Abdurazzoqov Abdujabbor (1932, Bekobod sh.- 1995, Toshkent) — fizik olim, Oʻzbekiston fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi (1984), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1990). Fizika-mat, fanlari doktori (1972), professor (1973). Oʻrta Osiyo davlat universitetini tugatgan (1956). Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika institutida, Toshkent politexnika institutida, Moskva yaqinidagi Dubnada joylashgan Yadro tadqiqotlari Birlashgan instituti (YATBI)da ishlagan (1958-72). Toshkent Davlat Universiteti fizika fakulteti dekani (1972-80), kafedra mudiri (1968-95), Toshkent Davlat Universiteti oʻqituvchilar malakasini oshi-rish fakulteti dekani (1980-88). Ilmiy ishlari yadro spektroskopiyasiga oid. YATBIda — oʻzi yaratgan beta-spektrograflar majmui asosida muhim natijalar olgan. Qisqa yashovchi 100 dan ortiq neytroni yetishmaydigan yadrolarni oʻrgangan, 25 dan ortiq yadroning parchalanish tuzil-masini taklif qilgan, 8 ta yangi izo-topni kashf etgan. Beruniy nomidagi Oʻzbekiston davlat mukofoti laureati (1978).

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil