ABU YUSUF, to‘liq ismi Yoqub ibn Ibrohim al-Kufiy al-Ansoriy (731-798 yoki 804) - faqih, islomdagi dastlabki qozi ul-quzzot. Kufada, kambag‘al oilada tavallud topgan. 13 yoshida Kufa qozisi mashhur faqih Ibn Abi Laylodan fiqhdan saboq olgan, oradan 9 y. o‘tgach, Abu Hanifaga. shogirdlikka o‘tib, 15 y.ga yaqin uning shogirdi va eng yaqin yordamchisi bo‘lgan. Boshqa shogirdlar, ayniqsa Zufar al-Huzayl bilan birgalikda A.Yu. fiqh nazariyasini ishlab chiqishda qatnashgan. Abu Hanifa vafotidan so‘ng Iroqdagi ulamolar davrasida ustozi o‘rnini egallab, uning ishini davom ettirgan. Xalifa al-Mahdiy (775-785) A.Yu.ni ag‘dod qozisi etib tayinlagan, xalifa Horun ar-Rashid (786-809) esa, unga qozi ul-quzzot mansabini berib, butun xalifalikdagi barcha qozilarni tayinlash va qozilar qarori yuzasidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish huquqini bergan. Bunday yuksak martaba A.Yu.ga Abu Hanifaning nazariy qarashlarini amaliyotda keng qo‘llash imkonini bergan, bu esa, hanafiylik mazhabining tarqalishi va mustahkamlanishiga xizmat qilgan. A.Yu. "Kitob al-xiroj" ("Soliq haqida kitob") asarining muallifi bo‘lib, u Horun ar-Rashidning soliq, yer va suvdan foydalanish, davlat boshqaruviga oid savollariga berilgan batafsil javoblaridan iborat. A.Yu.ning shogirdlaridan Muhammad ash-Shayboniy uning maslahat va ma’lumotlaridan keng foydalanib, Abu Hanifa ma’naviy merosini to‘plagan va bir tizimga solgan. Boshqa bir shogirdi esa Ahmad ibn Hanbal bo‘lgan. A.Yu.ning qarashlari Muhammad ash-Shofi’iyga katta ta’sir ko‘rsatgan. ABU QATODA, to‘liq ismi Abu Qatoda al-Haris ibn Rab’iy al-Ansoriy as-Sulamiy (taxm. 604-674) - ansori kiromdan va paygambar (sav)ning suvoriylaridan biri. Rasuli Akramdan 170 hadis rivoyat etgan. Bulardan 21 tasida Buxoriy va Muslim hamfikrdirlar. Faqat Buxoriyda 2, Muslimda 8 hadisi bor. Qolgani boshqa kitoblardadir. Madinai munavvara yoki Kufada vafot etgan.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar tahrir

«O’zbekiston milliy entsiklopediyasi»

Davlat ilmiy nashriyoti, 2004