Abdulmajid II (usmonli turkcha: عبد المجید ثانى turkcha: II. Abdülmecid), shuningdek Abdulmecid efendi (turkcha: Abdülmecid Efendi[2]; 1868-yil 29-may, Istanbul — 1944-yil 23-avgust, Parij) — Usmoniylar sulolasining oxirgi xalifasi (1922—1924), Usmoniylar imperiyasi tarixida bir vaqtning oʻzida sulton unvoniga ega boʻlmagan yagona xalifa.

Abdulmajid II
 Usmoniylar imperiyasi xalifasi
Mansab davri
1922-yil 18-noyabrdan – 1924-yil 3-martgacha
Oʻtmishdoshi Mehmed VI
Vorisi lavozim bekor qilingan
Usmoniylar xonadoni boshligʻi
Mansab davri
1926-yil 16-maydan – 1944-yil 23-avgustgacha
Oʻtmishdoshi Mehmed VI
Vorisi Ahmed Nihad Efendi
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 30-may 1868-yil[1]
Istanbul, Usmoniylar imperiyasi
Vafoti 23-avgust 1944-yil(1944-08-23)
(76 yoshda)
Parij, Fransiya
Turmush oʻrtogʻi Şehsuvar Kadınefendi
Hayrünissa Kadın
Mihrimah Bihruz Kadın
Mehisti Kadınefendi
Bolalari Ömer Faruk Efendi
Dürrüşehvar Sultan
Onasi Hayranıdil Kadınefendi
Otasi Abdulaziz I
Dini Islom, sunniylik mazhabida
Dafn etilgan joyi Baqi’, Madina, Saudiya Arabistoni

Sulton Abdulazizning toʻrtinchi oʻgʻli Abdulmajid Usmonli taxtini egallash uchun juda kam imkoniyatga ega edi. 1876-yilda Murod V agʻdarilgandan soʻng, u vorislik qatorida sakkizinchi oʻrinni egalladi. 1912-yilda mustaqil davlat tuzish umidida boʻlgan albanlarning taklifiga koʻra, Abdulmajid yangi davlatning boshligʻi boʻlishi kerak edi. Barcha shahzodalar ichida uning tarbiyasi va maʼlumoti eng yevropalashganligi eʼtirof qilingan. Italiya bu taklifga qarshi boʻldi[⇨].

1916-yilga kelib, Abdulmajid uchta amakivachchasining hukmronligini koʻrdi, Mehmed VI hukmronligida taxt vorisi boʻldi[⇨]. 1922-yil 1-noyabrda Anqaradagi Turkiya Buyuk Millat Majlisi sultonlik va xalifalikni boʻlib, sultonlikni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. 19-noyabrda Millat Majlisi Abdulmajidni axloqiy nuqtai nazardan sulolaning eng munosib vakili deb eʼlon qildi. 1923-yil 29-oktyabrda Usmoniylar davlati rasman tugatildi[ru] va Turkiya Respublikasi tuzilganligi eʼlon qilindi. 1924-yil 3-martda 431-sonli qonun chiqarildi. Unga koʻra Usmoniylar sulolasining barcha aʼzolari mamlakatdan chiqarib yuborildi. Oʻsha kuni kechqurun Abdulmajid oilasi va xizmatkorlari bilan Shveytsariyaga joʻnab ketdi[⇨].

Shveytsariyadagi hayot Abdulmajid uchun juda qimmatga tushdi va Londonga koʻchib oʻtishga qaror qildi. Londonda yashashi uchun Mir Usmon Ali Xon[ru] tomonidan ijara puli toʻlangan edi. Sobiq xalifa siyosatga qiziqishini yoʻqotib, oʻzining sevimli mashgʻulotlariga: rasm chizish va musiqa yozishga shoʻngʻib ketgan. 1931-yilda qizining toʻyidan keyin Abdulmajid Parijga joʻnadi va u yerda 76 yoshida vafot etdi[⇨].

Biografiya tahrir

Toʻrt sulton davrida tahrir

 
Abdulmajidning otasi Abdulaziz
 
Abdulmajid II qizi Dürrüşehvar bilan

Abdulmajid 1868-yil 29-may kuni (boshqa maʼlumotlarga koʻra-30-may kuni) Istanbuldagi Dolmabahce saroyida tugʻilgan[3][4][5]. Sulton Abdulazizning oʻn uch farzandidan yettinchisi va toʻrtinchi oʻgʻli boʻlgan. Onasi hukmdor Abdulazizning ikkinchi joriyasi, cherkes millatiga mansub Hayranıdil Kadınefendi[tr] hisoblanadi[6][7]. Oʻzidan ikki yosh katta opasi Nazime Sulton ham bir onadan tugʻilgan[6]. Abdulmajid Yevropada taʼlim olgan[5].

1876-yilga kelib, Abdulmajidning otasi hukmronligidan norozilik eng yuqori choʻqqiga chiqdi va unga qarshi fitna rejalandi. 1876-yil 10-mayda sobiq bosh vazir Mütercim Mehmed Rüşdi Paşa, harbiy vazir Hüseyin Avni Paşa[tr], shayxulislom Hasan Hayrullah Efendi[tr] va portfelsiz vazir Midhat Paşa boshchiligidagi fitnachilar harakatga kirishdi. 12-may kuni fitnachilar kengash chaqirib, Abdulaziz endi Sulton taxtini egallashga qodir emas, degan qarorga kelishdi[8]. 29-maydan 30-mayga oʻtar kechasi Abdulaziz va uning oilasi Dolmabahce saroyiga qamab qoʻyilgan[9]. Sobiq Sulton oilasining mulki talon-taroj qilindi. Keyinroq Topkapi saroyiga olib ketilgan. Murod V va uning maslahatchilarining ruxsat bergach, oilasi bilan oʻzi tanlagan Feriye saroyiga koʻchib oʻtgan[9]. 1876-yil 4-iyunda Abdulmecidning otasi Feriye saroyida oʻlik holda topildi. Abdulazizning jasadi bir necha shifokorlar tomonidan tekshirildi va taxtdan agʻdarilgan Sulton oʻz joniga qasd qilgani rasman eʼlon qilindi[8]. Keyinchalik, 1881-yilda uning fitnachilar tomonidan oʻldirilgani isbotlangan[10]. Otasining oʻlimi va amakivachchasi Murod V taxtdan agʻdarilganidan keyin, Abdulmajid bir muncha vaqt oilasi bilan Feriyada qoldi[10].

1912-yil oʻrtalarida Usmoniylar hukumatining alban aʼzosi Basribey Avstriya-Vengriyaning elchisi Johann von Pallaviciniga[en] albanlar Usmoniylar shahzodasi boshchiligidagi mustaqil davlat yaratish umidida ekanligini maʼlum qildi. Ular Abdulmajidni eng munosib nomzod deb hisoblashdi. Bunga sabab — Abdulmajidning shahzodalar ichida eng koʻp yevropalashgani, uning yevropacha tarbiya va taʼlim olgani edi. Italiya bu taklifga qarshi chiqib, Abdulmajidni ham, boshqa Usmoniylar shahzodasini ham maʼqul koʻrmasligini eʼlon qildi. Avstriya-Vengriya imperiyasi Italiya pozitsiyasini qoʻllab-quvvatladi[5].

Taxt vorisi tahrir

17-asr boshida joriy etilgan vorislik tamoyiliga koʻra, Usmoniylar taxti sulolaning taxti erkak avloddagi eng katta erkakka meros boʻlib oʻtgan. Abdulmajidning amakivachchasi Abdulhamid II sulton boʻldi[11]. Oʻsha paytda Abdulmajidning oʻzi ham taxtni egallashi deyarli imkonsiz edi. Besh amakivachcha va ikkita katta oʻgay akasidan keyin taxt vorisligida sakkizinchi oʻrinda edi. 1909-yilda Abdulhamid II taxtdan agʻdarildi va Mehmed V hokimiyatga keldi[12]. Bu vaqtga kelib, Abdulmajid taxtga vorislik boʻyicha keyinchalik Sulton boʻlgan amakivachchasi Mehmed VI va rasmiy versiyaga koʻra 1916-yilda oʻz joniga qasd qilgan oʻgay akasi Yusuf İzzeddin Efendidan[tr] keyin uchinchi oʻrinni egalladi. Shunday qilib, Abdulmajid Mehmed VI hukmronligida taxtdan bir qadam narida boʻlib, uch amakivachchalar hukmronligida omon qoldi[4].

1918-yil 4-iyulda Mehmed VI taxtga oʻtirdi. Mehmed deyarli hech qanday siyosiy kuchga ega boʻlmagan — mamlakatni Anvar posho boshchiligidagi yosh turklar boshqargan. Taxt vorisi huquqiga ega boʻlgan sulolaning eng katta erkak aʼzosi qirq yoshli Abdulmajid merosxoʻr deb eʼlon qilindi. 1918-yilning yoziga kelib imperiyadagi harbiy-siyosiy vaziyat nihoyatda ogʻir edi. Oktyabr oyida hukumat mamlakatning Birinchi jahon urushidan chiqishi va imperiyaning amalda tugashini belgilab beruvchi Mudros sulhini[ru] imzoladi. 3-noyabrda yosh turklarning aksariyati mamlakatni tark etdi. 14-noyabrda imperiya poytaxti Antantaga aʼzo davlatlar tomonidan bosib olindi. Sulton hukumati ittifoqchilar qoʻlida qoʻgʻirchoqqa aylandi. Sultonning qilmishlari xalq tomonidan tanqid qilindi[2].

Xalifa tahrir

1922-yil 1-noyabrda Anqaradagi Turkiya Buyuk Millat Majlisi Istanbuldagi hukumatni tugatish uchun sultonlik va xalifalikni ajratib, sultonlikni bekor qilishga qaror qildi. Xalifalikka hukmron sulolaning aʼzosi rahbarlik qilishi kerak, lekin sultonlik unvonini meros qilib olgan shaxs emas, balki axloqiy nuqtai nazardan eng munosib kishi boshqarsin, degan qarorga kelindi. Biroq 1-noyabr kuni Sulton Mehmed VI xalifalik unvonidan mahrum etilmadi. Nihoyat, 16-noyabrda Turkiya Buyuk Millat Majlisi Mehmed VI ni sulton va xalifa unvonlaridan mahrum qildi va ertasi kuni Mehmed VI mamlakatni tark etdi[2].

 
Abdul-Mecid qizi va kuyovi bilan 1931 yilda

1922-yil 19-noyabrda (boshqa maʼlumotlarga koʻra — 18-noyabrda) Turkiya Buyuk Millat Majlisi Abdulmajid xalifa unvoniga eng munosib deb topdi. 24-noyabr kuni Topkapi yaqinidagi Hirkai Serif masjidida Abdulmajid xalifalikka qasamyod qildi[4]. Marosimda koʻplab davlat amaldorlari, jumladan Anqaradagi hukumat vakillari — Refet posho va Xoʻja Mufid afandi ishtirok etdi. Birinchi marta arabcha oʻrniga turkiy tilda duo oʻqildi. Fotih masjidida ilk bor yangi xalifa nomidan Mufid afandi tomonidan turk tilida xutba oʻqildi. Shundan soʻng Abdulmajid hukumatga oʻziga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirdi[2].

Koʻp oʻtmay Abdulmajid bir qancha qiyinchiliklarga duch keldi: u xalifa unvonini olmoqchi boʻldi. Mustafa Kemal Atatürk Millat Majlisidan Abdulmajidga moʻminlar xalifasi unvonini berishni talab qildi, bu esa saltanat va xalifalikning boʻlinishiga urgʻu berardi. 1923-yil 21-dekabrdan 27-dekabrga qadar xalifalik yigʻilishi boʻlib oʻtdi, unda Abdulmajidning vakolatlari tasdiqlandi. 1924-yil 3-yanvar kuni Mustafa Kemal xalifalik xaloskori unvoni bilan taqdirlandi. 15-yanvar kuni Turkiya Buyuk Millat Majlisi navbatdagi majlisida xalifalikni saqlab qolish maqsadga muvofiqligi masalasini muhokamaga qoʻydi[2].

 
Abdulmajid va uning qizi Dürrüşehvar sayr qilishmoqda

1923-yil 29-oktyabrda Usmoniylar davlati oʻz faoliyatini toʻxtatdi va uning oʻrniga Turkiya Respublikasi tashkil etildi. Xalifalikka ehtiyoj yoʻqoldi[4]. Gazetalar Abdulmajid xalifalik vakolatlaridan ixtiyoriy ravishda voz kechayotgani haqidagi sarlavhalarga toʻla edi, lekin uning oʻzi bu borada sukut saqladi. 1923-yil 5-dekabrda Buyuk Britaniya Islom Jamiyati gazetasi Abdulmajid va butun xalifalikni himoya qilishga bagʻishlangan maqolani chop etdi[2]. Xalifalik tarafdorlari Turkiyaning oʻzida qoldi. Shunga qaramay, 1924-yil 3-mart kuni 431-sonli qonun chiqarildi[4]. Unga koʻra, Usmoniylar sulolasining bevosita aʼzolari mamlakatdan chiqarib yuborildi. Oʻsha kuni kechqurun Abdulmajidning oʻgʻli, qizi, xotinlari, muallim Salih Keramet Nigar (shoira Nigâr Hanımning[tr] oʻgʻli), shaxsiy kotib Huseyn Nakip va shifokor Salahaddin Bey bilan birga mashinada Çatalca tomonga joʻnab ketishdi. Sobiq xalifaning oilasi hukumat tomonidan 2000 funt sterling, Shveysariya vizalari va Alp mehmonxonalaridan birida joylashgan xonalar bilan taʼminlangandi[2].

Surgun qilinishi va vafoti tahrir

 
Abdulmajidning soʻnggi surati

Yevropaga doimo iliq munosabatda boʻlgan xalifa Abdulmajid mehmonxonaga joylashgandan soʻng, u bilan suhbatlashishga ishtiyoqmand koʻplab jurnalistlar suhbatga kela boshladilar. Sobiq xalifaga musulmon dunyosidan koʻplab telegrammalar kelib, ularda unga hamdardlik bildirilar va Turkiyadagi soʻnggi yangiliklar yetkazilardi. Abdulmajid barcha telegrammalarga javob berishga harakat qildi. Hatto 1924-yil 11-mart kuni qabul qilingan Turkiya Buyuk Millat Majlisining qarorini asossiz va buzuq deb hisoblagan holda rasmiy bayonot bilan chiqdi. Butun islom olami uni qoʻllab-quvvatlashini va undan yordam kutishini aytdi. Bu bayonot Turkiya hukumati bayonotini mahalliy hukumat vakili tomonidan sobiq xalifaga yetkazganidan bir necha kun oʻtib eʼlon qilindi. Shveysariyaning Turkiyadagi elchisi Abdulmajiddan oʻz bayonotlarida unga boshpana bergan mamlakatni tilga olmaslikni soʻradi[2].

Abdulmajid va oilasining Shveysariyadagi xarajatlari juda katta edi. Boshqa shaharga koʻchib oʻtish boʻyicha muzokara olib borish uchun Salih Kerametni Parijga yubordi. Londonga koʻchib oʻtish boʻyicha muzokaralar muvaffaqiyatli boʻldi. Londonda Haydarobod hokimi[ru] Asaf Jah VII samarali ittifoq tuzish umidida oʻzining advokati orqali Abdulmajidga oyiga 300 funt sterling miqdorida annuitet tayinladi. 1924-yil oktyabr oyida Abdulmajid va uning oilasi Fransiyaga koʻchdi va Nitsa shahridagi uyga joylashdi. Bu yerda Abdulmajidning nevarasi, Dürrüşehvar Sultanning qizi Malika Nilüferga[en] Haydarobod nizomining oʻgʻli bilan turmush qurish taklifi qilindi. 1931-yil 12-noyabrda tuzilgan nikoh Abdulmajidga oʻz moliyaviy ahvolini yaxshilashga imkon berdi. Bu vaqtga kelib, sobiq xalifa siyosatga qiziqishini yoʻqotib, oʻzining sevimli mashgʻulotlariga: rasm chizish va musiqa yaratishga shoʻngʻib ketgan[2].

Qizining toʻyidan keyin Abdulmajid Parijga koʻchib oʻtdi va u yerda umrining oxirigacha qoldi. 1944-yil 23-avgustda vafot etdi. Sobiq xalifaning vafot sanasi Ikkinchi jahon urushi davrida Parijning nemis istilosidan ozod etilishiga[ru] toʻgʻri keldi. Abdulmajid qolgan qarindoshlari bilan birga Istanbulda dafn etilishini soʻradi, biroq Salih Keramet Turkiya hukumati bilan kelishuvga erisha olmadi. Dürrüşehvar Sultan Respublika Prezidenti İsmet İnönü bilan shaxsan uchrashgan, ammo otasini oʻz vataniga olib borish va dafn etish masalasida kelisha olmagan. Dastlab, Abdulmajidning jasadi Parij masjidi yaqinidagi qabristonga dafn etilgan. Keyinchalik, 1954-yil 30-mart kuni Saudiya Arabistonining Madina shahridagi Baqi’ qabristoniga koʻchirilgan[2].

Sevimli mashgʻulotlari tahrir

Abdulmajid sanʼatning ishqibozi edi. Usmoniylar davlat rassomlar jamiyatining raisi boʻlgan va Usmoniylar sanʼati soʻnggi davrining eng mashhur rassomlaridan biri hisoblanadi. Abdulmajid tomonidan chizilgan rasmlarning aksariyati Istanbuldagi xususiy galereyalarda saqlanadi[2]. Uning Haremde Beethoven[tr], Haremde Goethe[tr] asarlari 1918-yilda Venada boʻlib oʻtgan Usmoniylar rassomlari koʻrgazmasida taqdim etilgan[13]. 1900-yilning boshida Abdulmajidning oʻnlab boshqa portretlari Parijda namoyish etilgan edi[2][5].

Xalifaning soʻnggi asarlaridan biri siyosiy tusdagi surat boʻlgan. Suratda tarix oʻqituvchisi tasvirlangan: uning oldidagi stolda Rumeli (hozirgi Bolqon) xaritasi; oʻqituvchi yuzini qoʻllari bilan yopib olgan, bu hududlarni yoʻqotganidan qaygʻudaligini ifodalagan. Suratdagi qizil sochli qiz va kraxmallangan yoqali, galstuk taqqan va kostyum kiygan bola koʻrsatgan. Bola xuddi Rumelini qaytarishga chaqirayotgandek xaritaga qaraydi. Suratning quyi qismiga Abdulmajid yozib qoʻygan: „sizga yomonlik qilganlarni unuting, lekin vataningizni haqorat qilganlarni kechirmang“[14].

Oilasi tahrir

Abdulmajidning xotinlari va bolalari[6]:

Manbalar tahrir

  1. Uning tugʻilgan kuni sifatida 29-may sanasini koʻrsatadigan manbalar mavjud.
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 Küçük 1988.
  3. Abdümecid II, 15th, Chicago, Illinois: Encyclopædia Britannica Inc., 2010 — 23 bet. ISBN 978-1-59339-837-8. 
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 Hoiberg 2010.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 Elsie 2013.
  6. 6,0 6,1 6,2 Alderson 1956.
  7. Somel 2010.
  8. 8,0 8,1 Brookes 2010.
  9. 9,0 9,1 Küçük 2006.
  10. 10,0 10,1 Küçük, Abdülaziz 1988.
  11. Franz Babinger, Mehmed the Conqueror and His Time, (Princeton University Press, 1978), 14.
  12. Peter F. Sugar, A History of East Central Europe:Southeastern Europe under Ottoman Rule, 1354-1804, Vol. 5, (University of Washington Press, 1996), 16.
  13. „Şehzade Abdülmecid Efendi“ (tr). Lebriz İnternet Hizmetleri Limited Şirketi. 2013-yil 28-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 8-avgust.
  14. The Ottoman caliphate. Straddling two worlds. Worldly, pluralist, hedonistic — and Muslim, too(ingl.) // The Economist. — 2015. — 16 December. Архивировано 8 avgust 2017 года.
  15. 15,0 15,1 15,2 15,3 Açba 2007.
  16. 16,0 16,1 Sakaoğlu 2015.
  17. „Fenerbahçe SK Başkanlar Listesi“.
  18. Necdet Sakaoğlu. Bu mülkün kadın sultanları: Vâlide sultanlar, hâtunlar, hasekiler, kadınefendiler, sultanefendiler. — Oğlak Yayıncılık, 2015. — С. 713. — ISBN 978-9-753-29623-6

Adabiyotlar tahrir

Havolalar tahrir