Abu Ali ibn Sino: Versiyalar orasidagi farq

Kontent oʻchirildi Kontent qoʻshildi
+
+
Qator 24:
 
Qoraxoniylar 999-yil Buxoroni zabt etib, Somoniylar davlatini agʻdarganidan keyin Ibn Sino hayotida tashvishli, notinch va ogʻir damlar boshlandi. 1002-yil uning otasi vafot etdi. Ikki sulola vakillarining taxt uchun kurashi 1005-yil gacha davom etib, oxiri Qoraxoniylarning butkul gʻalabasi bilan tugadi. Bunday vaziyatda Buxoroda ortiq qolib boʻlmas edi. Shu bois Ibn Sino oʻz yurtini tark etib Xorazmga bosh olib ketdi. 11-asr boshlarida Xorazm qoraxoniylar hujumidan birmuncha tinch boʻlib, iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha rivojlangan oʻlka edi. Xorazmshohlar Ali ibn Maʼmun (997—1009) va Maʼmun ibn Maʼmun (1009—1017) ilm fanga eʼtiborli hukmdorlar boʻlib, olimlarga ilmiy ijod uchun qulay sharoit yaratib bergan edilar. Shu bois bu davrda Xorazmning poytaxti Gurganj (Urganch) da zamonasining koʻpgina taniqli olimlari toʻplandi. Yirik matematik va astronom Abu Nasr ibn Irok, (1034-yil vafot e.), mashhur tabib va faylasuflar Abu Saql Masihiy (1010 i. v. e.), Abu-l-Xayr Hammor (942—1030) va buyuk olim Abu Rayhon Beruniy shular jumlasidan. Ana shu ilmiy davraga 1005-yil Ibn Sino ham kelib qoʻshildi. Xorazmda Ibn Sino, asosan, matematika va astronomiya bilan shugʻullandi. Bu sohalardagi bilimlarining chuqurlashib, ilmiy dunyoqarashining shakllanishida Ibn Iroq va Beruniy bilan boʻlgan ilmiy muloqotlar katta ahamiyat kasb etdi. Ibn Sinoning Aristotel taʼlimoti xususida Beruniy bilan va oʻzining shogirdi Baxmanyor bilan yozishmalari tarixda mashhurdir. Ibn Sino Abu Saxl Masihiyning tibbiy tajribasi va bilimlaridan ham katta saboq oldi. Xorazmshoh vaziri Abulhusayn as-Sahliy ilmlarni sevuvchi kishi boʻlganidan, Ibn Sino u bilan doʻstlashadi va unga atab alkimyoga oid „Risola aliksir“ („Eliksir haqida risola“) nomli asar yozdi. Biroq Xorazmdagi osoyishta hayot uzoqqa choʻzilmaydi. Sharqda qudrati ortib borayotgan Gʻazna hukmdori sulton Mahmud Gʻaznaviy bu oʻlkaga koʻz tikadi. U, avval, Maʼmunga saroydagi bir guruh olimlarini Gʻaznaga joʻnatib yuborishni soʻrab xat yozadi. Bu xatga javoban Beruniy va Abul-Hammor Gʻaznaga ketadilar. Ibn Sino esa bu taklifni rad etib, Masihiy bilan birgalikda 1010—1011 yillarda yashirincha Xorazmni tark etadi. Shu vaqtdan olimning sargardonlik yillari boshlanib, umrining oxirigacha vatandan uzoqda hayot kechirishga majbur boʻladi. Masihiy bilan Ibn Sino Jurjonga — Masihiyning vataniga yoʻl oldilar. Lekin yoʻldagi qiyinchiliklar va suvsizlik tufayli Masihiy betob boʻlib, vafot etadi. Natijada, Ibn Sino azob-uqubatlar chekib, avval, Niso, soʻng Obivard, Tus, Shiqqon va Xurosonning boshqa shaharlarida qisqa muddat turganidan keyin, nihoyat, Kaspiy dengizining janubi sharqida joylashgan Jurjon amirligiga yetib keladi. Ibn Sino Jurjonda 1012—1014 yillarda yashaydi, lekin shu qisqa vaqt ichida uning hayotidagi muhim voqealardan biri — Abu Ubayd Jurjoniy bilan uchrashuv va bir umrga doʻstlashuv sodir boʻladi. U Ibn Sinoga nafaqat shogird, balki sodiq doʻst ham edi. U Ibn Sino bilan olimning soʻnggi damigacha, 25-yil davomida birga boʻladi. Ibn Sino tarjimai holining yozilib qolishi, koʻpgina asarlarining taʼlifi va tartibga tushishi hamda ularning keyingi avlodlarga kelishida Jurjoniyning xizmati katta.
[[Fayl:Ibn Sina, Bukhara.jpg|250px|thumb|right| Buxoroda Ibn Sino xaykali, [[O’zbekistonOʻzbekiston]]]]
[[Fayl:TajikistanP17-20Somoni-1999(2000)-donatedsb f.jpg|250px|thumb|right|Ibn Sino portretiga bilan 20 [[Tojikiston]] [[Somoniy]]]]
Jurjondalik vaqtida Ibn Sino ham ilmiy ijod bilan shugʻullandi, ham tabib sifatida faoliyat koʻrsatdi. Bu yerda u shogirdining iltimosiga koʻra, mantiq, falsafa va boshqa fanlarga oid bir nechta risola yozdi va eng muhimi „Tib qonunlari“ning dastlabki qismlarini yaratdi. 1014-yil olim Jurjonni tark etib, Rayga koʻchdi. Ibn Sino Rayga kelgan vaqtida bu yerda buvayhiylardan boʻlmish Majduddavla Abu Tolib Rustam (997—1029) va uning onasi Sayyida Xotun hukmronlik qilar edilar. Bu yerda Ibn Sino savdoyi dardiga chalinib qolgan Majduddavlani davoladi va shu sababli saltanat tepasida turgan Sayyidaning hurmat-ehtiromiga sazovor boʻldi. Lekin olim Rayda ham uzoq turolmadi, chunki Sulton Mahmud Gʻaznaviyning Rayga ham hujum qilish xavfi bor edi. Shu bois Ibn Sino Rayni tark etib, nisbatan kuchliroq, boʻlgan Hamadonga, Majdud-davlaning akasi Shamsuddavla (997— 1021) huzuriga ketadi. Hukmdorni sanchiq kasalidan davolaganidan keyin olimni saroyga taklif qiladilar. U avval saroy tabibi boʻlib ishlaydi, soʻng vazirlik mansabiga koʻtariladi. Davlat ishlari bilan band boʻlishiga qaramay ilmiy ishlarini ham davom ettiradi va qator asarlar yaratadi. „Tib qonunlari“ning 1-kitobini tugatib, oʻzining mashhur falsafiy qomusi — „Kitob ash-shifo“ ni ham shu yerda yozishga kirishadi. „Tib qonunlari“ ning qolgan qismini ham Hamadonda yozib bitiradi.