Kontent oʻchirildi Kontent qoʻshildi
Tahrir izohi yoʻq
Tahrir izohi yoʻq
Qator 72:
— Oxirzamon Payg‘ambari chiqar chog‘i yaqinlashdi. Shu kunlarda tug‘ilib, soyasi yer ustiga tushdi. Ul arab nasli, Quraysh urug‘idin bo‘lib, butun xalqni haq dinga da’vat qilur. Uning so‘ziga arablar inkor qilib, qarshi chiqqaylar. O‘z qabilasidin unga ko‘p jabru jafolar yetgay, oxirida uni o‘z shahri Makkadin qochishga majbur qilgaylar. Koshki men u zamonda tirik bo‘lsam edim. Afsuski, u zamonni ko‘rishga umr oz qoldi, — deb har qachon shundoq so‘zlar bilan hasrat qilur edilar. Varaqaning shundoq so‘zlarini eshitib yurgan onamiz Xadicha:
«Agar bu ulug‘ davlat arablar ichida birovga nasib bo‘lsa, albatta, Muhammaddan boshqaga bo‘lmasa kerak. Chunki unda har bir yaxshilikning belgilari bordur. O‘shandoq zotning xizmatiga loyiq bo‘lsam, nikohlariga kirsam, men uchun qandoq ulug‘ baxt-davlat bo‘lur edi», deb hamisha orzu qilar edi.
XADICHA SAVDOGARCHILIGIGA VAKIL BO‘LIB SHOM SAFARIGA CHIQQANLARI
 
Hazrati Xadicha arab xotunlari ichida ortiq aqllik, ziyrak, chechanliklari ziyoda bo‘lganlikdan, o‘z fahm-farosatlari bilan Payg‘ambarimiz boshlarida shundoq bir ulug‘ davlat borligini burundanoq sezib yurar edi. Shuning uchun turlik bahonalar bilan yaqinlashib, shul zotning nikohiga kirish yo‘lini izlar edi. O‘zlari bo‘lsa, Quraysh qabilasi ichida hasab-nasablik, husni jamolda chiroylik, urug‘-aymoqlari oldida obro‘lik, boy xotun bo‘lib, burungi eri o‘lib, tul o‘lturgan edi. Quraysh qabilasi sayyidlaridan bir qancha sovchi kelib, so‘rovchilar bo‘lsa ham, alardin hech birovini qabul qilmagan edi.
Makka shahrining atoqlik boylari qatorida qishda Yaman viloyatiga, yozda Shom shahriga savdo tijoratlari yil sayin yurib turmoqda edi. Bir kuni hazrati Xadicha payg‘ambarimizga kishi yuborib, aytdikim:
— Muhammad bo‘lsa, manim oldimda ko‘p hurmatlik yigitdur, men uni bek ishonimlik kishi deb bilurman, tijorat uchun Shom shahriga yubormoqchi bo‘lib, bir qancha mol tayyorladim. Agar xohlar ekan, bu tijorat ishiga boshchi bo‘lib, borib kelsin. Foydasiga teng sherik bo‘lurmiz, keyinchalik mendin ko‘p yaxshiliklar ko‘rgay, — dedi.
Payg‘ambarimiz bu so‘zni hazrati Xadichadan eshitgan so‘ngida, amakilari Abu Tolib qoshiga kelib, andin maslahat so‘radilar. Abu Tolib ham bu safardagi tijoratdin ko‘p foyda chiqishini chog‘lab, borishlariga maslahat berdi. Hazrati Xadicha bu so‘zni angladi ersa, ko‘p xursand bo‘lib, Maysara degan qulini yo‘lda xizmat qilish uchun hamroh qilib qo‘shdi va ham Pay¬g‘ambarimiz haqida nima sirlar ko‘rsa, yo‘llarda qandoq voqealar o‘tsa, payqab yurishiga buyurdi.
Shuning bilan Payg‘ambarimiz Xadichaning mollarini olib, Shom karvonlari bilan yo‘lga chiqdilar. Bu safarda Abu Bakr Siddiq ham birga edi. Payg‘ambarimiz bilan oralarida yoshliklaridin tortib do‘stlik aloqalari bor edi. Ikkovlari bir tuyaga mingashdilar. Tuyaga minishlari bilan yana bir parcha oq bulut tepalarida soya tashlab turdi. Safar tamom bo‘lguncha kun issig‘ida ustilaridin shu bulut sira ajramadi. Abu Bakr Siddiq va Maysara bu sirni ochiq ko‘rdilar. Karvonlar manzildan-manzilga ko‘chib, bir necha kun yurishib, Shom viloyatiga keldilar.Payg‘ambarimiz o‘n ikki yoshlarida amakilari Abu Tolib bilan kelgan safarlarida ko‘rishgan Buhayro rohibning savmaasiga karvon yaqinlashdi. Ul rohib bir necha yillar ilgari o‘lib ketib, o‘rniga Nasturo degan rohib kelib o‘ltirgan edi. Bu ham Tavrot, Injil kitoblarida Payg‘ambarimiz sifatlarini ko‘rib, oxirzamon Payg‘ambarining chiqar vaqti yovuqlashdi, Shom safariga chiqib, shu yo‘ldin o‘tguvchidur, aning jamolini ko‘rarmanmu degan umid bilan savmaa uzasidin (tomi) ko‘z tutib, Madina tarafiga boqib turar edi.
Bir kuni shul tarafdin karvon qorasi ko‘rindi, alar ichida ustiga bir parcha bulut soya solib turgan Payg‘ambarimizga ko‘zi tushdi. Karvon ahli savmaa oldiga kelib tushdilar. Payg‘ambarimiz ersa, savmaa yaqinidagi bir tup daraxt soyasida o‘ltirdilar, rohib kelib, Payg‘ambarimizga uzundan-uzun tikilib, qarab turdi.
— Bu kishi kim bo‘lur? — deb Maysara quldin so‘radi.
Undan javobini anglab, kitobda ko‘rgan sifatlariga to‘g‘ri topdi. So‘ngra Maysarani bir chetga tortib, unga Payg‘ambarimiz to‘g‘rilarida ko‘p sirlarni aytdi. Va ham Shom shahriga kirmasga maslahat berdi. «U joyda yahudiylardin dushmanlar kutib turmoqdadur, ulardin ziyon-zahmat yetmasun», dedi. Bu to‘g‘rida Payg‘ambarimizning o‘zlari bilan ham biroz so‘zlashdi. Mana shu rohib so‘zi sabab bo‘lib, payg‘ambarimiz Shom shahriga kirmasdin, shu joyda mollarini ko‘p yaxshi bahoda sotib qaytdilar.Endi «So‘zdan so‘z chiqar» degandek, bu kitob yozguvchi Alixonto‘ra, Shokirxonto‘ra otamiz marhum bilan o‘n to‘rt yoshimda, tarix hijrat 1319 (1902) yili haj safariga chiqdik. Toshkentdin poyezdga tushib, Kaspiy dengiz osha Kavkaziya orqalik, Botum bilan Qora dengizga kirib, Istambulga yetdik, ul zamonda sulton Abdulhamidxon hazratlari xalifa edilar. Bu joydin O‘rta dengiz orqali yurib, Bayrut shahriga keldik. Undan poyezd bilan to‘qqiz soatda Shomi sharifga keldik. Eng avval Bani Umayya jome’ida hazrati Yahyo Payg‘ambar qabrini ziyorat qildik, boshqa ko‘p ziyorat joylar bor ekan, alardin bo‘shagan so‘ngida shahardin anchagina chetroq joyda bir qishloqqa bordik. U qishloqni «Qadamun Nabiy» deb atar ekanlar. Unda bir masjidga kirdik, masjid ichida tokcha ustida bir dona katta tosh turibdur. Mana shu tosh uzasida bosilgan bir inson izini ko‘rib, ziyorat qildik. Bizni boshlab kelgan odam aytdikim, Payg‘ambarimiz yigitlik vaqtlarida hazrati Xadichaning mollari bilan tijorat uchun Shom shahriga kelgan ekanlar, shu joyda ko‘rishgan Nasturo rohib so‘zi bilan shahar ichiga kirmasdin, shu yerdin qaytgan ekanlar. Mana shu tosh ustiga, mo‘jiza bo‘lib, oyoqlarining izi tushgan, dedi. Ul zamonda butun Shom viloyati, arablar mamlakati sulton Abdulhamidxon xalifaga qarar edi. Hozirgi tarix 1371 yil bo‘lib, shul orada 52 yil o‘tibdur. «Inson umri o‘tar, yozgan so‘zlari qolar», degani shul ekan. Endi, boshqalar o‘tgandek biz ham dunyodin o‘tib ketsak, bizning avlod-nasllarimizga bu yozgan so‘zlarimiz yodgor bo‘lsin. Buni o‘qigan chog‘larida biz g‘aribni ko‘ngullariga kelturib, bir kalima Qur’on bilan duoda yod qilib, ruhimni shod qilgaylar. Alloh taolo alarning ham ikki dunyoligini obod qilg‘ay, omin!
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Quraysh karvoni Shom tuprog‘idin chiqib, manzildin manzilga ko‘chib, salomat Makka shahriga yetdilar. Makka xalqi karvon xabarini anglashib, to‘sib chiqishdi. Onamiz hazrati Xadicha ham shul chog‘da bir necha xotunlar bilan tom uzasiga chiqib, qarab turgan edilar. Yiroqdin kelayot¬gan karvon ichida Payg‘ambarimizga ko‘zi tushdi. Bosh ustilarida bulutdek soya solib turgan bir juft qush ko‘rindi. Haqiqatda esa u ko‘ringan qushlar ikki farishta edi. Angachalik Maysara qul ham yetib keldi, sihat-salomatlikni bildirgandan keyin bu uzun yo‘lda payg‘ambarimizdan ko‘rgan barcha sirlarni, bir necha karomat mo’jizalarni onamiz Xadichaga birin-birin bayon qilib berdi. Buni eshitgan so‘ngida Payg‘ambarimizga ixlos-muhabbatlari, zavq-shavqlari ilgarigidan yana ortiqroq bo‘ldi. Va ham Payg‘ambarimizning bu safardagi tijoratlarida boshqa kishilardin ortiqroq foyda chiqqanidan hazrati Xadicha ko‘p suyundilar.
== Adabiyot ==
* Hadis (Al-Jomiʼ assahih), 1—4-j.lar (2-nashri), T., 1997; Imom atTermiziy, Shamoili Muhammadiyya, T., 1991; Sogʻuniy A., Tarixi Muhammadiy (1—2-kitob), T., 1997; Hazrati paygʻambar hayoti (2nashri), T., 1997; Hasanov A., Qadimgi Arabiston va ilk islom (1kitob: Joqiliya asri). T., 2001.; Lutfiy Ahmad, Saodat asri qissalari [1-kitob. Intizor kutilgan tong], T., 2003.