Afandi — turkiy xalqlar ogʻzaki ijodidagi obraz. Ismi Xoʻja Nasriddin (Afandi laqabi). U oʻzbeklarda Afandi (Nasriddin afandi), turklarda Xoja Nasriddin, qozoqlarda Xoʻja Nosir, ozarbayjonlarda Mulla Nasriddindir. Afandi barcha latifalarda mard, toʻgʻri soʻz, haqiqatgoʻy, adolatni ulugʻlovchi, kambagʻal, beva-bechoralarning homiysi, shuningdek shaxs va jamiyat kamchiliklari ustidan kuluvchi xalq qahramoni sifatida gavdalangan. U baʼzi adolatsiz amaldorlar, qozilarning, soʻzi bilan ishi mos kelmaydigan ruhoniylarning kirdikorlarini fosh etgan, ularga boʻlgan munosabatini yengil mutoyiba yoki achchiq hajv orqali ixcham va obrazli tarzda ifodalagan. Afandi haqidagi xalq ijodi boʻlmish latifalar toʻplam holida bir necha bor nashr etilgan. Afandi yozuvchi va sanʼatkorlar ijodidan munosib oʻrin olgan: „Nasriddinning yoshligi“ dramasi, „Nasriddin Xoʻjandda“, „Nasriddin Buxoroda“, „Xoʻja Nasriddin sarguzashtlari“, „Xoʻja Nasriddinning oʻn ikki qabri“, „Afandining besh xotini“ filmlari, „Xoʻja Nasriddin“ operettasi, „Nasriddin afandi“ musiqali komediyasi, shuningdek tasviriy sanʼat, haykaltaroshlik asarlari yaratilgan.


Adabiyotlar tahrir

  • Yoʻldosheva F., Oʻzbek xalq latifalarida Nasriddin afandi obrazi, T., 1979.