Abdulla Qodiriy: Versiyalar orasidagi farq

Kontent oʻchirildi Kontent qoʻshildi
Qator 46:
Garchi „Mehrobdan chayon“da davr zugʻumi muayyan darajada sezilsa ham, adibda goho tarafkashlik mayllari koʻrinsada, amalda realizm mavqeida turgan, tarixiy haqiqatni mumkin qadar haqqoniy ifodalashga intilgan. Yozuvchining „Mehrobdan chayon“dagi realistik mahorati Solih maxdum obrazida juda yorqin namoyon boʻlgan. Romanda muallif yengil hazil-mutoyiba, kulgi-yumor, piching, kinoya-kesatiq, hajv orqali maxdum tabiatiga xos „maqtab boʻlmaydigan“ xususiyatlarni batafsil koʻrsatadi. Bunday xususiyatlarning ichki va tashqi ijtimoiy ildizlarini ham ochadi. Ayni paytda mahdumning „hamma nuqsonlarini yuvib ketarlik“ fazilatini ham taʼkidlaydi: „nima boʻlganda ham maxdum oʻz zamonasining eng oldingi domlalaridan, [[Qoʻqon]] aksariyatining savodxon boʻlishlariga sababchi ustozlardan“. Romandagi Anvar bilan Raʼno obrazlari, bir qarashda, romantik qahramonlarday taassurot beradi. Barkamollik – aql-zakovat, doʻstga, sevgiga sadoqat, erk, adolat yoʻlidagi shijoat bobida ular afsona, doston qahramonlarini eslatadilar. Ishqiy mulohazalar bobida bu ikki yosh juda erkin, oralaridagi gap-soʻzlar bir qadar kitobiy, shoirona… Masalaga sinchiklab qaralsa, Anvar va Raʼnodagi favqulodda, kitobiy tuyulgan hislatlar, ularning „gʻayritabiiy“ xatti-harakatlari mantiqan va ruhiy jihatdan asoslangan. Ular maktab koʻrgan, yaxshi tarbiya, chuqur bilim olgan, Sharqning yuksak madaniyati, gumanistik gʻoyalarini oʻzlari uchun chin eʼtiqod, bosh maqsad qilib olgan odamlardir. Adib asar personajlari qismati bilan bogʻliq holda muhim tarixiy hodisalar, shaxslar, sarguzashtlar haqida ham maʼlumot beradi. Solih maxdumning kechmishi, ota-bobolari qismati bahonasida keltirilgan Amir Umarxonning kanizi toʻgʻrisidagi hikoya, haq ishlari uchun jabr ko‘rgan Sayidxon, mulla Siddiq va Moʻminjonlarning achchiq qismati, Xudoyorxon tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Ogʻacha oyim sarguzashtlari, xon harami, xotinlari, oʻrdadagi qullar haqidagi aniq maʼlumotlar asarda salmoqli oʻrin tutadi. Ular bilan tanishganda hujjatli-tarixiy, publitsistik asar oʻqiyotganday boʻlasiz. Yozuvchi baʼzan qahramonlari tabiatini, xususan haramdagi qizlar fojiasini hazil-mutoyiba, oʻyin-kulgi orqali ochib beradi. Ammo bu kulgili boʻlib tuyulgan hodisalar zamirida jiddiy insoniy drama va shafqatsiz haqiqat yotadi. Xullas, „Mehrobdan chayon“ hayot haqiqatini „orttirmay va kamitmay“ oʻz holicha jamiki qirralari, tovlanishlari bilan gavdalantirgan, xarakterlar olamini, ruhiyatini oʻziga xos ohanglar, boʻyoqlar vositasida kashf etib bergan oʻxshashi yoʻq badiiy obidadir.
 
== Abdulla Qodiriy tarixiy romanlarining 20-yillardagi yangi oʻzbek adabiyotiga taʻsiri ==
Abdulla Qodiriyning tarixiy romanlari 20-yillardagi yangi oʻzbek adabiyoti oldida turgan murakkab gʻoyaviy-badiiy muammolarning juda koʻpini yechib berib, adabiy taraqqiyotning tezlanishiga xizmat etdi. Keyinroq oʻzbek adabiyotining atoqli vakillari qatoriga koʻtarilgan [[Oybek]], [[Gʻafur Gʻulom]], [[Abdulla Qahhor]] Abdulla Qodiriy ijodining katta taʼsiri ostida yetuk yozuvchi boʻlib yetishdilar. Abdulla Qodiriy ijodining milliy adabiyotlarga taʼsirini tojik, turkman, qozoq va qirgʻiz adabiyotining [[Sadriddin Ayniy]], M. Avezov, X. Deryayev, [[Chingiz Aytmatov]] singari yirik vakillari ham qayta-qayta qayd etishgan. Nemis adabiyotshunoslari N.Tun, I. Baddauf, amerikalik tadqiqotchilar E. Olvort, [[Xristofor Murfi]], asli eronlik amerika olimi [[Eden Nabi]] Abdulla Qodiriy ijodi boʻyicha jiddiy ishlar qilganlar. Abdulla Qodiriy ijodidagi chuqur mazmunni jozibador va ravshan shaklda ifoda eta olish, hayotdan yirik va salmoqli voqealarni tasvir uchun tanlay olish, hayotdagi dramatik vaziyatlarga eʼtibor, shaklning ixchamligi va katta prozada ortiqchaliklardan xoli ifodaning ustunligi, soʻzning maʼnoga mosligi va yorqinligi, hammadan ham muhimi – kishilar harakteridagi muhim xususiyatlarni koʻra olish va tasvir eta bilish yosh adabiy avlod uchun doimo ybrat namunasi boʻlib kelmoqda. Oybek aytganidek, „Oʻtkan kunlar“ romanida yozuvchi til ustida katta mahorat koʻrsatadi. Romanning tili haqiqatan boy, boʻyoqli, sodda, ifoda kuchi zoʻr, ommaga anglashilarlik bir tildir. Oʻzbek adabiy tilining shakllanishida bu asarning roli, shubhasiz, katta. Abdulla Qodiriy yosh adabiy avlodni doimo jahon realistik adabiyotidan oʻrganishga chaqirar, oʻzi ham jahon klassiklarini mutolaa etish va ularning asarlarini oʻzbekchaga tarjima qilish jarayonida realizm ustalaridan oʻqib-oʻrganib borar edi. Adib oʻz kasbi haqida toʻxtalib shunday degan edi: „Yozuvchiliqda bir qonun bor: hammadan ilgari maʼno, undan soʻng shu maʼnoni ifoda qilish uchun soʻz qurish, soʻzgina emas, sanʼatkorona, yaʼni shundogʻ soʻzki, aytmoqchi boʻlgan fikringizning ifodasi uchungina maxsus yaratilgan boʻlib, yasama boʻlmasin. Mana shu shartni bajarib, bu jihatdan taʼmin etilgach, boshqa masalalarga oʻtishga haq olgan boʻlasan…“.