgani, xushsurat va xushxulq yigit boʻlgani, Kotibiy qasidalariga tatabbuʼ bogʻlaganligini aytib, gʻazalidan quyidagi baytini keltiradi:

Goʻshayi xumxona az laʼli ravon ganji safost,

Shakli chang az bahri dafʼi gʻam dahoni ajdahost.

(Mazmuni: Mayxonaning burchagi laʼl (qizil may)dan safo xazinasiga aylangan. Undagi changning shakli gʻamni dafʼ qiluvchi ajdaho ogʻziga oʻxshaydi).

Mavlono Toʻtiy yigitligida vafot etgan. Navoiy uning vafoti munosabati bilan bir taʼrix bitib, “Devoni Foniy” tarkibiga kiritadi. Bu taʼrixda shoirning vafot etgan sanasi “Xuroʻs” bilan berilgan boʻlib, hijriy 869-yilni, milodiy 1465-yilni anglatadi:

Fosehi zamon Toʻtiy osh shoire,

Ki budash zi bikri maoniy aroʻs.

Chu Toʻtiy biraft, in ajab turfa bud,

Ki taʼrix shud favti oʻro “Xuroʻs”.

(Mazmuni: oʻz davrining soʻz ustasi Toʻtiy taxallusli shoir maʼnolar qiziga kuyov edi. Toʻtiy qazo qildi va ne ajab, uning vafoti taʼrixi “Xuroʻs” (xoʻroz) boʻldi)[1][2].

Manbalar

tahrir
  1. Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at. 
  2. Majolis un-nafois.